Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining investitsion faoliyati, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi hamda ularning statistik tadqiqi, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari, markazlashgan va markazlashmagan investitsiyalar bo‘linishi, moliyalashtirish manbalari bo‘yicha tumanlar kesimida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar, asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning texnologik tarkibi, o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlar, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va kreditlar, Navoiy viloyatining investitsion siyosati va uning o‘ziga xos xususiyatlari yoritib berilgan. Navoiy viloyati investitsiya bozorining samarali faoliyati turli subyektlar, investorlar, pudratchilar, buyurtmachilar, loyihalash va tadqiqot tashkilotlarining investitsiya maqsadlari, investitsiya talabi va taklifi, davlat siyosati nuqtai nazardan doimiy va tizimli baholanishi kerak. Shu nuqtai nazardan, investitsiya bozorining mohiyati va faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, milliy investitsion jarayonlar sharoitida hududning investitsiya siyosati yo‘nalishi bo‘yicha samarali boshqaruv echimlarini ishlab chiqish zarurati muammolarini chuqurroq ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Ushbu maqolada tijorat banklarida yashil moliya mahsulotlarini rivojlantirish va innovatsion mahsulotlar yaratish istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar, ESG investitsiyalari va yashil obligatsiyalar banklar faoliyatida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Shuningdek, banklarda ekologik risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik, yosh xodimlar va innovatsion g‘oyalarni jalb qilish ham muhim strategik yo‘nalishlar sifatida aniqlangan.
Mazkur maqolada tijorat banklarida muammoli kreditlarning yuzaga kelish omillari hamda ularning bank aktivlari sifatiga ta’siri yoritilgan. Tadqiqot davomida muammoli kreditlarning shakllanishiga olib keluvchi mikro va makro omillar tizimli ravishda tahlil qilindi. Shuningdek, muammoli kreditlarni samarali boshqarish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan strategiyalar ko‘rib chiqildi. Maqolada ta’kidlanishicha, muammoli kreditlarning o‘sishi banklarning moliyaviy barqarorligi va rentabelligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ularni boshqarishda maxsus bo‘linmalar faoliyati, qarz oluvchilar moliyaviy holatini baholash va qayta restrukturizatsiya kabi usullar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur maqolada bugungi kunda yuzaga kelayotgan global iqlim oʻzgarishi natijasida yashil iqtisodiyotga oʻtish qanchalik muhim ekanligi keltirib oʻtilgan. Shuningdek, ekologik va ijtimoiy muammolar sababli yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor vazifalari hamda yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda banklarning rolini oshirish masallari va banklarda ekologik va ijtimoiy risklar va ularni baholash, yashil kreditlar, yashil obligatsiyalarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keltirilgan.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Mazkur maqolada Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun investitsiyalar, kredit va moliyaviy resurslarni jalb etish holati tahlil qilinadi. Xususan, moliyalashtirishdagi asosiy muammolar, garov taʼminoti, infratuzilma yetishmovchiligi va huquqiy toʻsiqlar koʻrib chiqiladi. Shuningdek, ekologik jihatlar, barqaror turizm, yashil texnologiyalar va ekoturizm imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Deskriptiv, komparativ, ekologik va SWOT tahlillar asosida asosiy muammolar, imkoniyatlar hamda barqaror turizm rivoji uchun strategik takliflar ishlab chiqilgan.
Tijorat banklarning investitsion kreditlari iqtisodiyotning asosiy tarmogʻi hisoblangan sanoat korxonalarini uzoq muddatli moliyaviy resurslar bilan taʼminlashning eng muhim manbai boʻlib, iqtisodiyotni progressiv va innovatsion rivojlantirishning zarur sharti hisoblanadi. Ushbu maqolada banklarning kreditlash faoliyati davomida investitsiya loyihalarini samarali kreditlashni amaliyotga joriy etish taklif etilgan. shuningdek, banklar investitsion siyosatiga taʼsir etuvchi omillarni tadqiq etish asosida tegishli ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Milliy iqtisodiyot har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda asosiy omil hisoblanadi. Ushbu maqolada investitsiya va innovatsiyaning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli haqida ma’lumotlar berilgan.
Mazkur maqola Oʻzbekiston bank sektorining moliyaviy tahliliga bagʻishlanib, bank sektorning joriy holati, muammolari va kamchiliklarini oʻrganilgan. Oʻzbekistondagi banklar faoliyatining iqtisodiy samaradorligi davlat va xususiy banklar misolida koʻrib chiqilgan. Tadqiqotda yirik davlat banklarining bozordagi hukmron mavqeyi, aktivlar va majburiyatlar ulushi hamda rentabellik koʻrsatkichlari oʻrganilib, sektor rivojlanishidagi asosiy muammolar va kamchiliklar tahlil qilingan.
Ushbu tadqiqot bank aktivlari va passivlari o'rtasidagi munosabatlarning bank rentabelligiga ta'sirini o'rganadi, moliyaviy natijalarda aktiv-passivlarni samarali boshqarishning muhim rolini ko'rsatadi. Banklar, birinchi navbatda, kreditlar va investitsiyalar kabi aktivlar bo'yicha olingan foizlar hisobidan daromad oladilar, passivlar bo’yicha foizli xarajatlar, shu jumladan depozitlar va qarzlar bo’yicha to’lanadigan foizlar esa ushbu daromad keltiruvchi aktivlarning moliyalashtirish manbalari tannarxini ifodalaydi. Ushbu ikki element o'rtasidagi muvozanat sof foizli daromadni (NII-Net interest income) va sof foizli marjani (NIM-Net interest margin) aniqlaydi, bu ikkalasi ham rentabellikning asosiy ko'rsatkichlari. Foiz stavkalari spredlari, aktivlar sifati, muddatlarning mos kelmasligi va likvidlikni boshqarish kabi omillar bankning rentabelligiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Yaxshi boshqariladigan aktiv-passiv aralashmasi daromad barqarorligini oshiradi va foiz stavkalarining o'zgarishi va likvidlik cheklovlari bilan bog'liq risklarni kamaytiradi. Aksincha, noto'g'ri boshqaruv marjaning qisqarishiga, xavfning oshishiga va potentsial moliyaviy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Aktivlar va passivlar o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni tushunish va optimallashtirish banklar uchun maksimal rentabellikni oshirish, risklarni boshqarish va raqobatbardosh va tartibga solinadigan muhitda uzoq muddatli o'sishni ta'minlash uchun juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan, men ushbu maqolamda bank daromadligini oshirishda sof foizli marjaning ahamiyati, hamda O’zbekiston Respublikasi bank tizimi faoliyatida bank ativlari va passivlari boshqarilishi holati va bank tizimi samaradorligiga ta’sirini ochib berishga harakat qildim.
Ushbu maqola turizm infratuzilmasini innovatsion rivojlantirishda asosiy manbalar tahliliga bag‘ishlangan. Turizm infratuzilmasi mamlakatlar iqtisodiyoti va xalqaro imidjini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Maqolada raqamli platformalar va mobil ilovalar, IoT (Internet of Things) texnologiyalari, moliyaviy manbalar, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimlari, hamda tashkiliy manbalar kabi turizm infratuzilmasining innovatsion rivojlantirishdagi asosiy omillar ko‘rib chiqiladi.
Maqolada ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishning xorij tajribasi va uni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari tadqiq qilingan. Shu bilan birga bu jarayondagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari, ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada sanoat korxonalarining innovatsion va investitsiya loyihalari samaradorligini baholashda moliyaviy ko'rsatkichlarning ahamiyati ko‘rib chiqiladi. Ta’kidlanishicha, sanoat korxonalarining o‘sishi va bozorga qo‘shgan hissasi ularning rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari bo'lmasligi kerak. Shuningdek, maqolada AQSh kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida, innovatsiyalarning korxonalarning iqtisodiy va texnologik rivojlanishi uchun ahamiyati yoritilgan. Sanoat sektorini innovatsion rivojlantirishda universitetlarning roli, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish va ilg‘or texnologiyalarni ta’minlashning ahamiyati ta’kidlangan. Zamonaviy ishlab chiqarish fondlarining ahamiyati va korxonalarni rivojlantirish uchun kreditlar ajratish kabi moliyaviy resurslarga bo'lgan ehtiyoj haqida ham ma’lumot berilgan. Yana bir muhim jihat-sanoat korxonalari ishchilari, mutaxassislari va rahbarlarini tayyorlash, shu jumladan, innovatsion loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish, soliq imtiyozlari, fan va sanoat hamkorligi masalalariga ham to‘xtab o‘tilgan. Shuningdek, kichik biznes innovatsiyalarini qo'llab-quvvatlash va innovatsion infratuzilmani yaratish haqida so‘z yuritiladi.