Ushbu maqolada Oʻzbekiston iqtisodiyotida axborotlashtirish sohasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi va ularning iqtisodiy tizimga integratsiyasi, mamlakatning iqtisodiy oʻsishi, samaradorlikning oshishi va raqobatbardoshlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Axborotlashtirish, ayniqsa, davlat boshqaruvi, biznes va taʼlim sohalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy jarayonlarni yanada soddalashtirish va tezlashtirish imkonini yaratadi. Xususan, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, onlayn xizmatlar, hamda maʼlumotlar bazalari va sunʼiy intellekt texnologiyalarining qoʻllanilishi orqali resurslarni samarali boshqarish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish jarayonlarini optimallashtirishga erishilmoqda. Shuningdek, axborotlashtirishning rivojlanishi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Mazkur maqolada axborot texnologiyalarining iqtisodiyotga integratsiyalashuvi, raqamli transformatsiya jarayonlari va ular bilan bogʻliq iqtisodiy natijalarni oʻrganishni taqozo etadi. U, shuningdek, Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyotga oʻtish jarayonida yuzaga kelayotgan imkoniyatlar va muammolarni tahlil etadi.
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasida byudjet tashkilotlari uchun davlat xaridlarini elektron doʻkonlar orqali boshqarishning samaradorligini va iqtisodiy afzalliklarini oʻrganishga qaratilgan. Oʻzbekistonda davlat xaridlari jarayonlarini elektronlashtirishning asosiy maqsadlari – korrupsiyani kamaytirish, byudjet mablagʻlaridan tejamkor foydalanish va xarid jarayonining shaffofligini taʼminlashdir. 2021-yil 22-aprelda OʻRQ-684-sonli qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun hamda 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-sonli “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror orqali davlat xaridlarini elektron doʻkonlar yordamida amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi va iqtisodiy samaradorlikka erishish yoʻlida katta qadamlar qoʻyildi. Davlat xaridlarida elektron doʻkonlarning qoʻllanishi Oʻzbekiston iqtisodiyotida qanday oʻzgarishlarga olib kelgani haqida batafsil tahlil keltiriladi. Bu jarayonda Indoneziya, Qozogʻiston va Estoniya kabi mamlakatlarning tajribalari, shuningdek, ularning elektron xarid tizimlarining Oʻzbekistondagi davlat xaridlarida qoʻllanilishi oʻrganiladi. Ushbu tadqiqot 2022-2024-yillar davomida elektron doʻkonlar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalari asosida olib borilgan boʻlib, davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish va tejash imkoniyatlari bilan bogʻliq muhim maʼlumotlarni ochib beradi.
Mazkur tadqiqot O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining rivojlanish jarayonlari, mavjud institutsional muhit hamda ushbu faoliyatni kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda ayollar tadbirkorligining iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni, ularning mehnat bozoridagi faolligi hamda moliyaviy va institutsional resurslardan foydalanish imkoniyatlari chuqur o‘rganilgan. Xususan, xalqaro tashkilotlar, jumladan Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan “Ayollar, biznes va huquq” indeksi hamda milliy statistik ma’lumotlar asosida mamlakatda ayollar uchun yaratilgan iqtisodiy va huquqiy sharoitlar tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada globalizatsiya jarayonlarining jahon iqtisodiyotiga taʼsiri va mintaqaviy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik keltirilgan. Jahon bozorida iqtisodiy aloqalarning jadallashuvi, savdo va investitsiyalar oqimining kengayishi mintaqalar oldiga yangi imkoniyatlar bilan birga jiddiy raqobat muhitini ham yuzaga keltirmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyati tahlili, olib borilayotgan keng ishlar koʻlami, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligi omillari bogʻligi va globallashuvning mintaqaviy raqobatbardoshlikka taʼsiri yoritib berilgan.
O‘zbekistonda hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks mutanosib rivojlanishi, resurslardan foydalanish samaradorligi, iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy salohiyatini baholashning yagona tizimini joriy etish, hududlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar va imkoniyatlar bilan ta’minlash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini yanada oshirish, mahalliy budjetga tushumlar to‘liqligini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish borasidagi ilmiy-tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Mazkur maqolada hududlarni barqaror rivojlantirish masalalari ham nazariy va ham amaliy jihatdan yoritib berilgan.
Globallashuv mehnat bozorlari va migratsiya jarayonlariga qanday taʼsir qiladi? Ushbu tadqiqotda globallashuvning mehnat imkoniyatlari, ish haqi va ishchi kuchi harakatchanligiga taʼsiri oʻrganilgan. Malakali mutaxassislar jahon bozorida qulay imkoniyatlarga ega boʻlishsa-da, past malakali ishchilar koʻproq iqtisodiy noaniqlikka duch kelishadi. Shuningdek, tadqiqotda qaytib kelgan muhojirlarning muammolari, jumladan, malakalarning nomuvofiqligi va mehnat bozoriga integratsiyalashuvdagi qiyinchiliklar tahlil qilinadi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, globallashuv barcha uchun teng imkoniyatlar va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan siyosiy choralarni talab qiladi.
Mazkur maqola axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) xizmatlaridan foydalanishning o‘sishini, uning iqtisodiyotning turli sohalariga ta’sirini va keltirib chiqaradigan yangi imkoniyatlar va muammolarni tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda AKT xizmatlaridan foydalanishning samaradorligi va iqtisodiy o‘sishga ta’siri, shuningdek, iqtisodiy tengsizlik va kiberxavfsizlik kabi muhim jihatlar ko‘rib chiqiladi.
Mazkur ilmiy maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning dolzarbligi, mavjud imkoniyatlar, muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar keng yoritilgan. Xususan, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, soddalashtirilgan soliq tizimi, investorlarga berilayotgan huquqiy kafolatlar va preferensiyalar tahlil qilinadi. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida O‘zbekistonga investitsiyalarni yanada ko‘proq jalb etish yo‘llari, xususan davlat-xususiy sheriklik (DXX) mexanizmlari, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot va yashil energetika sohalaridagi imkoniyatlar o‘rganilgan. Maqolada xorijiy investorlar uchun qulay investitsion muhit yaratish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va ishonchli huquqiy tizimni shakllantirish bo‘yicha samarali takliflar ilgari surilgan.
Maqolada Efiopiya mamlakatida asalarichilik, bu sohadagi mavjud imkoniyatlar, asalarichilik mahsulotlari, bozor aloqalari va asalarichilik muammolari ko‘rib chiqilgan. Efiopiyada asalarichilik amaliyoti, marketing tizimi, asalarichilik eksporti, imkoniyatlar va cheklovlar mavjudligi o‘rganilgan. O‘rganilgan ma’lumotlar asosida muallifning qarashlari bayon etilgan.
Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Mazkur ilmiy maqolada energetika tarmog‘ida “yashil energetika”dan foydalanish imkoniyatlari SWOT tahlil usuli asosida kompleks baholangan. Tadqiqotda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining iqtisodiy, ekologik va institutsional jihatlari tahlil qilinib, sohaning kuchli va zaif tomonlari, tashqi imkoniyatlar hamda ehtimoliy tahdidlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari yashil energetikaning energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda ziyorat turizmi infratuzilmasini rivojlantirish jarayonida xususiy investitsiyalarning tutgan o‘rni, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda so‘nggi yillardagi islohotlar ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida statistik tahlil, komparativ (xalqaro) taqqoslash, SWOT tahlili va kontent tahlili kabi metodlar qo‘llanib, ziyorat turizmi infratuzilmasi rivojining hozirgi tendensiyalari va investitsion salohiyat baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, xususiy sektor ishtiroki sohani modernizatsiya qilishda, xizmatlar sifatini oshirishda va turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib bormoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining kengayishi, raqamlashtirish, klaster yondashuvi va xalqaro hamkorlikning kuchayishi ziyorat turizmining istiqbolli rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish masalalari tahlil qilingan. Ichki turizm mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, aholi turmush darajasini yaxshilash, madaniy merosni asrash va targ‘ib qilishda muhim vosita sifatida qaraladi. Maqolada ichki turizmning hozirgi holati, uning qishloq turizmi, tarixiy shaharlarga sayohat va tabiiy dam olish maskanlari kabi yo‘nalishlardagi imkoniyatlari atroflicha o‘rganiladi.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasini moliyalashtirish bo‘yicha muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, hamda bu o‘z o‘rnida iqtisodiy siyosatlarning o‘zgarishi va ta’lim xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishi bilan o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ushbu tadqiqotda dunyodagi oliy ta’lim muassasalarida (OTM) moliyaviy rejalashtirishning evolyutsiyasini o‘rganib, davlat va xususiy mablag‘ manbalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga e'tibor qaratadi. Izlanishimizda davlat va xususiy sektor hissasi o‘rtasidagi turli moliyalashtirish modellarini qo‘llash amaliyoti ko‘rib chiqilgan. AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya misollaridan olingan solishtiruv tadqiqotlari ta’limga yaratilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar, sifat va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida qabul qilingan turli xil strategiyalar taqdim etilgan. Tadqiqot OTMlarga moliyaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tish va uzoq muddatli o‘sishga erishish uchun strategik moliyaviy rejalashtirish, daromad manbalarini diversifikatsiyalash va institutsional mustaqillikni ta’minlash zarurligini ta’kidlaydigan asosiy xulosalar bilan yakunlanadi.
Maqola O‘zbekistonda shahar aglomeratsiyalarining rivojlanishini tahlil qilish va ushbu jarayonning mintaqaviy xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Asosiy e’tibor urbanizatsiyaning mintaqalarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ta'siri, shuningdek, shahar aglomeratsiyalarining shakllanishi va faoliyati davomida yuzaga keladigan imkoniyatlar va qiyinchiliklarga qaratilgan.