Ushbu maqolada global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ko‘rsatadigan ta’siri xalqaro ilmiy tadqiqotlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda haroratning ko‘tarilishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi, suv resurslarining tanqisligi kabi omillar hosildorlikka qanday ta’sir qilayotgani o‘rganiladi. Xususan, g‘alla, paxta, makkajo‘xori kabi asosiy ekinlar misolida issiqlik va namlik balansining o‘zgarishi ularning o‘sish fazalariga va hosildorlik darajasiga bevosita ta’sir qilishi isbotlangan. Turli davlatlarda olib borilgan panel regressiya, ARIMA, va GARCH modellariga asoslangan tadqiqotlar iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga sezilarli salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Maqolada, ushbu xulosalar asosida O‘zbekiston sharoitida tadqiqot olib borish zarurligi asoslanadi.
Mazkur maqola ekologik innovatsiyalarni moliyalashtirishda soliq instrumentlarining rag‘batlantiruvchi va resurs safarbar qiluvchi salohiyatini tahlil qiladi. Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi sharoitida “yashil” texnologiyalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish katta miqdordagi barqaror moliyaviy manbalarni talab etadi. Tadqiqotning maqsadi ekologik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda soliq mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar mazmunini umumlashtirish, hamda O‘zbekiston sharoitida ustuvor yo‘nalishlar uchun amaliy takliflarni asoslashdan iborat. Ishda adabiyotlar sharhi bilan bir qatorda 2021-2024 yillar kesimidagi ko‘rsatkichlar asosida deskriptiv tahlil o‘tkazilib, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi hududlar kesimida solishtirildi, shuningdek quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi dinamikasi baholandi. Natijalar emissiyalar darajasi yillar bo‘yicha o‘zgaruvchanligini va ayrim hududlarda yuqori konsentratsiyani ko‘rsatadi; qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishida esa 2024 yilda keskin o‘sish qayd etiladi. Ushbu kuzatuvlar ekologik innovatsiyalarni rag‘batlantirishda soliq siyosati dizaynini hududiy va tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda takomillashtirish zarurligini asoslashga xizmat qiladi.