Mazkur maqolada aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi institutsional va iqtisodiy nuqtayi nazardan tadqiq etiladi. Tadqiqot davomida aloqa xizmatlari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi boshqaruv mexanizmlari, tartibga solish instrumentlari hamda xizmatlar samaradorligini belgilovchi omillar nazariy jihatdan asoslab berildi. Empirik tahlil doirasida rasmiy statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar qamrovi, foydalanish intensivligi va hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganildi. Olingan natijalar aloqa xizmatlari tizimining barqaror rivojlanishi samarali institutsional muhit bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatdi. Maqolada sohani boshqarishda davlat tartibga solish siyosati, investitsiya muvozanati va raqobat sharoitlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan institutsional takomillashtirish modeli taklif etildi. Tadqiqot yakunlari aloqa xizmatlari tizimini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy qarorlar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu maqola mintaqalar iqtisodiy rivojlanishidagi tafovutlarni baholashdagi zamonaviy yondashuvlarni ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish bo‘limida global iqtisodiyotdagi mintaqaviy tafovutlarning muhimligi, raqamlashtirish, barqarorlik va chidamlilik tendensiyalari ta’kidlangan. Adabiyotlar sharhida so‘nggi yillar ichidagi nufuzli xalqaro jurnallardagi 15 tadan ortiq maqolaga asoslanib, fazoviy modellashtirish, raqamli tahlil, chidamlilik va institutsional omillar guruhlari muhokama qilingan. Metodologiya mixed-methods dizayniga asoslangan bo‘lib, adabiyotlar sintezi va sistematik tahlilni o‘z ichiga oladi. Tahlil natijalari fazoviy avtokorrelatsiya, ekologik sezgirlik va institutsional indikatorlar orqali tafovutlarning dinamikasini ochib beradi, rivojlanayotgan mamlakatlarda divergensiya jarayonlarini ko‘rsatadi. Xulosada yondashuvlarning afzalliklari va cheklovlari baholanib, joyga asoslangan siyosatlar, yashil investitsiyalar va raqamli integratsiya tavsiya etilgan. Natijalar mintaqaviy tafovutlarni kamaytirishda ilmiy va amaliy qiymatga ega.
Ushbu maqolada mamlakatimizda mintaqaviy infratuzilmani innovatsion rivojlantirishning hozirgi holati va dolzarb muammolari tahlil qilinadi. Infratuzilmaning modernizatsiyasi va innovatsion yechimlarni joriy etish jarayoni hududlarning iqtisodiy barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu boisdan, tadqiqotda mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga ta’sir etuvchi asosiy omillar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda moliyalashtirish yetishmovchiligi, eskirgan texnologiyalar, institutsional muammolar va hududiy nomutanosibliklar asosiy to‘siqlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, maqolada ilg‘or xorijiy tajriba tahlil qilinib, innovatsion infratuzilmani shakllantirishning samarali strategiyalari ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur maqolada mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, uning barqaror innovatsion taraqqiyotga ta’siri yoritiladi. Tadqiqot natijalari hududiy siyosatni shakllantirish va infratuzilmani rejalashtirish jarayonlarida amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Maqolada investitsion muhit tushunchasining mazmun-mohiyati, tarkibiy elementlari hamda unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar, investitsion muhit jozibadorligini ta’minlashning obyektiv zarurligi ilmiy asosda yoritib beriladi. Investitsion jozibadorlikni oshirishda makroiqtisodiy muvozanat va institutsional islohotlarni amalga oshirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun qulay biznes muhiti yaratishning iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlarini ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlanadi. Investitsion muhitni baholash mezonlari hamda xalqaro reyting va indekslarning mamlakat imijiga ta’siri tahlil etiladi. Shu bilan birga, investitsion muhit jozibadorligini oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdagi roli ilmiy xulosalar asosida tahlil qilinadi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston moliya bozorining hozirgi holati va uning rivojlanishida yuzaga kelayotgan asosiy institutsional muammolar tahlil qilindi. Xususan, investor ishonchining pastligi, kapital qiymatining nisbatan yuqoriligi, korporativ boshqaruv sifati va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarining yetishmasligi kabi omillar ilmiy jihatdan ko‘rib chiqildi. Ushbu muammolarni bartaraf etishda ESG (Environmental, Social, Governance) tamoyillarini moliya tizimiga integratsiya qilishning iqtisodiy asoslari va mexanizmlari yoritiladi. Xalqaro empirik tadqiqotlar natijalari asosida ESG omillarining risklarni kamaytirish, axborot shaffofligini oshirish hamda kapitalga kirish imkoniyatlarini yaxshilashga ta’siri umumlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida ESG tamoyillarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari va institutsional mexanizmlari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola O’zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishning nazariy va amaliy asoslarini tahlil qiladi. Jahon miqyosidagi islohotlar, O‘zbekistonning ichki muammolari va ularni hal etish yuzasidan davlat siyosati tahlil qilinadi. Inson kapitaliga ta’sir etuvchi omillar ta’lim, salomatlik, mehnat bozori, innovatsiya va institutsional rivojlanish bo‘yicha guruhlarga ajratilib, iqtiboslar bilan yoritiladi. Metodologiyada Inson Kapitali Indeksi (IKI) va Inson Taraqqiyoti Indeksi (ITI)ni hisoblash usullari, xalqaro va milliy ma’lumotlar bazalari tasvirlanadi. Natija va tahlil qismida O‘zbekistonning IKI va ITI ko‘rsatkichlari xorijiy davlatlar bilan solishtiriladi. Muhokama bo‘limida xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish yo‘llari beriladi.