Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Миллий молия бозорининг барқарор ривожланиши корпоратив капитал шаклланишининг замонавий механизмлари ва қимматли қоғозлар бозорининг самарадорлиги билан узвий боғлиқдир. Ушбу тадқиқотда корпоратив молиянинг молиявий инструментлари билан капитал бозори инфратузилмаси ўртасидаги интеграция жараёнлари атрофлича таҳлил қилиниб, қимматли қоғозлар бозорининг инвестиция жараёнларига таъсири илмий асосда ёритилди. Тадқиқот жараёнида тизимли таҳлил, қиёсий иқтисодий таҳлил, иқтисодий-статистик усуллар ва норматив-ҳуқуқий база таҳлилидан фойдаланилди. Натижалар корпоратив молия билан қимматли қоғозлар бозори ўртасидаги ўзаро ҳамкорлик капитал қийматини оптималлаштириши, корхоналарнинг инвестициявий имкониятларини кенгайтириши ҳамда миллий иқтисодиёт барқарор ўсишига хизмат қилиши мумкинлигини кўрсатди. Бундай чоралар молиявий тизимнинг шаффофлиги ва рақобатбардошлигини таъминлаб, уни жаҳон стандартларига мос ҳолда такомиллаштиришга хизмат қилади.
Ushbu maqolada mamlakatimizda mintaqaviy infratuzilmani innovatsion rivojlantirishning hozirgi holati va dolzarb muammolari tahlil qilinadi. Infratuzilmaning modernizatsiyasi va innovatsion yechimlarni joriy etish jarayoni hududlarning iqtisodiy barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu boisdan, tadqiqotda mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga ta’sir etuvchi asosiy omillar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda moliyalashtirish yetishmovchiligi, eskirgan texnologiyalar, institutsional muammolar va hududiy nomutanosibliklar asosiy to‘siqlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, maqolada ilg‘or xorijiy tajriba tahlil qilinib, innovatsion infratuzilmani shakllantirishning samarali strategiyalari ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur maqolada mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, uning barqaror innovatsion taraqqiyotga ta’siri yoritiladi. Tadqiqot natijalari hududiy siyosatni shakllantirish va infratuzilmani rejalashtirish jarayonlarida amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Iqtisodiy xavfsizlik, «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish bilan bog‘liq global o‘zgarishlar sharoitida barqaror rivojlanishning asosiy elementi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida tabiiy resurslarni boshqarishni optimallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zaruratidan kelib chiqib, bu jarayon strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Maqolada «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy muammolari va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Taqdim etilgan chora-tadbirlar barqaror o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish, ekologik yukni kamaytirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni keng qamrovli tahlil qilinadi. Raqamli transformatsiyaning institutsional asoslari, AKT infratuzilmasining rivojlanishi, davlat boshqaruvi va xususiy sektorning raqamlashtirilishi, innovatsion texnologiyalarning sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligiga joriy etilishi yoritilgan. Raqamlashtirish jarayonidagi muammolar, xususan raqamli savodxonlik, kiberxavfsizlik va kadrlar salohiyati bilan bog‘liq masalalar alohida ko‘rib chiqiladi. Tahlil natijalariga asoslanib, raqamli iqtisodiyotning yanada rivojlanish istiqbollari hamda uning iqtisodiy o‘sish va mamlakat raqobatbardoshligini oshirishdagi ahamiyati belgilab beriladi