Ushbu tadqiqot bank aktivlari va passivlari o'rtasidagi munosabatlarning bank rentabelligiga ta'sirini o'rganadi, moliyaviy natijalarda aktiv-passivlarni samarali boshqarishning muhim rolini ko'rsatadi. Banklar, birinchi navbatda, kreditlar va investitsiyalar kabi aktivlar bo'yicha olingan foizlar hisobidan daromad oladilar, passivlar bo’yicha foizli xarajatlar, shu jumladan depozitlar va qarzlar bo’yicha to’lanadigan foizlar esa ushbu daromad keltiruvchi aktivlarning moliyalashtirish manbalari tannarxini ifodalaydi. Ushbu ikki element o'rtasidagi muvozanat sof foizli daromadni (NII-Net interest income) va sof foizli marjani (NIM-Net interest margin) aniqlaydi, bu ikkalasi ham rentabellikning asosiy ko'rsatkichlari. Foiz stavkalari spredlari, aktivlar sifati, muddatlarning mos kelmasligi va likvidlikni boshqarish kabi omillar bankning rentabelligiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Yaxshi boshqariladigan aktiv-passiv aralashmasi daromad barqarorligini oshiradi va foiz stavkalarining o'zgarishi va likvidlik cheklovlari bilan bog'liq risklarni kamaytiradi. Aksincha, noto'g'ri boshqaruv marjaning qisqarishiga, xavfning oshishiga va potentsial moliyaviy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Aktivlar va passivlar o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni tushunish va optimallashtirish banklar uchun maksimal rentabellikni oshirish, risklarni boshqarish va raqobatbardosh va tartibga solinadigan muhitda uzoq muddatli o'sishni ta'minlash uchun juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan, men ushbu maqolamda bank daromadligini oshirishda sof foizli marjaning ahamiyati, hamda O’zbekiston Respublikasi bank tizimi faoliyatida bank ativlari va passivlari boshqarilishi holati va bank tizimi samaradorligiga ta’sirini ochib berishga harakat qildim.
Ushbu maqolada banklararo raqobat va uning mamlakat bank tizimi barqarorligini ta’minlashdagi roli ko‘rib o‘tilgan. Shuningdek, mamlakatimizda banklararo raqobatning joriy holati va unga xos bo‘lgan tendensiiyalar, bank tizimi barqarorligi va unga ta’sir qiluvchi omillar tahlil qilingan va xulosalar berilgan.
Maqolada islomiy bank tizimining real iqtisodiyot sektoriga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Shariat tamoyillariga asoslangan islomiy moliyaviy institutlar risklarni adolatli taqsimlash, bitimlarning shaffofligini ta’minlash hamda haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi bilan ajralib turadi. Nazariy asoslar va islomiy moliya tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi tahlili asosida islomiy bank tizimi nafaqat ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishga, balki moliyaviy sektor barqarorligini oshirishga ham xizmat qilishi aniqlangan. Alohida e’tibor O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish istiqbollariga qaratilib, bu kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash omili sifatida ko‘rib chiqiladi
Ushbu maqolada tijorat banklarda FinTech strategiyalari rivojlanishining asosiy yo’nalishlari O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar misolida keltirilgan. FinTech strategiyalarining asosiy yo’nalishlaridan raqamli to'lov tizimlari, sun’iy intellekt (AI) va ma'lumotlarni tahlil qilish, blokcheyn, bank mobil ilovalar, raqamli banklar va FinTech startaplar keltirilgan. Shuningdek, ularning qo’llanilishi natijasida banklarda bo’lgan o’zgarishlar O’zbekiston Respublikasi Markaziy bank ma’lumotlariga asoslangan holda tahlil qilingan. Bunda banklarda 2001 yildan 2024 yil 1 avgust holatigacha bo’lgan davrdagi muomaladagi plastik kartalar, banklar tomonidan o’rnatilgan to’lov terminallari, bankomatlar, infokiosklar, bank ilovalari, raqamli banklar to’g’risida ma’lumotlar grafik usulida keltirilib tahlil qilingan.
Tijorat banklari aktivlar portfellarining sifatini taʼminlash ularning moliyaviy barqarorligi va likvidiligini taʼminlashning zarurligi hozirgi kundagi dolzarb masalalardan biri boʻlib hisoblanadi. Ushbu ilmiy maqolada tijorat banklari aktivlarini samaradorligini oshirish yoʻllari boʻyicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga harakat qilindi.
Ushbu maqolada islom moliya tizimi sezilarli darajada rivojlangan BAAning tajribasi o‘rganilib, tadqiq qilingan. Mamlakatda islom moliya tizimining rivojlanish tarixi, bugungi kundagi holati, shuningdek, islom bankchiligining tashkil etilishi, loyihalarni islomiy moliyalashtirish amaliyoti va rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlar va ularni hal etishdagi yechimlar tahlil qilingan. Shuning bilan birga, islom moliyasining O‘zbekistonda rivojlanishida uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etilishida BAAning ushbu soha borasidagi tajribasidan foydalanish yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.
Ushbu maqolada xalqaro amaliyotda bank mahsulotlarini joriy etish tajribalari tahlil qilinadi. AQSH, Kanada, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bank tizimlari misolida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va “yashil moliya”ning ahamiyati yoritilgan. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston bank tizimi uchun ilg‘or tajribalarni moslashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Ushbu maqolada tijorat banklarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jarayonlari, ularning operatsion samaradorlikka, kredit risklarini baholash sifatiga va mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimiga ta’siri ilmiy jihatdan tahlil qilindi. Xalqaro tajribalar O‘zbekiston bank tizimi amaliyoti bilan taqqoslab o‘rganildi. Tadqiqot natijalari SI texnologiyalari bank xarajatlarini kamaytirishi, firibgarlikni aniqlash samaradorligini oshirishi, xizmat ko‘rsatish tezligini yaxshilashi bilan birga, ma’lumotlar sifati, algoritmik shaffoflik va kiberxavfsizlik kabi muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Maqolada ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqola O‘zbekiston bank tizimining xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonlari va muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jahon iqtisodiy integratsiyasi sharoitida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu standartlarning joriy etilishi moliyaviy hisobotning shaffofligi, taqqoslanuvchanligi va ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi. O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish iqtisodiy islohotlarning muhim qismi sifatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvi va investorlar ishonchini oshirishga yordam beradi. Biroq, bu jarayon normativ-huquqiy bazani moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Maqolada ushbu jarayonning asosiy masalalari, muammolari va istiqbolli yechimlari tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Mazkur maqolada moliyaviy texnologiyalar (FinTech) va ularning O‘zbekiston moliya tizimi rivojlanishiga ta’siri tahlil qilingan. FinTech loyihalari raqamli to‘lovlar, mobil banking, mikrokreditlash va boshqa zamonaviy xizmatlar orqali moliyaviy inklyuziyani oshirish, xizmatlar tezkorligini ta’minlash va iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirishda muhim vosita ekanligi asoslab berilgan. Mavzuga oid statistik ma’lumotlar, xalqaro tajribalar va milliy qonunchilik asosida muhokama olib borilib, FinTech loyihalarining istiqboli yoritilgan.
Maqolada Oʻzbekistonning tijorat banklarida risklarni boshqarish tizimini takomillashtirishning zamonaviy yondashuvlari tahlil etiladi. 2022 – 2025 yillar boʻyicha tijorat banklarining aniq statistik maʼlumotlari keltiriladi. Bank faoliyati va amaliyotida uchraydigan kredit, bozor, operatsion, likvidlilik, reputatsion va komplaens risklarga taʼrif beriladi va Oʻzbekiston bozorida shu risklarni qisqartirish boʻyicha takliflar beriladi. Bu borada sunʼiy intellekt, mashinali oʻrganish texnologiyalarini joriy etish orqali xavflarni kamaytirish usullari, xalqaro standartlar, texnologik innovatsiyalar va banklarning moliyaviy barqarorligini oshirish uchun inson kapitalini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan integratsiyalashgan yechimlar taklif etiladi.
Maqolada O‘zbekistonning moliyaviy infratuzilmasining asosiy komponentlarining funksional tahlili keltirilgan. Bank sohasida raqobatning cheklanganligi, fond bozorining likvidlik darajasining pastligi, kredit byurolarining yetarlicha qamrab olinmasligi va shaffoflik masalalari bo‘yicha mavjud muammolar ko‘rib chiqilgan. Moliyaviy infratuzilmani takomillashtirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish uchun tavsiyalar keltirilgan.
Ushbu maqolada jahon moliya bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan va barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etgan islomiy banklar uchun qonunchilik asosini yaratishning ayrim mamlakatlardagi tajribasi oʻziga xos jihatlari koʻrib chiqilgan. Davlat tuzilishi Oʻzbekistonga yaqin boʻlgan, demokratik tizimni iroda qilgan Tojikiston hamda Qozogʻiston singari qoʻshni davlatlar hamda bu boradagi jahon tajribasiga doir ilmiy mulohazalar bayon etilgan. Islomiy bank qonunchilik asosini yaratishga kirishgan mamlakat eʼtibor berishi lozim boʻlgan ayrim nuqtalar yoritib berilgan. Yetakchi mamlakatlarda qonunchilikka kiritilgan bu boradagi oʻzgarishlar qanday samara berayotgani tadqiq etilgan
Ushbu tadqiqot islomiy moliyani islom bo‘lmagan iqtisodiyotlarda, xususan O‘zbekistonning huquqiy va iqtisodiy muhiti sharoitida samarali joriy etish imkoniyatlarini o‘rganadi. Dunyo bo‘yicha qo‘llanilayotgan ikkilik bank tizimi, gibrid tizimlar, “regulyator qumloq modeli” (sandbox), institutsional yondashuvlar va Buyuk Britaniya, Malayziya, Bahrayn, Singapur hamda Nigeriyadagi tajribalarni tahlil qilgan holda, tadqiqot turli yurisdiktsiyalarning Shariatga muvofiq moliya tizimiga moslashuvini yoritadi. Sifatli (qualitative) metodologiyadan foydalangan holda, tadqiqot islomiy tamoyillar bilan moslashgan tartibga solish innovatsiyalarining zarurligini ta’kidlaydi. Ishda O‘zbekistonda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish vositasi sifatida islomiy moliyani ilgari suruvchi, inklyuziv, axloqiy va barqaror moliyaviy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga oid siyosiy tavsiyalar ilgari suriladi.
Ushbu tadqiqotda Oʻzbekiston Respublikasida aholining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi statistik tahlil asosida oʻrganildi. Mamlakatda ijtimoiy himoya siyosati aholining turmush darajasini yaxshilash, bandlikni oshirish va kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan boʻlib, uning samaradorligini baholashda rasmiy statistik maʼlumotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Moliya vazirligi, BMT va Jahon banki tomonidan taqdim etilgan ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda deskriptiv va dinamik tahlil metodlari qoʻllanildi.
Maqolada mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikka erishish va isloxotlarni yaxshilash jarayonida islom moliyasining iqtisodiy o’zgarishlarga ta’siri o’rganilgan. Shu bilan birgalikda islomiy moliyaning zamonaviy iqtisodiyot tuzilmasi, tizimlari va faoliyatidagi sezilarli va keng qamrovli oʻzgarishlarga olib kelishi, bu esa mahsulot ishlab chiqarish, raqobatbardoshlik va umumiy iqtisodiy farovonlikning barqaror yaxshilanishiga sabab bo’luvchi eng muxim omillardan biri sifatida muallif tomonidan o’z qarashlari bayon etilgan. Ushbu qarashlarni mamlakatlar va yillar kesimida bayon etilgan statistik ma’lumotlar asosida muallif yanada mustaxkamlagan.