Maqola bank sektori faol ravishda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish sharoitida uning transformatsiyasini tahlil etishga bag‘ishlangan. Unda bank faoliyatida SI qo‘llanilishining asosiy yo‘nalishlari operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual risk-menedjment, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni shaxsiylashtirish va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish kabi jihatlar ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, SI an’anaviy bank biznes-modellari qanday o‘zgarayotganiga, banklarning raqobatbardoshligini oshirishiga va moliya bozorida yangi strategik ustunliklarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli transformatsiya bilan bog‘liq chaqiriqlar va xatarlar kiberxavfsizlik, SI’dan foydalanishning etik jihatlari, shuningdek, tartibga soluvchi talablarga rioya etish masalalari tahlil qilingan. Xulosa o‘rnida aytilishicha, SI texnologiyalarining bank tizimiga integratsiyasi uning barqaror rivojlanishi va global raqobatbardoshligi uchun ajralmas shartga aylanmoqda.
Tadqiqotda raqamli marketing usullari tijorat banklarining iqtisodiy ko'rsatkichlariga, ayniqsa bank sektorining o'zgaruvchan muhitida qanday ta'sir ko'rsatishi batafsil ko'rib chiqilgan. Tadqiqotda Oʻzbekistondagi ATIB Ipoteka bankining 18 yillik moliyaviy maʼlumotlaridan foydalangan holda raqamli marketing xarajatlarining koʻpayishi, xodimlarni rivojlantirishga investitsiyalarning ortishi va uning banklar daromadiga taʼsiri oʻrtasidagi bogʻliqligi o’rganildi. Tadqiqotda bank sohasida marketing strategiyalar ta'sirini bashorat qilish va baholash uchun VAR (Vector Autoregressive) va ARDL (Autoregressive Distributed Lag) modellari ishlab chiqildi. Natijalar raqamli marketing harajatlarining ortishi, bank ishchi xodimlariga qilingan investitsiyalarning o‘sishi va tijorat banklarining moliyaviy muvaffaqiyatlari o'rtasidagi kuchli bog'liqligi ochib berildi. Ushbu tadqiqot raqamli marketing samaradorligi bo'yicha kengroq munozaraga hissa qo'shadi va moliyaviy institutlar uchun marketing strategiyasi va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy samaradorligini optimallashtirishga qaratilgan qimmatli tushunchalarni taqdim etadi.
Илмий мақолада ҳозирги кундаги банклар инқирозида тижорат банклари ликвидлигига таъсир қилувчи омиллар кўриб чиқилган. Бунда, банкнинг ликвидлиги нафақат банкнинг ички, балки ташқи омилларга ҳам боғлиқдир. Шунингдек, даромад келтириш нуқтаи-назаридан ресурсларни оқилона жойлаштириши банкларнинг молиявий барқарорлигига, хусусан, ликвидлилигига ижобий таъсир қилади. Айни пайтда, банклар томонидан ажратилган кредитлар сифатининг пастлиги, муаммоли кредитлар ҳажмининг ортиши банк ликвидлилигига салбий таъсир кўрсатмоқда. Мазкур ҳолат ўз навбатида банкнинг кредит сиёсатида ҳам муайян камчиликлар мавжудлигидан далолат беради. Тижорат банки ликвидлилигини бошқаришда унга таъсир этувчи омилларни доимий кузатув объектига айлантирган ҳолда, уларнинг салбий таъсирини бартараф этиш юзасидан таъсирчан чоралар кўриш мақсадга мувофиқ саналади.
Maqolada bank sektorini raqamlashtirishning zamonaviy tendensiyalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro tajribani tahlil qilish va O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni joriy etishning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratiladi. Tinkoff Bank, WeBank va Monzo kabi banklarning muvaffaqiyatli o‘zgarishi misollari keltirilgan, ular mobil ilovalar, sun’iy intellekt, blockchain texnologiyalari va CRM tizimlaridan foydalanish samaradorligini namoyish etadi. Kapitalbank ATBni raqamlashtirish kontekstida rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan yangi texnologiyalarni joriy etish, mijozlar xizmatini takomillashtirish va axborot xavfsizligini mustahkamlash o‘rganildi. Tahlil asosida milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston bank tizimining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.