So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy modernizatsiya, urbanizatsiya jarayonlari hamda hududlararo ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlarning mavjudligi ichki migratsiya masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Aholining bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chib o‘tishi, odatda, mehnat resurslarining hududiy taqsimlanishida sezilarli o‘zgarishlarga olib keladi. Ayniqsa, qishloq joylardan shaharlarga, iqtisodiy faol hududlardan markaziy shaharlarga bo‘layotgan migratsion oqim mehnat bozori tarkibiga va bandlik ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning institutsional determinantlari va makroiqtisodiy oqibatlari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistika, xalqaro baholashlar, normativ-huquqiy baza hamda nazariy yondashuvlar integratsiyalangan holda yashirin iqtisodiyot fiskal yuklama, tartibga solish murakkabligi, davlat boshqaruvi sifati, korrupsiya, naqd pul aylanishi va ijtimoiy ishonch bilan bog‘liq ko‘p darajali fenomen sifatida talqin qilindi. O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi, tarmoqlar bo‘yicha notekis taqsimoti va rasmiy sektor bilan o‘zaro aloqalari ochib berildi. Mualliflar yashirin iqtisodiyotga qarshi siyosatni repressiv choralar bilan cheklash emas, balki rasmiy sektor jozibadorligini oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va institutsional shaffoflikni kuchaytirish asosida qurish zarurligini asoslaydilar.
O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalarning (EIZ) rivojlanishi iqtisodiy o‘sish, sanoatlashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu zonalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining samaradorligini baholash uchun ishonchli statistik tadqiqot usullari muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada Oʻzbekiston EIZlarida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholashda qoʻllaniladigan birlamchi statistik usullar koʻrib chiqiladi. Maqolada samaradorlikni hisoblash uchun statistik formulalar keltirilgan, ushbu usullarning ahamiyati haqida batafsil muhokamalar va kelajakdagi tadqiqotlar uchun tavsiyalar keltirilgan.