Ushbu maqolada Oʻzbekistonga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligini oshirish masalalari tahlil etildi. Investitsiyalarning mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) tarkibidagi oʻrni, ularning iqtisodiy oʻsishga ta’siri va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishdagi ahamiyati koʻrib chiqilgan. Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya loyihalarini samarali boshqarish va investitsiyalardan olinadigan iqtisodiy natijalarni optimallashtirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar taklif etilgan
Mazkur maqolada soliq hisobotlarini shakllantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini elektron hujjatlashtirish orqali soliq ma’murchiligini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqotda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vakolatini soliq organlariga o‘tkazish va mazkur majburiyatni soliq to‘lovchilar zimmasidan chiqarish zarurligi asoslab berilgan. Ushbu yondashuv soliq to‘lovchilarning ma’muriy yukini kamaytirish, hisobotlarni shakllantirishda inson omili ta’sirini cheklash, soliq organlari axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda soliq intizomini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga xarid qilishda kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibini umumiy ovqatlanish va eksport qiluvchi korxonalar doirasidan kengaytirib, barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etish taklifi ishlab chiqilgan. Mazkur taklif naqd pul aylanmalarining shaffofligini oshirish, xarid operatsiyalarini rasmiylashtirish, soliq bazasini aniqlashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonning qo‘shilgan qiymat solig‘ining fiskal samaradorligi “QQS daromadlar nisbati (VRR)” ko‘rsatkichi asosida OECD metodologiyasi bo‘yicha baholanadi. Tadqiqotda 2019–2024-yillar davomida amalga oshirilgan soliq islohotlari, jumladan QQS stavkasining pasaytirilishi, elektron hisob-faktura tizimining joriy etilishi va soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish choralari tahlil qilinadi. Natijalar mazkur davrda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va QQS tushumlari o‘sishiga qaramay, VRR darajasi deyarli o‘zgarmagani, norasmiy iqtisodiyot ulushi, naqd pul asosidagi operatsiyalar va soliq imtiyozlari QQS yig‘imdorligiga ta’sir qiluvchi muhim omillar ekanini tasdiqlaydi
Mazkur maqolada O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning institutsional determinantlari va makroiqtisodiy oqibatlari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistika, xalqaro baholashlar, normativ-huquqiy baza hamda nazariy yondashuvlar integratsiyalangan holda yashirin iqtisodiyot fiskal yuklama, tartibga solish murakkabligi, davlat boshqaruvi sifati, korrupsiya, naqd pul aylanishi va ijtimoiy ishonch bilan bog‘liq ko‘p darajali fenomen sifatida talqin qilindi. O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi, tarmoqlar bo‘yicha notekis taqsimoti va rasmiy sektor bilan o‘zaro aloqalari ochib berildi. Mualliflar yashirin iqtisodiyotga qarshi siyosatni repressiv choralar bilan cheklash emas, balki rasmiy sektor jozibadorligini oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va institutsional shaffoflikni kuchaytirish asosida qurish zarurligini asoslaydilar.
Strategik moliyaviy rejalashtirish jadal rivojlanayotgan jahon iqtisodiyotida logistika korporativ tuzilmalarining moliyaviy samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadqiqot logistik korporativ tuzilmalarning tashkiliy ehtiyojlariga moslashtirilgan strategik moliyaviy rejalashtirishning asosiy tamoyillari va metodologiyasini o‘rganadi. U pul oqimini optimallashtirish, xarajatlarni nazorat qilish, investitsiyalarni ustuvorlashtirish va risklarni boshqarishga e’tibor qaratgan holda moliyaviy strategiyalarni operatsion maqsadlar bilan integratsiyalashuvini o‘rganadi. Maqolada dinamik bozor talablarini qondirish va ta’minot zanjiri boshqaruvidagi noaniqliklarni yumshatish uchun raqamli vositalar va ilg‘or moliyaviy texnologiyalardan foydalanish muhimligi ifodalangan. Shuningdek, tadqiqot logistika amaliyotiga bosim kuchayib borayotgan bir sharoitda barqarorlikni ta’minlash va uzoq muddatli rentabellikka erishishda moliyaviy rejalashtirishning rolini ta’kidlaydi.