Mazkur maqolada O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilarining moliyaviy hisobotlari asosida ularning moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat, xususan, kapital qaytimi, foyda rentabelligi, sug‘urta zaxirasi o‘rtasidagi munosabatlar o‘rganilgan. Nazorat omili sifatida kompaniyalarning onlayn qidiruv tizimlaridagi optimizatsiyasi (SEO) ning moliyaviy ko‘rsatkichlarga ta’siri ham baholangan. Shuningdek, maqolada ushbu munosabatlar ikki xil model yordamida statistik tahlil qilingan.
Maqolada so‘nggi o‘n yil davomida xorijiy mamlakatlarda turistik qishloqlarni rivojlantirish tajribasining kompleks sharhi taqdim etilgan. Yevropa, Osiyo, Amerika, Afrika va Okeaniyada amalga oshirilgan modellari va strategiyalari ko‘rib chiqiladi, shuningdek, mamlakatlar va mintaqalar kesimida qiyosiy ma’lumotlar keltiriladi. Ayniqsa, iqtisodiy ta’sirlar, mahalliy aholining jalb etilishi va BMT Jahon Turizm Tashkiloti (UNWTO)ning Best Tourism Villages dasturi kabi xalqaro tashabbuslarning o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Indoneziya, Yaponiya, Fransiya va Meksika misolida qishloq turizmini barqaror rivojlantirishning muvaffaqiyatli amaliyotlari ko‘rsatilgan. Ishda asosiy xatarlar — autentiklikni yo‘qotish, ekologik yuklama, narxlarning oshishi va ijtimoiy transformatsiyalar aniqlanib, ularni minimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Maqolada turistik qishloqlar madaniy merosni asrab-avaylash, ish o‘rinlarini yaratish va mintaqaviy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga xizmat qiluvchi barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim vositasi sifatida ta’kidlab o‘tilgan.
Mazkur maqola innovatsion iqtisodiyot sharoitida mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kelajakdagi senariylarini ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish qismida zamonaviy tendensiyalar (raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, yashil texnologiyalar va iqlim oʻzgarishi) belgilangan boʻlib, adabiyotlar sharhi soʻnggi 5 yildagi nufuzli jurnallardagi bir qancha ilmy tadqiqot ishlariga asoslangan, RIS (mintaqaviy innovatsion tizimlar) evolyutsiyasi, empirik modellar va siyosiy tavsiyalarni qamrab oladi. Metodologiya sistematik adabiyotlar tahliliga (SLR) va senariy rejalashtirishga asoslangan. Natijalar uchta senariyni koʻrsatadi: optimistik (raqamli integratsiya orqali 2–5% oʻsish), pessimistik (tengsizlik va stagnatsiya) va aralash (transformatsion moslashish). Xulosada RISni mustahkamlash va yashil innovatsiyalarga sarmoya kiritish taklif etilgan.
Ushbu tadqiqotda Oʻzbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini empirik tahlil qilish uchun resurslarga bogʻliqlik nazariyasi (RBN) o‘rganilgan. Regressiya modellari 2000-2013 - yillar davrini qamrab olgan. 62 ta Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalaridan iborat panel ma’lumotlar tatbiq etilib, muassasalar tomonidan qabul qilingan xarajatlar qarorlarning determinantlarini oʻrganish uchun qoʻllaniladi. Asosiy gipoteza oʻquv toʻlovlaridan olinadigan daromad ulushi va oʻqitishga sarflangan xarajatlar ulushi oʻrtasidagi mutanosiblik bilan bogʻliq. Tahlil belgilangan qat’iy ta’sirlarni kiritish orqali kuzatilmagan xilma-xillikni boshqarishga harakat qiladi. Instrumental oʻzgaruvchilarni baholash ushbu ikki oʻzgaruvchi oʻrtasidagi munosabatlarning potentsial endogenligini aniqlash uchun ishlatiladi. Asosiy aniqlangan natija shundan iboratki, oʻquv toʻlovlaridan tushadigan daromadlar ulushi va oʻqitishga sarflangan xarajatlar ulushi oʻrtasida, hatto boshqa omillar bilan bogʻliq boʻlganidan keyin ham ijobiy va statistik jihatdan muhim bogʻliqlik mavjud, bu RBNning asosiy tamoyiliga mos keladi.
Ushbu maqolada tijorat banklarida innovatsion jarayonlarni boshqarish samaradorligini oshirishning nazariy qarashlari ko'rib chiqilgan, kredit tizimini rivojlantirish masalalari o'rganilgan. Shuningdek, banklarning innovatsion faoliyati bo'yicha yuqori noaniqlikni tavsiflovchi amaliy takliflar berilgan, bu esa o'z navbatida xatarlarni boshqarishning moslashuvchan modellaridan foydalanishni talab qiladi.
Ushbu maqola turizm infratuzilmasini boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan bo‘lib turizm infratuzilmasini boshqarishda turistik korxona boshqarivi, turizm markazlari boshqaruvi, davlat boshqaruvi, hamkorlikdagi boshqaruv, hududiy boshqaruv, xalqaro korporatsiyalar boshqaruvi modellaridan foydalanish xususiyatlari ko`rib chiqilgan.
Ushbu maqola davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida sanoat tarmoqlarini rivojlantirishning nazariy asoslarini oʻrganadi. DXSh loyihalari davlat va xususiy sektor resurslarini birlashtirib, infratuzilma va xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan. Sanoat sohasida innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun DXShni oʻrni ifodalanilgan. Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida sanoat tarmoqlari rivojlanishning nazariy asoslari hamda iqtisodchi olimlarning yondashuvlari koʻrib chiqilgan. Shu bilan bir qatorda sanoatga taʼsirini ifodalovchi DXSh modellari ham yoritib berilgan.
Maqolada zamonaviy davlat boshqaruviga taalluqli yondashuvlarning postindustrial jihatlari, an’anaviy ma’muriy yondashuvning “davlat xizmatlari ko‘rsatish modeli”, “davlat xizmati modeli”ga davlat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarning “servis xususiyati”, davlat boshqaruvida biznes-shahar, aqlli shahar, aqlli davlat, “davlat-xizmat ko‘rsatuvchi” kabi biznes-modellarini qo‘llashga doir nazariy masalalar yoritib berilgan. Nazariy yondashuvlar asosida O‘zbekistonda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini postindustrial jamiyatda davlat boshqaruvining eng maqbul yechimlaridan biri sifatida “davlat – xizmat ko‘rsatuvchi” tamoyiliga o‘tkazish taklif qilingan.
Agroklasterlarning samarali rivojlanishini ta’minlash va ularning iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini baholashda econometrik modellashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada agroklasterlar faoliyatini tahlil qilish va optimallashtirishda panel ma’lumotlardan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Panel ma’lumotlar vaqt va hududiy omillarni hisobga olgani sababli, agroklasterlarning qisqa va uzoq muddatli dinamikasini o‘rganish imkonini beradi. Maqolada bir vaqtli tizimlashgan modellardan foydalanish, mazkur modellashtirish usuli yordamida endogenlik muammosini hal qilish hamda kointegratsiya usullarini qo‘llash kabi ekonometrik yondashuvlar tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari agroklaster tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish va klasterlararo integratsiya jarayonlarini optimallashtirish uchun ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur maqolada savdo xizmatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari tahlil qilingan. Zamonaviy iqtisodiy sharoitda savdo xizmatlari nafaqat iqtisodiy o‘sishning muhim omili, balki innovatsion biznes modellarini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotda savdo xizmatlarining asosiy yo‘nalishlari, ularning iqtisodiy samaradorligi va kelajakdagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda savdo xizmatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада хорижий мамлакатларда чақалоқлар ўлими, 5 ёшгача бўлган болалар ўлими ва аёллар ўлими ўртасидаги мураккаб муносабатларни тушунишга интилиш учун илғор эконометрик моделлардан фойдаланган ҳолда инновацион тадқиқот олиб борилди. Дунё бўйлаб 121 та мамлакатнинг маълумотларини таҳлил қилган ҳолда, ўлимнинг ушбу муҳим кўрсаткичларига таъсир этувчи омилларнинг мураккаб ўзаро таъсирини аниқлаш учун оддий энг кичик квадратлар (OLS) ва структуравий тенгламаларни моделлаштиришнинг (SEM) регрессион усулларидан фойдаланилди. Шунингдек, оналар ва болалар саломатлиги натижаларини шакллантирувчи нозик динамикани ёритишга ҳамда ўлим даражасини пасайтиришга қаратилган ёндошувлар ишлаб чиқилди. Тадқиқотда муаллифлар ёндашувлари ва таклифлари келтирилган.
Ushbu maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining oliy ta’limdagi baholash tizimlariga ilmiy asosda integratsiyalashuvi tahlil qilinadi. An’anaviy baholashdagi subyektivlik, statiklik va inson omiliga kuchli bog‘liqlik kabi cheklovlar ko‘rib chiqiladi. Sun’iy intellekt yordamida baholashni avtomatlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, aniqlikni oshirish va talaba faoliyatini real vaqt rejimida tahlil qilish imkoniyatlari yoritiladi. Shuningdek, baholash tizimiga sun’iy intellekt vositalarini joriy etish zarurati, ilg‘or xorijiy tajribalar va algoritmlar asosida baholovchi modellar yaratish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Mazkur maqolada vaqtli qatorlarning chiziqsiz trendlarini aniqlash, matematik modellash, regressiya usullari bilan trend tenglamalarini topish va bashoratlash kabi bosqichlar yoritilgan. Ayniqsa, iqtisodiy jarayonlarning murakkab dinamikasi hisobga olingan holda, eksponensial, logarifmik va polinomial modellarning ustun jihatlari tahlil qilingan. Amaliy misollar orqali bashorat natijalarining aniqligi va xatolik mezonlari ko‘rib chiqilgan.
Maqolada menejment tizimining mohiyati, asosiy funksiyalari va uning ishlab chiqarish samaradorligiga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda klassik menejment maktablari va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqaruv funksiyalarining shakllanishi va ularning korxona faoliyatiga ta’siri yoritilgan. Shuningdek, ushbu funksiyalarning ishlab chiqarish unumdorligi, resurslardan foydalanish samaradorligi, mahsulot sifati va raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlariga ta’siri amaliy misollar va ilg‘or modellar asosida asoslab berilgan.
Raqamli texnologiyalarning jadal o‘sishi yetkazib berish xizmatlarining jiddiy raqobat muhitida samaradorligini oshirish va logistik jarayonlarni optimallashtirish kabi muammolarni keltirib chiqardi. Ushbu tadqiqot O‘zbekistondagi yetkazib berish xizmatlari bo‘yicha yetakchi bo‘lgan kompaniya biznes jarayonlarining tahliliga qaratilgan. Tadbirkorlik korxonasi yuqori talab va kuryerlarni taqsimlashdagi samarasizlik tufayli mijozlar talablarini qondirishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Tadqiqotda kuryerlikdan foydalanish, kutish vaqtlari va yetkazib berish samaradorligini tahlil qilish uchun Diskret Hodisalarni Simulyatsiyasi (DHS) nazariyasi qo‘llanildi. Model turli operatsion senariylarni baholash uchun tumanga asoslanga klasterlash, navbat nazariyasi va stoxastik simulyatsion modellash, modelni validatsiyalash va natijalarni chuqur tahlil qilishni o‘z ichiga olgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, integratsiyalashgan modellar etkazib berish vaqtlarini 1,6 baravar qisqartiradi, o‘tkazish qobiliyatini oshiradi va shahar doirasida yetkazib berishni optimallashtirish uchun harakatga asoslangan strategiyalarni taqdim etadi. Natijalar akademik adabiyotga va rivojlanayotgan bozorlardagi boshqaruv amaliyotiga hissa qo‘shadi.
Мақолада Россия Федерацияси ва Ўзбекистон Республикаси ўртасидаги икки томонлама ҳамкорликнинг сезгир соҳаларида интеграция механизмларидан фойдаланишнинг ўзига хос жиҳатлари ва самарадорлиги кўриб чиқилган. Асосий эътибор томонларнинг манфаатларини мувофиқлаштириш ва тартибга солишда махсус ёндашувни талаб қиладиган йўналишларни таҳлил қилишга қаратилган. Буларга савдо-иқтисодий, энергетика ва миграция соҳалари киради. Амалдаги интеграция воситалари баҳоланиб, уларнинг самарадорлигини чекловчи институционал ва ташкилий тўсиқлар аниқланган. Хусусан, Евроосиё интеграция жараёнлари шароитида ҳамкорликни янада чуқурлаштириш салоҳиятига ва ўзаро иқтисодий фойдани оширишга кўмаклашадиган ўзаро таъсирнинг оптимал моделларини излашга алоҳида эътибор қаратилган. Олинган хулосалар ва тавсиялар Россия–Ўзбекистон муносабатларини ривожлантириш стратегияларини шакллантиришда ва минтақада интеграция сиёсатини такомиллаштиришда қўлланилиши мумкин.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorining rivojlanish imkoniyatlari, muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning kichik biznesga ta’sir mexanizmlari, hozirgi holat tahlili, xorijiy tajriba va eng yaxshi amaliyotlar o‘rganilgan. Raqamli iqtisodiyot kichik biznes uchun bozor chegaralarini kengaytirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va yangi biznes modellarini joriy etish kabi ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, kichik biznes sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan orqada qolmoqda. Maqolada kichik biznes raqamlashuvini tezlashtirish uchun raqamli savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu maqolada global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ko‘rsatadigan ta’siri xalqaro ilmiy tadqiqotlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda haroratning ko‘tarilishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi, suv resurslarining tanqisligi kabi omillar hosildorlikka qanday ta’sir qilayotgani o‘rganiladi. Xususan, g‘alla, paxta, makkajo‘xori kabi asosiy ekinlar misolida issiqlik va namlik balansining o‘zgarishi ularning o‘sish fazalariga va hosildorlik darajasiga bevosita ta’sir qilishi isbotlangan. Turli davlatlarda olib borilgan panel regressiya, ARIMA, va GARCH modellariga asoslangan tadqiqotlar iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga sezilarli salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Maqolada, ushbu xulosalar asosida O‘zbekiston sharoitida tadqiqot olib borish zarurligi asoslanadi.