Maqolada mamlakatimizda eksport va importning iqtisodiy oʼsishga ijobiy taʼsirini qoʼllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish ahamiyati oʼsganligining sabablari hamda yangi jihatlarini yoritishga harakat qilingan. Samarali tashqi iqtisodiy faoliyatga oid jahon amaliyoti va eksport va importni soliqlar orqali ragʼbatlantirish mexanizmining zamonaviy trendlari tajribalarini oʼzlashtirish asosida uning samarali vosita va usullarini qoʼllash xususiyatlari va vazifalari bayon etilgan. Oʼzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarida samarali eksportning iqtisodiy oʼsishga ijobiy taʼsirini qoʼllab-quvvatlash yoʼnalishlari asoslab berilgan.
Maqolada, kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush darajasi yaxshilash bo‘yicha xorij va mahalliy olimlarning tadqiqot natijalari tahlil qilingan. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yaratilgan tizim hamda kelgusi rejalar to‘g‘risida tahliliy fikrlar ilgari surilgan. Dunyoda aholi turmush darasini oshirishga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar va ularga qaratilgan islohotlar, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar keng koʻlamda davom etmoqda. Jumladan, isteʼmol savati, yashash minimumi, minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining optimal nuqtasi hamda kambagʻallik va qashshoqlik chegaralarini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish va bunda mahallabay ishlash tizimi asosida aholi uchun xususiy tadbirkorlik yoʻnalishlariga doir ilmiy-tadqiqot ishlari to‘g‘risida mulohazalar keltirilgan. Adabiyotlar tahlil qismida mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chiqarilgan meyoriy xujjatlar keltirib o‘tilgan. Mahallabay ishlash tizimi asosida aholi turmush darajasini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bayon etilgan.
Меҳнат унумдорлиги корхона рақобатбардошлигининг энг ишончли кўрсаткичларидан бири бўлиб қолмоқда, бироқ кичик бизнес корхоналари ўз меҳнат салоҳиятининг фақат бир қисмидан фойдаланади. Мазкур мақолада кичик корхоналар меҳнат унумдорлигининг яширин захираларини аниқлаш ва уларни амалий, ўлчаниши мумкин бўлган натижага айлантириш механизмлари тадқиқ этилади. Тадқиқот адабиётларнинг тизимли таҳлили, бошқарув амалиётининг қиёсий таҳлили ва иккиламчи статистик маълумотларга таянади. Ишда захираларни аниқлашга хизмат қилувчи ташхис механизмлари — иш вақтини таҳлил қилиш, омилли декомпозиция, бенчмаркинг ва асосий кўрсаткичлар тизими — ҳамда уларни сафарбар этувчи механизмлар — рағбатлантириш тизимини лойиҳалаш, лин ва узлуксиз такомиллаштириш усуллари, малака ва кўп функциялиликка сармоя, танлаб рақамлаштириш ҳамда меҳнатни қайта ташкил этиш — ажратиб кўрсатилади. Таҳлил шуни кўрсатадики, йирик корхоналардан фарқли ўлароқ, кичик корхоналар захиралари капитал талаб қилувчи технологик ўзгаришларда эмас, балки меҳнатни ташкил этиш, мотивация ва бошқарув эътиборининг сифатида жамланган. Мақолада захираларни аниқлаш ва сафарбар этишни ягона, узлуксиз бошқарув жараёни сифатида кўрувчи интеграллашган стратегик цикл таклиф этилади. Натижалар кичик бизнес соҳасида меҳнат унумдорлигини оширишга интилаётган тадбиркорлар, маслаҳат институтлари ва сиёсат ишлаб чиқувчилар учун, айниқса бу сектор бандликнинг ортиб бораётган улушини ўз зиммасига олаётган ривожланаётган иқтисодиётларда, фойдали бўлиши мумкин.
Mazkur tadqiqotda raqamli marketingning O‘zbekistonda aqlli turizm rivojlanishini qanday tezlashtirishi tahlil qilinadi. Mamlakat turistik oqimlarning tez o‘sishini namoyon etayotgan va xalqaro maydonda o‘z nufuzini mustahkamlab borayotgan bo‘lsa-da, turistik yo‘nalishlarni an’anaviy targ‘ib qilishdan ma’lumotlarga asoslangan aqlli turizm boshqaruviga o‘tish jarayoni hali to‘liq yakunlanmagan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston aqlli turizmni rivojlantirish uchun istiqbolli asosga ega: 2024-yilda kiruvchi turistik safarlar soni 7,96 mln ga yetgan, 2025-yil yanvar holatiga internetdan foydalanish darajasi 89,0% ni tashkil etgan, ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari soni esa 11,7 mln ga yetgan. Biroq talab tuzilmasi muhim strategik muammoni ochib beradi: 2024-yilda kiruvchi safarlarning 76,7% i qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, dam olish va rekreatsiya maqsadidagi safarlar ulushi atigi 14,9% ni tashkil etgan. Ushbu tafovut shuni anglatadiki, turistik keluvchilar sonining sezilarli qismi hali yuqori daromad keltiruvchi, turistik destinatsiyalarga yo‘naltirilgan turizmga to‘liq transformatsiya qilinmagan. Tahlil shuningdek rasmiy portallar, elektron viza tizimi, onlayn turistik agentliklar (OTA) bilan hamkorlik, mobil cashback vositalari va Eaten.uz kabi maxsus platformalarni o‘z ichiga olgan shakllanib borayotgan raqamli ekotizimni ham aniqlaydi.
Ushbu maqolada raqamlashtirish va raqamli transformatsiya jarayonlarining davlat korxonalarining moliyaviy barqarorligiga ta'siri bo'yicha tahlillar va tadqiqotlar keltirilgan. Tadqiqotda davlat mulkiga ega bo'lgan beshta yirik korxonaning moliyaviy ko'rsatkichlari asosida ekonometrik tahlillar o'tkaziladi va tegishli xulosalar beriladi. Bundan tashqari, ushbu maqolaning adabiyotlarni ko'rib chiqish bo'limida xorijiy va mahalliy olimlarning korxonalarni raqamlashtirishning moliyaviy ko'rsatkichlarga ta'siri haqidagi xulosalari o'rganiladi va tahlil qilinadi.
Maqolada raqamli transformatsiyaning uslubiy jihatlari va uning sanoat sektori, xizmat ko‘rsatish sohasi, shu jumladan bank sektoriga ta’siri ko‘rib chiqildi. Eksportni qayta yo‘naltirish orqali iqtisodiyotni o‘zgartirishning ichki yaxlit modelini yaratish, yetakchi o‘rinni egallash uchun zarur rivojlanish yo‘llari qayd etilgan. Iqtisodiyotni raqamlashtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi. Iqtisodiy tizim va jamiyat uchun keng ko‘lamli raqamli transformatsiya jarayonida yuzaga keladigan muammolar alohida tahlil qilingan.
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini prognozlashni maqsad qiladi. Tadqiqot uchun ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasidan olingan. Tadqiqot 2010-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan 15 yillik davrni qamrab oladi. Mazkur ishda ayrim tanlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha Box–Jenkins metodologiyasi, ya’ni Avtoregressiv integrallashgan sirpanma o‘rtacha (ARIMA) modeli qo‘llanildi. Metodologiya talabiga ko‘ra yetarli hajmdagi kuzatuvlar zarurligi inobatga olinib, 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tanlab olindi. Modelning barcha muhim bosqichlari tizimli ravishda qo‘llanilib, 2025-yildan boshlab keyingi 5 davr uchun dinamik prognoz amalga oshirildi. Turli model tanlash mezonlari, jumladan tuzatilgan determinatsiya koeffitsienti (Adj R²), eng kichik AIC qiymati hamda eng past MAPE ko‘rsatkichlari asosida modelning aniqligi tasdiqlandi. Natijalarga ko‘ra, mahsulotlar orasida eng past Akaike axborot mezoni (AIC) qiymati arpa mahsulotiga to‘g‘ri keldi, eng past o‘rtacha mutlaq foiz xatolik (MAPE) ko‘rsatkichi esa karam mahsulotida kuzatildi.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etishning nazariy, uslubiy va institutsional jihatlari kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqot bozor mexanizmlariga asoslangan iqtisodiyot sharoitida anʼanaviy kadastr baholash usullarining cheklanganligini asoslab beradi hamda xalqaro tajribaga mos, shaffof va avtomatlashtirilgan ommaviy baholash tizimini joriy etish zaruratini ochib beradi. Ishda individual va ommaviy baholash yondashuvlarining qiyosiy tavsifi berilib, ularning soliq bazasini shakllantirishdagi o‘rni va funksional farqlari yoritilgan. Ommaviy baholash jarayonida GIS-texnologiyalar, matematik-statistik modellar, katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data) va multiplikativ baholash modellaridan foydalanishning afzalliklari ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar, normativ-huquqiy baza, institutsional tuzilma hamda baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmlari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari ko‘chmas mulk solig‘ini adolatli va iqtisodiy asoslangan tarzda hisoblash, byudjet daromadlarini barqarorlashtirish hamda ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Ушбу мақолада Хитой енгил саноатининг ривожланиш жараёнлари, унинг афзалликлари, кийим-кечак, тўқимачилик саноатининг ривожланиш тенденцияларини ўсиши, капитал сиғимининг ошиши ва бозор консалидациялашувининг бошланиши, ишлаб чиқаришнинг автоматлашуви ва самарадорлигининг ўсиши, ҳалқаро бозорлар томонидан рақобатнинг кучайиши бу ҳам тармоқдаги ўзаро муносабатларни характерли ва таркибий тузилмасининг ўзгаришлари ўрганиб чиқилган .Ўзбекистонга мос жиҳатлари таҳлил қилинган ва асослаб берилган.
Mazkur maqolada mamlakatda soliq sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni takomillashtirishda hududlararo soliq inspeksiyasini o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston soliq tizimida mahallabay ishi tashkil etishni amalga oshirilayotgan ayrim muhim islohotlar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada turizm menejmentida ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy usullari, xususan sun’iy intellekt va big data texnologiyalarining roli yoritiladi. Katta hajmdagi ma’lumotlar orqali sayyohlar ehtiyojlarini aniqlash, xizmatlarni shaxsiylashtirish va boshqaruv qarorlarini samarali qabul qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, turizm sohasida innovatsion yondashuvlar, raqobatbardoshlikni oshirish hamda samaradorlikni kuchaytirishda intellektual texnologiyalarning ahamiyati ko‘rsatib beriladi.
Maqolada innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va ularni amaliyotga tatbiq etishda xalqaro moliya institutlarining roli tahlil qilinadi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi kabi yirik moliyaviy tashkilotlarning innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashdagi strategiyasi, moliyaviy vositalari va texnik ko‘magi yoritiladi. Shu bilan birga, MDH davlatlari, xususan, Oʻzbekiston tajribasi asosida xalqaro institutlar bilan hamkorlik samaradorligi ham koʻrib chiqiladi. Maqolada olimlarning qarashlari, amaliy misollar, mavjud muammolar va istiqbolli takliflar asosida chuqur tahlil berilgan.
Сўнгги ўн йилликда бизнес юритиш усуллари тубдан ўзгарди. Ушбу кескин ўзгаришнинг асосий сабаби янги технологияларнинг пайдо бўлиши ва уларнинг интернет хизматлари билан уйғунлашувидир. Ушбу тадқиқот компаниялар томонидан рақамли технологияларнинг ҳозирги кунда қандай қўлланилаётганини ўрганади. Хусусан, рақамли трансформация маркетингнинг асосий иштирокида амалга ошириладиган анъанавий қиймат яратиш жараёнларини қандай ўзгартириши таҳлил қилинади. Мақолада рақамли трансформациянинг анъанавий маркетингга, жумладан, унинг роли, тузилмаси ва воситаларига таъсири ўрганилади ҳамда, корхоналарда электрон тижорат тизимини жорий этиш технологияларини ўрганиб, ушбу жараёнда қўлланилаётган технологияларга эътибор қаратади. Дунёнинг энг йирик электрон тижорат компанияларининг йиллик даромадлари бўйича солиштирма таҳлил уларнинг иқтисодий таъсирини очиб беради, шунингдек, ушбу компанияларнинг технологик ютуқлари уларнинг муваффақиятга эришишига олиб келган инновацион амалиётларни кўрсатади. Тадқиқотда рақамли технологияларнинг электрон тижоратдаги муҳим ўрни ҳам кенг стратегик нуқтаи назардан ўрганилади. Бундан ташқари, Ўзбекистондаги йирик электрон тижорат фаолияти билан шуғулланувчи компаниялар бўйича маълумотлар тақдим этилиб, минтақадаги электрон тижорат технологияларининг ривожланиши ва қўлланилиши тақдим этилди. Ушбу натижалар глобал ва минтақавий электрон тижорат тенденцияларини, шунингдек, ушбу тез ривожланаётган соҳани шакллантирувчи технологик омилларни чуқурроқ англашга ёрдам беради.
Big Data tibbiyot boshqaruvining transformatsiyasida muhim rol oʻynaydi, katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, kasalliklarni prognoz qilish va sogʻliqni saqlashda boshqaruv qarorlarini optimallashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ushbu maqolada Big Data ning tibbiy boshqaruvda qoʻllanilishi, tahlil jarayonining qaror qabul qilishga taʼsiri va tibbiy maʼlumotlarni qayta ishlash bilan bogʻliq muammolar koʻrib chiqiladi. Big Data texnologiyalarining tibbiyot axborot tizimlariga integratsiyasi va tibbiyot muassasalari resurslarini boshqarishga zamonaviy yondashuvlar tahlil qilinadi. Shuningdek, sunʼiy intellekt va mashinaviy oʻrganish texnologiyalarining tibbiy tahlilda qoʻllanilishi, maʼlumotlar xavfsizligi va standartlashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Ушбу мақолада мамлакатимиз ҳозирги босқичида бухгалтерия ҳисоби ва ҳисоботини ислоҳ қилиш, хорижий инвесторларни жалб қилиш, молиявий ҳисоботларнинг шаффофлигини ошириш, молиявий ҳисоботни ҳалқаро стандартларга уйғунлаштириш ва асосий воситаларни қадрсизланиш қийматини аниқ кўрсатиш ҳамда кенг доирадаги иқтисодий ўзгаришларни амалга ошириш билан боғлиқ жиҳатлар ёритилган.