Mazkur maqolada tijorat banklarida muammoli kreditlarning yuzaga kelish omillari hamda ularning bank aktivlari sifatiga ta’siri yoritilgan. Tadqiqot davomida muammoli kreditlarning shakllanishiga olib keluvchi mikro va makro omillar tizimli ravishda tahlil qilindi. Shuningdek, muammoli kreditlarni samarali boshqarish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan strategiyalar ko‘rib chiqildi. Maqolada ta’kidlanishicha, muammoli kreditlarning o‘sishi banklarning moliyaviy barqarorligi va rentabelligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ularni boshqarishda maxsus bo‘linmalar faoliyati, qarz oluvchilar moliyaviy holatini baholash va qayta restrukturizatsiya kabi usullar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqaror ta’minlashda soliq nazorati tadbirlarining o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. 2019-2024-yillar davrida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida undirilgan soliqlar hajmi dinamikasi o‘rganilib, soliq nazoratining davlat moliyasini boshqarishdagi fiskal samaradorligi ochib berilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari asosida soliq nazoratining raqamli transformatsiyasi, risk tahliliga asoslangan yondashuvlar hamda profilaktik nazorat mexanizmlarining amaliy afzalliklari yoritilgan. Shuningdek, soliq tekshiruvlarini takomillashtirish, nazorat natijalarini oshkoralik va iqtisodiy tahlil orqali baholashga oid takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari soliqqa oid siyosatni takomillashtirish va byudjet barqarorligini mustahkamlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida sanoat korxonalarining innovatsion faoliyati ularning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. “Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati” AJ misolida aqlli texnologiyalarni joriy etish evolyutsiyasi va ularning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Kombinat ishlab chiqarish operatsiyalarini optimallashtirish, samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan raqamli еchimlarni faol integratsiya qilmoqda. Ushbu innovatsiyalarning korxona ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siri tahlil qilinadi, shuningdek, raqamlashtirish kontekstida kelgusidagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida islomiy mikromoliyalash tizimining rivojlanishi moliyaviy inklyuziya va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot islomiy mikromoliyalash institutlarining tarkibi, faoliyat koʻrsatkichlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil qiladi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tizimni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida korxonalar aktivlari ko‘rsatkichlarini baholash va prognozlashda ko‘p omilli ekonometrik modellashtirish usullari qo‘llanildi. Tadqiqot obyekti sifatida “Grant Thornton Valuation” MCHJ faoliyati tanlanib, xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar natijaviy omil sifatida olindi. Ta’sir etuvchi omillar sifatida shartnomalar soni, baholash hisobotlari soni, xususiylashtirilgan obyektlar soni, sertifikat va lisenziyalar soni kiritildi. Tavsifiy statistika, korrelyatsiya, VIF, ADF testlari asosida model ishonchliligi tekshirildi hamda prognozlash amalga oshirildi. Olingan natijalar korxona faoliyatini tahlil qilishda va kelgusi yillarga prognozlashda amaliy ahamiyat kasb etadi.
Maqolada innovatsion marketing texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Raqamli transformatsiya sharoitida korxonalar sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data), blokcheyn, AR/VR texnologiyalari va omni-channel strategiyalar asosida marketing faoliyatini yangicha yondashuvlar bilan rivojlantirmoqda. Tadqiqotda xalqaro tajribalar va O‘zbekiston iqtisodiyotida olib borilayotgan raqamli islohotlar qiyosiy o‘rganilib, innovatsion marketing texnologiyalarining samaradorlikka ta’siri, raqobatbardoshlikni oshirishdagi o‘rni hamda iste’molchilar bilan barqaror aloqalarni shakllantirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, innovatsion marketing texnologiyalarini keng qo‘llash korxonalar uchun nafaqat qisqa muddatli savdo hajmlarini oshirishda, balki uzoq muddatli barqaror rivojlanish strategiyasini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tadqiqotda kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatining hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri statistik-ekonometrik usullar yordamida tahlil qilingan. Empirik hisob-kitoblar uchun Stata dasturidan foydalanilib, kichik tadbirkorlikning hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholash imkoniyati yaratiladi. Ushbu yondashuv natijalari hududiy iqtisodiyotda kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish uchun amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur maqolada aholi daromadlarining hududiy tafovutlariga ta’sir etuvchi asosiy iqtisodiy omillar empirik jihatdan o‘rganilgan. Tadqiqotda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad, o‘rtacha ish haqi, bandlik darajasi, investitsiyalar hajmi hamda sog‘liq infratuzilmasi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilinib, ularning o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, hududlarda daromadlar dinamikasiga eng kuchli ta’sir etuvchi omillar sifatida ish haqi darajasi va jalb etilgan investitsiyalar miqdori namoyon bo‘lmoqda. Bandlik darajasi va sog‘liq infratuzilmasi ko‘rsatkichlari esa bilvosita ta’sir ko‘rsatib, hududiy farovonlikning qo‘shimcha omillari sifatida baholanishi mumkin. Tadqiqot xulosalari aholi daromadlarining hududiy tafovutlarini yumshatishga qaratilgan iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
Soʻnggi yillarda ipoteka kreditlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, kapital bozorining muvvaqiyatli rivojlanishi, shu jumladan ipoteka va sugʻurta tizimisiz mumkin emas. Shu nuqtai nazardan ushbu mavzu hamisha dolzarb va tadqiqotchilarning diqqat eʼtiboridadir. Ushbu maqolada ipoteka sugʻurtasi tushunchasi, uning asosiy turlari va amal qilish mexanizmlari tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada ushbu munosabatlarning turli ishtirokchilari uchun ipoteka sugʻurtasining asosiy afzalliklari koʻrsatib oʻtilgan.
Ushbu maqolada hududiy rivojlanishda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarining roli, amaliy tatbiqi va istiqbollari chuqur tahlil qilinadi. Hududlarda iqtisodiy o‘sish, zamonaviy infratuzilma barpo etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va investitsion muhitni yaxshilashda DXSh alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotda Qashqadaryo viloyati misolida DXSh loyihalarining samaradorligi va ular orqali erishilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar o‘rganildi. Statistik ma’lumotlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar tahlili va solishtirma usul yordamida olib borilgan tahlillar natijasida aniqlandiki, DXSh asosidagi hamkorlik hududiy taraqqiyotda innovatsion va moliyaviy yechimlarni keng joriy qilishga xizmat qilmoqda. Maqola yakunida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli ilmiy-amaliy tavsiyalar berilgan.