Ushbu maqola O‘zbekiston sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida sun’iy intellekt (SI) tizimlarini qo‘llash metodologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning asosiy maqsadi SI texnologiyalarining milliy iqtisodiyot tarmoqlariga integratsiyalashuvining samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdir. Maqolada mavjud xorijiy va mahalliy tajribalar tahlil qilinib, SIni joriy etishdagi institutsional, texnik va kadrlar muammolari aniqlandi. Asosiy natija sifatida SI asosidagi qaror qabul qilish tizimlarini iqtisodiy rejalashtirishga tatbiq etishning takomillashtirilgan metodologiyasi taklif etilgan. Ushbu metodologiya SI xavfsizligi, shaffofligi va iqtisodiy samaradorligi tamoyillariga asoslangan. Tadqiqot natijalari iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda va SI texnologiyalaridan foydalanishda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Kichik biznesni rivojlantirishning huquqiy va institutsional asoslari tadbirkorlikni rag‘batlantirish va iqtisodiy o‘sishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu mavzu kichik korxonalarning rivojlanishini ta’minlovchi me’yoriy-huquqiy bazalar, mulkiy huquqlar va siyosat mexanizmlarini o‘rganib, moliyalashtirish, bozorga kirish va nizolarni hal qilishda institutlarning rolini ta’kidlaydi. Ushbu asoslarni tushunish to‘siqlarni kamaytirish, innovatsiyalarni yaxshilash va barqaror biznes ekotizimlarini rag‘batlantirish strategiyalarini aniqlashga yordam beradi.
Maqolada 2010-2023 yillarda O'zbekistondan tovarlar va xizmatlar eksporti dinamikasi tahlil qilinadi, eksportning tovar kontsentratsiyasi indeksi va eksportni diversifikatsiya indeksidan foydalanish asosida O'zbekiston eksportining tovar tarkibi va geografiyasini diversifikatsiya darajasi baholanadi. 2010-2023 yillarda O'zbekiston eksportini rivojlanish tendentsiyalarining statistik tahlili eksport tarkibi va geografiyasini diversifikatsiya qilishni jadallashtirish, tovar eksporti tarkibida yuqori qo'shilgan qiymatga ega tayyor tovarlar ulushini oshirish, xizmatlar eksportini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, hududlarning eksport faoliyatini rivojlantirish zarurligini ko'rsatadi. Eksportni diversifikatsiya qilishni jadallashtirish iqtisodiy siyosatning turli yo'nalishlarida, shu jumladan savdo, investitsiya, sanoat siyosatini takomillashtirish va institutsional islohotlarni chuqurlashtirishda o'zaro bog'liq chora-tadbirlar majmuini amalga oshirishni talab qiladi.
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini transformatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlari xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda 2020-2025 yillar davomida pandemiyadan keyingi tiklanish bosqichida turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar, strategik yondashuvlar va institutsional mexanizmlar o‘rganilgan. Xususan, turizmni raqamli transformatsiya qilish, mahsulot va bozor diversifikatsiyasi, mavsumiylikni yumshatish, barqaror va “yashil” turizmni joriy etish hamda turistik xizmatlar qiymatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil etilgan. Tadqiqotda turizmni transformatsiyalash va diversifikatsiyalashning asosiy omillari sifatida davlat siyosati va strategik rejalashtirish, infratuzilmaviy investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, madaniy va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, hamda barqaror rivojlanish tamoyillari belgilangan. Shuningdek, xorijiy tajriba asosida milliy turizm siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqilgan.