Ushbu maqolada ipoteka kreditining zarurati, uning ishlash mexanizmlari va islom moliya muassasalari tomonidan taklif etilayotgan islomiy ipotekaning o‘ziga xos jihatlari o‘rganib chiqildi. Shuningdek, turli mamlakatlarda uy-joyni moliyalashtirishda foydalanilayotgan islom moliyasi instrumentlari va ularning afzalliklari tahlil qilinib, islomiy ipoteka va an’anaviy banklar taklif qilayotgan ipotekaning qiyosiy tahlili ham amalga oshirilgan.
Мазкур мақолада корхоналар молиявий фаолиятини солиқлар орқали рағбатлантиришнинг халқаро тажрибаси ўрганилган бўлиб, солиқ ислоҳотларини амалга оширишда хорижий мамлакатларнинг ижобий тажрибаларидан мамлакатимизда фойдаланишнинг ўзига хос хусусиятлари ва истиқболлари ёритиб берилган. Шунингдек, хорижий мамлакатлар солиқ амалиётида тақдим этилган солиқ имтиёзлари ва преференцияларнинг самарадорлигини таъминлашнинг устувор йўналишлари таҳлил қилинган.
Ushbu maqolada tijorat banklarining kapitallashuv darajasini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning dolzarb masalalari keltirilgan. Bundan tashqari respublikamiz tijorat banklarining kapitali miqdori va dinamikasi, ustav kapitalining o`z mablag`laridagi ulushi hamda ularning kapitallashuv darajasini tavsiflovchi ko`rsatkichlar holati tahlil qilingan va xulosalar berilgan.
Maqolada mamlakatimizda eksport va importning iqtisodiy oʼsishga ijobiy taʼsirini qoʼllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish ahamiyati oʼsganligining sabablari hamda yangi jihatlarini yoritishga harakat qilingan. Samarali tashqi iqtisodiy faoliyatga oid jahon amaliyoti va eksport va importni soliqlar orqali ragʼbatlantirish mexanizmining zamonaviy trendlari tajribalarini oʼzlashtirish asosida uning samarali vosita va usullarini qoʼllash xususiyatlari va vazifalari bayon etilgan. Oʼzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarida samarali eksportning iqtisodiy oʼsishga ijobiy taʼsirini qoʼllab-quvvatlash yoʼnalishlari asoslab berilgan.
Мақолада Ўзбекистон Республикасида иқтисодиёт эркинлашуви ва модернизациясининг ҳозирги босқичида солиқларнинг корхоналар молиявий-хўжалик фаолиятига таъсири ва уни самарали бошқаришнинг янгича мазмуни ва аҳамияти, устувор вазифалари ҳамда ўзига хос хусусиятлари илмий асослаб берилган.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston fond bozori va fond bozorida faoliyat yuritayotgan investorlar uchun investitsiya portifelini tanlashda qimmatli qogʻozlarni CAPM modeli va boshqa koʻrsatgichlar asosida tahlil qilingan. Bunday tashqari, Oʻzbekiston fond bozorini rivojlanish istiqbollari, muammolari va ularning yechimlari atroflicha tadqiq etilgan. Investitsion portfel tahlili kapital bozorida investitsiya portfellarining samaradorligini baholash uchun qo'llaniladigan muhim vositadir. Ushbu tahlil portfeldagi aktsiyalar va boshqa moliyaviy vositalar kabi turli aktivlarni baholashni o'z ichiga oladi. Shuniningdek, maqolada investitsiyalarining riskini va daromadliligini baholash va daromadlarini maksimal darajada oshirish uchun investorlarga zarur tahlillar tadqiq etilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.
Рақамли маркетинг бутун дунё бўйлаб кичик корхоналарнинг рақобатбардошлиги ва ўсишини белгилаб берувчи асосий омиллардан бирига айланди. Ўзбекистонда рақамли технологияларнинг жадал жорий этилиши, интернет қамровининг кенгайиши ҳамда ижтимоий тармоқлар оммалашувининг ортиши маркетинг соҳасида туб ўзгаришларга олиб келди. Кичик ва ўрта бизнес субъектлари (КЎБ) маҳсулотларини тарғиб қилиш, мижозлар билан алоқа ўрнатиш ва бозор қамровини кенгайтириш мақсадида рақамли воситалардан тобора кўпроқ фойдаланмоқда. Ушбу тадқиқот Ўзбекистондаги кичик бизнес корхоналари томонидан қўлланилаётган асосий рақамли маркетинг стратегияларини таҳлил қилади ҳамда уларнинг бизнес самарадорлигини оширишдаги таъсирини баҳолайди. Тадқиқот сифат усулига асосланган бўлиб, Ўзбекистон Республикасига оид илмий мақолалар, соҳавий ҳисоботлар ва рақамли маркетинг бўйича тадқиқотлар таҳлилини ўз ичига олади. Натижалар шуни кўрсатадики, ижтимоий тармоқларда маркетинг, қидирув тизимларини оптималлаштириш (SEO), инфлюенсер маркетинг ва электрон тижорат платформалари Ўзбекистондаги КЎБ томонидан энг кенг қўлланилаётган стратегиялар ҳисобланади. Шунга қарамасдан, рақамли маркетинг кенг тарқалган бўлса-да, кўплаб кичик корхоналар рақамли саводхонлик, молиявий ресурслар ва стратегик режалаштириш билан боғлиқ муаммоларга дуч келмоқда. Тадқиқот хулосасига кўра, рақамли кўникмаларни ошириш, таҳлил воситаларига сармоя киритиш ва интеграциялашган маркетинг стратегияларини ишлаб чиқиш Ўзбекистон бозорида КЎБ рақобатбардошлигини сезиларли даражада ошириши мумкин.
Mazkur maqola ekologik innovatsiyalarni moliyalashtirishda soliq instrumentlarining rag‘batlantiruvchi va resurs safarbar qiluvchi salohiyatini tahlil qiladi. Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi sharoitida “yashil” texnologiyalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish katta miqdordagi barqaror moliyaviy manbalarni talab etadi. Tadqiqotning maqsadi ekologik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda soliq mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar mazmunini umumlashtirish, hamda O‘zbekiston sharoitida ustuvor yo‘nalishlar uchun amaliy takliflarni asoslashdan iborat. Ishda adabiyotlar sharhi bilan bir qatorda 2021-2024 yillar kesimidagi ko‘rsatkichlar asosida deskriptiv tahlil o‘tkazilib, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi hududlar kesimida solishtirildi, shuningdek quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi dinamikasi baholandi. Natijalar emissiyalar darajasi yillar bo‘yicha o‘zgaruvchanligini va ayrim hududlarda yuqori konsentratsiyani ko‘rsatadi; qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishida esa 2024 yilda keskin o‘sish qayd etiladi. Ushbu kuzatuvlar ekologik innovatsiyalarni rag‘batlantirishda soliq siyosati dizaynini hududiy va tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda takomillashtirish zarurligini asoslashga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish jarayonida “yashil” investitsiyalar va bandlikning ahamiyati yoritib berilgan. Maqolada BRMlarning milliy rivojlanish siyosatiga integratsiya qilinishi, “yashil” budjetlashtirish amaliyoti hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning institutsional va moliyaviy mexanizmlari yoritib berilgan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energetika sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning o‘zgarish dinamikasi, davlat budjeti xarajatlarining BRM bo‘yicha markirovkasi hamda “yashil” moliyalashtirish instrumentlari tahlili orqali “yashil” investitsiyalarning BRM 7, 8, 9, 11, 12 va 13-maqsadlariga erishishdagi roli asoslab berilgan. Tahlil natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirilib, ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada jismoniy shaxslarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari samaradorligini kompleks baholashning nazariy-uslubiy asoslari ishlab chiqilgan. Tadqiqotda bank xizmatlari samaradorligini aniqlashda an’anaviy moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda mijozlar qoniqishi, raqamli xizmatlar sifati, operatsion tezkorlik, risklarni boshqarish darajasi hamda xizmatlarning institutsional barqarorligi kabi ko‘p omilli indikatorlar tizimi taklif etilgan. Shuningdek, raqamli transformatsiya sharoitida chakana bank xizmatlarining samaradorligini baholash uchun integratsiyalashgan ko‘rsatkichlar modeli ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari banklarda mijozga yo‘naltirilgan strategiyani takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda raqobatbardoshlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada xizmat ko‘rsatish tarmog‘idagi barcha sohalarning mamlakatimiz YaIMiga ta’sirini statistik ma’lumotlar asosida regressiya tahlili yordamida tahlil qilindi. Shuningdek, tadqiqotimizda iqtisodiy bog‘liqlilar aniqlanib, regressiya modeli tuzildi.
Ushbu maqolada oliy ta’lim muassasalari boshqaruv xodimlarining kasbiy tayyorgarligini rivojlantirish uchun davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘llari o‘rganilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasi, budjet mablag‘larini taqsimlashning xalqaro ilg‘or tajribasi tahlil qilingan hamda moliyaviy resurslarni optimallashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Natijaga yo‘naltirilgan budjetlashtirish mexanizmlari, shaffoflik tamoyillari va institutsional salohiyatni oshirish yondashuvlari ko‘rib chiqilgan. Budjet taqsimlash samaradorligi va rahbar kadrlarni rivojlantirish dasturlari sifati o‘rtasidagi bog‘liqlikga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, davlat budjeti resurslarini strategik taqsimlash, institutlar avtonomiyasi va hisobdorlik mexanizmlari bilan birgalikda oliy ta’limda boshqaruv kompetensiyalarining barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
Mazkur maqolada pensiya ta’minoti va majburiy pensiya sug‘urtasining zamonaviy davlatlarning ijtimoiy himoya tizimidagi o‘rni hamda ularning barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi ahamiyati yoritilgan. Tadqiqotda Germaniya, Italiya va AQSh pensiya tizimlari misolida majburiy, korporativ va xususiy pensiya ta’minoti darajalari, ularning moliyalashtirish manbalari, ishtirokchilar doirasi hamda funksional xususiyatlari qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek, davlatning pensiya tizimidagi tartibga soluvchi roli, avlodlar birdamligi tamoyili, jamg‘arib boriladigan pensiya mexanizmlarining ahamiyati va aholi qarish jarayonining pensiya tizimiga ta’siri ko‘rsatib berildi. Maqolada pensiya yoshi, minimal sug‘urta staji, badallar miqdori kabi mezonlar bo‘yicha ayrim xorijiy mamlakatlar tajribasi solishtirildi. O‘zbekiston pensiya tizimining hozirgi holati, demografik o‘zgarishlar sharoitida uning moliyaviy barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar, majburiy pensiya sug‘urtasini takomillashtirish zarurati va islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari asoslab berildi. Xulosa qismida xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirgan holda pensiyaning jamg‘ariladigan qismini rivojlantirish, aktuariy baholashni kuchaytirish, majburiy va ixtiyoriy pensiya mexanizmlarining uyg‘unlashuvi pensiya tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ушбу мақолада баҳоланган мажбуриятлар ҳисобида мавжуд муаммолар қайд қилинган. Халқаро стандартларга мувофиқ баҳоланган мажбуриятларнинг турлари, уларни тан олиш ва баҳолаш тартиби такомиллаштирилган. Баҳоланган мажбуриятларни ҳисобга олиш мақсадида амалдаги счётлар режасига тааллуқли счётларни очиш ва уларни юритиш тартиби келтирилган. Баҳоланган мажбуриятлар ҳисобига оид бухгалтерия ишланмалари тавсия этилган. Ушбу тавсияларнинг амалиётда қўлланилиши баҳоланган мажбуриятларни халқаро стандартларга мувофиқ ҳисобга олишни таъминлайди.
Мақолада солиқ солишнинг бизнес субъектлари фаолиятига таъсирлари кўриб чиқилган. Солиққа тортиш бизнес субъектлари фаолиятини ривожланишида катта аҳамиятга эга. Бизнес томонидан тўланадиган солиқлар миқдори ҳам харажатлар ҳажмига, ҳам ишлаб чиқариш таннархи даражасига, ҳам натижада нархларга бевосита таъсир қилади. Амалга оширилган таҳлиллар асосида тегишли хулосалар шакллантирилган.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Мақолада миллий иқтисодиётдаги тижорат банкларидан бўлган “Микрокредитбанк” АТБнинг кредит фаолиятини ифодаловчи кўрсаткичлари, жумладан, активлар таркибида кредитлар ҳажми ва унинг улуши, шунингдек, активлар ва депозитлар ҳамда кредитларнинг ўзаро солиштирма ҳолатлари, кредитларнинг иқтисодиёт соҳалари бўйича таркиби ва умумий кредитларнинг имтиёзли ва тижорат кредитлари бўйича ҳамда жисмоний ва юридик шахсларга кўра тузилиши ҳолатининг 2020-2024 йиллардаги динамикаси таҳлил қилинган. Шу билан бирга тадқиқот йўналишидаги назарий ва услубий жиҳатлар ўрганилган ҳолда хулосалар қилинган ва таклифлар ишлаб чиқилган.
Маҳсулот таннархини аниқлаш ишлаб чиқариш ва хизмат кўрсатиш соҳасида самарали бошқарув учун муҳим омилдир. Замонавий калькуляция усуллари ахборот технологиялари ва мураккаб моделлардан фойдаланишга асосланиб, таннархни аниқлаш ва таҳлил қилишни осонлаштиради. Бу усуллар ишлаб чиқариш жараёнини оптимизация қилиш, харажатларни самарали бошқариш ва қарорлар қабул қилишда катта аҳамиятга эга. Услубларнинг ҳар бири ўзининг махсус афзалликлари билан, тўғри ҳисоб-китоб ва иқтисодий самарадорликка эришишга ёрдам беради. Замонавий технологиялар ва тажриба асосида, мазкур усулларни амалиётга жорий этиш ташкилотларга рақобатбардошликни ошириш ва ресурсларни тежаш имконини яратади.
Hozirgi kunda B2B maʼlumotlarini narxlash modellari asosan sotuvchi tomonidan boshqarilib kelmoqda va xaridorlarning oʻz nuqtai nazarlari eʼtiborsiz qoldirilmoqda. Bu anʼanaviy model, bozor samaradorligining pasayishiga va uzoq muddatda barcha manfaatdor tomonlar uchun moliyaviy natijalarning pasayishiga olib keladi. Ushbu tadqiqot qiymat dastaklari yaʼni, xaridorlar va sotuvchilar uchun funksiyalar, LightGBM mashina oʻrganishidan foydalangan holda dinamik algoritm va real vaqt rejimida narxlash uchun API kabi komponentlarni tahlil qiladi.
Ushbu maqolada tijorat banklarida yashil moliya mahsulotlarini rivojlantirish va innovatsion mahsulotlar yaratish istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar, ESG investitsiyalari va yashil obligatsiyalar banklar faoliyatida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Shuningdek, banklarda ekologik risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik, yosh xodimlar va innovatsion g‘oyalarni jalb qilish ham muhim strategik yo‘nalishlar sifatida aniqlangan.
Mazkur maqolada davlat tibbiyot tashkilotlarida nomoddiy aktivlar hisobining nazariy jihatlari, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati hamda raqamli infratuzilma sharoitida foydalanish mexanizmlari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlar, elektron tibbiy reestrlar, tibbiy axborot tizimlari, litsenziyalar, klinik protokollar, tibbiy maʼlumotlar bazalari va intellektual resurslar, tibbiyot muassasalarining xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirishda asosiy omilga aylanganini koʻrsatdi. Maqolada nomoddiy aktivlarni baholashning integral indikatorli modeli (IAI) ishlab chiqilib, besh indikator: axborot tizimlari qiymati, klinik litsenziyalar, maʼlumotlar bazasi qiymati, elektron xizmatlar samaradorligi va intellektual salohiyatga asoslangan baholash metodologiyasi taklif etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlarni hisobga olishda faqat moddiy moliyaviy koʻrsatkichlar bilan cheklanish amaliy jihatdan yetarli emasligini, ijtimoiy foyda va xizmat samaradorligini hisobga oluvchi kompleks yondashuv talab etilishini asosladi. Maqola natijalari davlat tibbiyot tashkilotlarida moliyalashtirish samaradorligini oshirish, hisob siyosatini takomillashtirish va raqamli iqtisodiyot sharoitida intellektual resurslarni strategik boshqarish uchun amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
Maqolada savdo korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari tizimi ishlab chiqildi. Tadqiqot jarayonida tushumlar, chakana tovar aylanmasi tushunchalariga taʼriflar ishlab chiqildi.Savdo korxonasi chakana tovar aylanmasi koʻrsatkichlari tahlil qilindii va unga ta’sir qiluvchi omillar o’rganildi. Savdo korxonalarida sotilgan tovarlar tannarxini aniqlash tartibi, “Muomala xarajatlari” iqtisodiy kategoriyasiga iqtisodchi olimlarning bergan ta'riflari o’rganilib takomillashtirish bo’yich takliflar berildi. Savdo korxonalarida tovarlar xaridi bilan bogʻliq muomala xarajatlari, savdo korxonalarida sotish xarajatlari, savdo korxonasining sotish xarajatlari va uning darajasini tahlil qilish uslubiyotini takomillashtirish bo’yicha takliflar berildi.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozoridagi zaruriy infratuzilma va imkoniyatlardan kelib chiqib, mavjud alternativ moliya elementlarini hisobga olgan holda mamlakatda alternativ moliya ekotizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish modelini ishlab chiqishga qaratilgan. Ushbu maqsadga erishishda sifat yondashuvidan keng foydalanilgan. Natijada, mamlakatda alternativ moliya ekotizimini rivojlantirishda institutsional asoslarni ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash siyosati va islom moliyasi bo‘yicha xabardorlikni oshirish, islom kapital bozori instrumentlarini tatbiq etish, rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yo‘nalish va amalga oshirish bosqichlari ishlab chiqilgan.