Ushbu maqolada Oʻzbekistonga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligini oshirish masalalari tahlil etildi. Investitsiyalarning mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) tarkibidagi oʻrni, ularning iqtisodiy oʻsishga ta’siri va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishdagi ahamiyati koʻrib chiqilgan. Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya loyihalarini samarali boshqarish va investitsiyalardan olinadigan iqtisodiy natijalarni optimallashtirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar taklif etilgan
Mazkur maqolada ishchilar qoʻnimsizligining mazmuni, yuzaga kelish sabablari, iqtisodiy ahamiyati oʻrganib chiqilgan. Ishchilar qoʻnimsizligining ortib borishi sabablari jahon mintaqalari kesimida oʻrganilgan va mamlakatimizdagi holat boʻyicha taqqoslama tahlil oʻtkazilgan. Ishchilar qoʻnimsizligining umumiy korxona samaradorligiga taʼsirini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar umumlashtirilgan, qoʻnimsizlik tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xarajatlarni sohalar kesimida aniqlash mexanizmi ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonda ishchilar qoʻnimsizligi boʻyicha rasmiy statistikaning yoʻqligi sabablari keltirilgan va uni bartaraf etish boʻyicha nazariy yechimlar berilgan. Qoʻnimsizlikning ortishi yoki kamayishiga taʼsir etuvchi omillar tasniflangan va moderatsiya tadqiqoti asosida ularning ishchilar qoʻnimsizligiga taʼsiri oʻrganilgan.
Maqolada ko‘p o‘lchamli kambag‘allik (MPI), uni aniqlash metodikasi, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi mavjud holati tahlil etilgan. Kelgusida mamlakatda statistik ma’lumotlar, iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar, MPIni joriy etish imkoniyatlari bo‘yicha xulosalar berilgan.
Мақолада қишлоқ хўжалигининг ривожланиш даражасини баҳолаш ҳамда соҳа ривожига таъсир этувчи омил ва мавжуд имкониятлардан кенг фойдаланиш орқали қишлоқ хўжалигида эришилган натижалар ва истиқболдаги ривожланишга эътибор қаратилган бўлиб,қишлоқ хўжалиги соҳасига илмий-инновацион лойиҳаларни татбиқ этиш масалалари ёритилган. Рақамли технологиялар ҳамда “ақлли қишлоқ хўжалиги”ни жорий этиш орқали озиқ-овқат барқарорлигини таъминлаш ва мамлакатнинг озиқ-овқат хавфсизлигини мустаҳкамлаш муаммолари кўриб чиқилган.
Мақолада хорижий инвестицияларнинг иқтисодий самарадорлигини ифодаловчи кўрсаткичлар таҳлил қилинган. Инвестицион лойиҳа самарадорлиги ва қиймати кўрсаткичлари ҳисобланган, илмий жиҳатдан таклифлар баён этилган, инвестициялардан фойдаланиш самарадорлиги: ЯИМдаги инвестициялар улуши, асосий капиталдаги инвестицияларнинг улуши, шунингдек, инвестициялар рентабеллиги даражаси каби кўрсаткичларни ўз ичига олган. Бу кўрсаткичлар тўпланган маблағлар қанчалик самарали фойдаланилаётгани ва улар мамлакатнинг иқтисодий ўсиши ва ривожланишига қандай таъсир кўрсатишини баҳолаш имконини беради.
Ushbu maqola Oʻzbekistonning zamonaviy sugʻurta bozori holatini tahlil qilishga bagʻishlangan boʻlib, u bitimlar hajmining oʻsishi, sugʻurta faoliyatining yangi yoʻnalishlarining paydo boʻlishi, raqobatning kuchayishi va bozordagi vaziyatda sugʻurta regulyatori rolining kuchayishi bilan tavsiflanadi. Unda sugʻurta bozorining soʻnggi 4 yildagi natijalari, jumladan, sugʻurta bozorining asosiy ishtirokchilari tarkibi va uning asosiy moliyaviy koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar, davlat tomonidan sugʻurta bozorini yangi sifat darajasiga koʻtarishga qaratilgan siyosati va mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror oʻsishi sharoitida yangi rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqilgan
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida uyg‘unlashtirish hamda bu orqali jahon bozoriga aniq va ishonchli ma’lumotlar bilan kirish, majburiyatlar hisobining yuritilishi va uning xalqaro standartlar asosida takomillashtirilishining zaruriyati, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611 qarori yurtimizda MHXSni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lganligi haqida keltirib o‘tiladi.
Mamlakat iqtisodiyoti uchun energiya talabini prognoz qilish, oldindan baholash uchun ishonchli prognozlash usullarini ishlab chiqish zarur. Bu iqtisodchilar uchun isteʼmolchilarning energiyaga boʻlgan ehtiyojlarini aniqroq kuzatish va tahlil qilish imkonini beradi. Shu maqsadda ushbu tadqiqot amalga oshirilib, Oʻzbekiston Respublikasi energiya isteʼmoli hajmi 1985-2023 yillar oraligʻida yigʻilgan maʼlumotlarga asoslanib, uzoq muddatli energiya isteʼmolining prognozini aniqlandi. Prognozlash jarayonida ekonometrik ARIMA modeli qoʻllanildi. Eng yaxshi ARIMA tartibini aniqlash boʻyicha Boks–Jenkins metodologiyasidan foydalanildi. Natijalariga koʻra, ARIMA (0,1,3) modeli eng kichik xatolik bilan eng optimal model deb topildi. Ushbu model asosida umumiy prognoz natijalari boʻyicha oʻrtacha foiz xatolik 7,2 foizni tashkil etdi. Energiya isteʼmoliga doir uzoq muddatli taktik qarorlar qabul qilishda ARIMA eng samarali model ekanligi aniqlandi.
Mazkur maqolada moliyaviy texnologiyalar (FinTech) va ularning O‘zbekiston moliya tizimi rivojlanishiga ta’siri tahlil qilingan. FinTech loyihalari raqamli to‘lovlar, mobil banking, mikrokreditlash va boshqa zamonaviy xizmatlar orqali moliyaviy inklyuziyani oshirish, xizmatlar tezkorligini ta’minlash va iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirishda muhim vosita ekanligi asoslab berilgan. Mavzuga oid statistik ma’lumotlar, xalqaro tajribalar va milliy qonunchilik asosida muhokama olib borilib, FinTech loyihalarining istiqboli yoritilgan.
Ushbu maqolamizda global va mahalliy iqtisodiy oʻsish, inflyatsiya, ish bilan taʼminlanish, investitsiyalar va boshqa makroiqtisodiy oʻzgarishlar tahlil qilinib, maqola iqtisodchilar tomonidan amalga oshirilgan prognozlar va tahlillarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, iqtisodiy siyosat, jahon savdosi va texnologik yangiliklarning iqtisodiy rivojlanishga qanday taʼsir koʻrsatishi kutilayotganligi ham koʻrib chiqildi. Maqolada iqtisodiy tahlil va global inqirozlar, barqaror oʻsish strategiyalari, ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash yoʻllari haqida fikrlar keltirilib oʻtildi. 2025-yil uchun makroiqtisodiy prognozlar davlatlararo hamkorlik, global iqtisodiyotning yangilanishi va yangi texnologiyalarning iqtisodiy taʼsiri haqida soʻz boradi. Bazis yildagi koʻrsatkichlarga nisbatan joriy yilgi koʻrsatkichlar tahlili koʻrilib chiqildi.
Tadqiqotning maqsadi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirishda dolzarb masala bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiy xizmatlar sohasining Samarqand viloyati misolida ko‘rib chiqishdir. Mazkur maqolada Yangi O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirish va iqtisodiyotni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etgan tibbiy xizmatlar sohasining tizimli tahlili va uni rivojlantirish imkoniyatlari ilmiy asoslangan.
O‘zbekiston mehmonxona sohasi tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda, ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoroda mehmonxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Mamlakatning barqaror rivojlanish sa’y-harakatlari doirasida Atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari tartibga soluvchi hujjatlar va biznes amaliyotlariga integratsiya qilinmoqda. Ushbu maqola O‘zbekiston mehmonxona sohasida ESGni joriy etishning hozirgi holati, milliy siyosatning ta’siri va ESG strategiyalarini amalga oshirishning afzalliklarini o‘rganadi. Adabiyotlar sharhida global ilg‘or tajribalar va ESG talablariga rioya qilishning moliyaviy ustunliklari ko‘rsatilgan. Tadqiqot ESGni joriy etish muammolarini tahlil qiladi va O‘zbekiston mehmonxona sohasida barqarorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Ushbu maqolada mamlakatimizda mintaqaviy infratuzilmani innovatsion rivojlantirishning hozirgi holati va dolzarb muammolari tahlil qilinadi. Infratuzilmaning modernizatsiyasi va innovatsion yechimlarni joriy etish jarayoni hududlarning iqtisodiy barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu boisdan, tadqiqotda mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga ta’sir etuvchi asosiy omillar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda moliyalashtirish yetishmovchiligi, eskirgan texnologiyalar, institutsional muammolar va hududiy nomutanosibliklar asosiy to‘siqlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, maqolada ilg‘or xorijiy tajriba tahlil qilinib, innovatsion infratuzilmani shakllantirishning samarali strategiyalari ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur maqolada mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, uning barqaror innovatsion taraqqiyotga ta’siri yoritiladi. Tadqiqot natijalari hududiy siyosatni shakllantirish va infratuzilmani rejalashtirish jarayonlarida amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ushbu tadqiqotda Oʻzbekiston Respublikasida aholining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi statistik tahlil asosida oʻrganildi. Mamlakatda ijtimoiy himoya siyosati aholining turmush darajasini yaxshilash, bandlikni oshirish va kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan boʻlib, uning samaradorligini baholashda rasmiy statistik maʼlumotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Moliya vazirligi, BMT va Jahon banki tomonidan taqdim etilgan ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda deskriptiv va dinamik tahlil metodlari qoʻllanildi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston iqtisodiyotida axborotlashtirish sohasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi va ularning iqtisodiy tizimga integratsiyasi, mamlakatning iqtisodiy oʻsishi, samaradorlikning oshishi va raqobatbardoshlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Axborotlashtirish, ayniqsa, davlat boshqaruvi, biznes va taʼlim sohalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy jarayonlarni yanada soddalashtirish va tezlashtirish imkonini yaratadi. Xususan, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, onlayn xizmatlar, hamda maʼlumotlar bazalari va sunʼiy intellekt texnologiyalarining qoʻllanilishi orqali resurslarni samarali boshqarish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish jarayonlarini optimallashtirishga erishilmoqda. Shuningdek, axborotlashtirishning rivojlanishi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Mazkur maqolada axborot texnologiyalarining iqtisodiyotga integratsiyalashuvi, raqamli transformatsiya jarayonlari va ular bilan bogʻliq iqtisodiy natijalarni oʻrganishni taqozo etadi. U, shuningdek, Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyotga oʻtish jarayonida yuzaga kelayotgan imkoniyatlar va muammolarni tahlil etadi.
Мақолада давлат бюджетини шакллантиришда солиқларнинг ўрни, солиққа тортишда тўғри ва эгри солиқларнинг нисбатини аниқлаш муаммосига доир назарий ёндашувлар кўриб чиқилган. Уларнинг оптимал нисбатини аниқлаш мақсадида қиёсий таҳлил қилинган. Шу билан бирга, иқтисодиётда яширин айланма савдо ва умумий овқатланиш, автотранспортда ташиш, уй-жой қурилиши ва таъмирлаш, тураржой хизматларини кўрсатиш каби соҳалар ўрганилиб, хориж тажрибаси, мамлакатимизда уни қўллаш бўйича илмий-амалий хулоса ва таклифлар шакллантирилган.
Мақолада Янги Ўзбекистон солиқ амалиётида қўшилган қийматни солиққа тортишнинг самарали механизмини яратишнинг зарурлиги, вазифалари, тизимли муаммолари ва уларни ҳал этиш масалалари тадқиқ этилган. Мамлакат ижтимоий-иқтисодий ривожланиш истиқболларида солиқ механизмининг назарий ва услубий мазмунини асослашга муаллифнинг ёндашуви таклиф этилди ва бу солиқнинг муҳим хусусиятларини, унинг қиймати ва омил хусусиятини ва давлат солиқ механизмининг кўп даражали тузилишини аниқлаш имконини берди. Ўзбекистон Республикаси солиқ тизимида қўшилган қийматни солиққа тортишнинг самарали механизмини яратиш имкониятлари тадқиқ этилган ҳамда тавсиялар ишлаб чиқилган.
Мақолада нодавлат таълим ташкилотларининг мамлакат миллий иқтисодиётидаги аҳамияти, ушбу тармоқ соҳаларини ривожлантиришда ҳукумат томонидан олиб борилаётган ижтимоий-иқтисодий сиёсат, нодавлат ташкилотлар томонидан кўрсатилаётган таълим хизматлари сифатини назорат қилувчи ташкилотларнинг вазифалари, шунингдек, таълим фаолияти билан шуғулланувчи нодавлат ташкилотларда бухгалтерия ҳисобини юритишнинг долзарб масалалари ёритилган.
Ушбу мақолада мамлакатимизда солиқлар йиғилувчанлиги ва унга таъсир этувчи омиллар бўйича хорижлик ва маҳаллий иқтисодчи олимларнинг тадқиқотлари ўрганилган ҳамда Ўзбекистонда солиқ йиғилувчанлиги кўрсаткичлари таҳлил қилиниб, солиқ йиғилувчанлиги кўрсаткичлари ва унга таъсир қилувчи омиллар таҳлили бўйича тегишли хулосалар шакллантирилган.
Turizm jahon iqtisodiyotida eng muhim sohalardan biri boʻlib, mamlakatlarning iqtisodiy oʻsishi va rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Bundan tashqari, mamlakatdagi turizmning rivojlanishi investitsiyalar hajmi, infratuzilma va xizmatlar sohasini yaxshilaydi. Mehmondoʻstlik sanoati yildan yilga dunyo iqtisodiyotiga muhim hissa qoʻshib, ish oʻrinlarini taʼminlaydi. Shu sababli koʻplab davlatlar turizmni rivojlantirish uchun katta saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ushbu sohani yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuning uchun turizmni boshqarish tendensiyalarini oʻrganish va istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash muhimdir. Ushbu maqolada jahon iqtisodiyotida turistik resurslarni boshqarish tendensiyalari, shuningdek, ularni Oʻzbekistonda amalga oshirish usullari oʻrganilgan
Ushbu maqola Oʻzbekiston respublikasining kimyo sanoatidagi tarkibiy oʻzgarishlarni baholash masalasiga bagʻishlangan. Mavzuga oid ilmiy adabiyotlarning qisqacha sharhi, yaʼni tarkibiy oʻzgarish, tarkibiy oʻsish va etalon tarkib tushunchasi haqidagi fikrlar yoritilgan. Empirik tahlil natijalarida iqtisodiyot tarkibida asosiy kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi (foizda), asosiy kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish tarkibidagi oʻzgarishlar (jamiga nisbatan foizda) va etalon qiymatlar ifodalangan. Maqolaning oxirida olingan barcha hisob-kitob natijalari umumlashtirilgan holda mamlakatda asosiy kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish tarkibidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida ilmiy xulosa va takliflar keltirilgan
Maqolada xalqaro moliya bozoridan kapital jalb qilishda sukuklarni emissiya qilishning maqsadi, nazariy asoslari va ahamiyati yoritilgan. Sukuklarning anʼanaviy obligatsiyalardan farqli xususiyatlari, sukuk emissiya qiluvchi mamlakatlar sonining oʻzgarish dinamikasi va ularning mamlakatlar boʻyicha taqsimlanishi, sukuk sertifikatlarni muomalaga chiqarish bosqichlari hamda global qisqa muddatli sukuklar emissiyasi umumiy hajmi tahlil qilingan. Oʻzbekistonda sukuklarni joriy etish boʻyicha taklif va tavsiyalar keltirilgan.
Maqolada MICE turizmi rivojlanishining ijtimoiy sohaga taʼsiri masalalari koʻrib chiqiladi. MICE turizmini rivojlantirish orqali mamlakatni ijtimoiy sohasini rivojlantirish, Oʻzbekistonda MICE turizmini rivojlantirish orqali erishiladigan natijalar, infratuzilmaning rivojlanishi oʻz navbatida ijtimoiy hayotning yaxshilanishiga olib kelishi, jamiyat hayotiga taʼsiri, yangi ish oʻrinlarini yaratilishi orqali mahalliy aholining bandligini taʼminlash toʻgʻrisida fikr va mulohazalar keltirildi.