Mazkur maqolada soliq hisobotlarini shakllantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini elektron hujjatlashtirish orqali soliq ma’murchiligini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqotda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vakolatini soliq organlariga o‘tkazish va mazkur majburiyatni soliq to‘lovchilar zimmasidan chiqarish zarurligi asoslab berilgan. Ushbu yondashuv soliq to‘lovchilarning ma’muriy yukini kamaytirish, hisobotlarni shakllantirishda inson omili ta’sirini cheklash, soliq organlari axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda soliq intizomini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga xarid qilishda kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibini umumiy ovqatlanish va eksport qiluvchi korxonalar doirasidan kengaytirib, barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etish taklifi ishlab chiqilgan. Mazkur taklif naqd pul aylanmalarining shaffofligini oshirish, xarid operatsiyalarini rasmiylashtirish, soliq bazasini aniqlashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqola suv resurslari tanqisligi ortib borayotgan sharoitda suvni kvotalashning iqtisodiy mexanizmlarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Suvni kvotalash tariflarni tartibga solish, suv bozorlari va suvga bo‘lgan huquqlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan suv taqsimotining asosiy vositasi sifatida ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda qat’iy, moslashuvchan, mavsumiy va bozor tamoyillariga asoslangan kvotalash modellari o‘rganilgan. Avstraliya, Ispaniya va Chili tajribalarining qiyosiy tahlili o‘tkazilib, Markaziy Osiyoda suv olish limitlarini taqsimlash muammolari ham ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijasida ekologik jihatdan maqbul kvotalarni davlat tomonidan tartibga solishni hamda ularni suvdan foydalanuvchilar o‘rtasida samarali қайта taqsimlashning iqtisodiy mexanizmlarini uyg‘unlashtirgan gibrid modellar eng barqaror yondashuv ekanligi xulosasi chiqarilgan.
Ushbu maqolada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanishning nazariya va amaliy jihatlari o’rganilgan. Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlari va dinamikasining o‘zgarish tendensiyalarini GAT texnologiyalaridan foydalanilgan holda tahlil qilingan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston moliya bozorining hozirgi holati va uning rivojlanishida yuzaga kelayotgan asosiy institutsional muammolar tahlil qilindi. Xususan, investor ishonchining pastligi, kapital qiymatining nisbatan yuqoriligi, korporativ boshqaruv sifati va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarining yetishmasligi kabi omillar ilmiy jihatdan ko‘rib chiqildi. Ushbu muammolarni bartaraf etishda ESG (Environmental, Social, Governance) tamoyillarini moliya tizimiga integratsiya qilishning iqtisodiy asoslari va mexanizmlari yoritiladi. Xalqaro empirik tadqiqotlar natijalari asosida ESG omillarining risklarni kamaytirish, axborot shaffofligini oshirish hamda kapitalga kirish imkoniyatlarini yaxshilashga ta’siri umumlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida ESG tamoyillarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari va institutsional mexanizmlari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada temir yo‘l transportining mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni va ahamiyati, uning sanoat, savdo, logistika va mehnat bozoriga ko‘rsatayotgan ijobiy ta'siri yoritilgan. Shuningdek, temir yo‘l xizmatlarini modernizatsiya qilish orqali iqtisodiy o‘sishga erishish yo‘llari ham ko‘rib chiqiladi.
Maqolada raqamli texnologiyalarning taraqqiyoti tarixi va uning iqtisodiy munosabatlardagi ishtiroki xususida manbalar asosida fikr yuritiladi. Fan va texnika taraqqiyotining muhim bosqichlarini tahlil qilish orqali iqtisodning qamrovi va koʻlamiga oid xulosalar chiqariladi. Zamonaviy iqtisodiyot taraqqiyotidagi soʻnggi ilmiy yangiliklar va ularning raqamli iqtisodning shaklanishida tutgan oʻrni va ahamiyati borasidagi qarashlari atroflicha tahlil qilinadi. Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyot sharoitida tadbirkorlik va kichik biznesning rivojlanishiga xizmat qiluvchi huquqiy-meʼyoriy asoslarning zamon talablariga mosligi qiyosiy oʻrganiladi.
Ushbu maqolada korxonalarda soliq to‘lovlari bo‘yicha berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning hisobini yuritish tizimini takomillashtirish masalalari o‘rganiladi. Soliq imtiyozlarining turli shakllari, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda korxona faoliyatiga ta’siri tahlil qilinadi. Shuningdek, imtiyozlar hisobini yuritishda yuzaga kelayotgan muammolar, mavjud me’yoriy-huquqiy asoslar va axborot tizimlari bilan integratsiyalash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Maqolada ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan taklif va tavsiyalar orqali soliq preferensiyalarining shaffof va samarali hisobini yuritish bo‘yicha takomillashgan yondashuvlar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada moliyaviy rejalashtirish sohasida olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar tahlil qilindi va ularning nazariy hamda amaliy jihatlari yoritildi. Moliyaviy rejalashtirishning iqtisodiy jarayonlardagi o‘rni, uning strategik va taktik darajadagi vazifalari, korxonalar moliyaviy barqarorligiga ta’siri ilmiy asoslarda tahlil qilindi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar tajribalariga tayanilgan holda moliyaviy rejalashtirishning zamonaviy usullari, jumladan byudjetlashtirish, moliyaviy modellashtirish, senariy tahlili va risklarni boshqarish yo‘nalishlari o‘rganildi.Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, moliyaviy rejalashtirish iqtisodiy o‘sish va barqarorlikni ta’minlovchi muhim boshqaruv vositasi hisoblanadi. Uning samaradorligi esa to‘g‘ri axborot bazasi, ilg‘or hisob-kitob usullari hamda xalqaro standartlardan foydalanish bilan bevosita bog‘liq.
Maqolada so‘nggi o‘n yil davomida xorijiy mamlakatlarda turistik qishloqlarni rivojlantirish tajribasining kompleks sharhi taqdim etilgan. Yevropa, Osiyo, Amerika, Afrika va Okeaniyada amalga oshirilgan modellari va strategiyalari ko‘rib chiqiladi, shuningdek, mamlakatlar va mintaqalar kesimida qiyosiy ma’lumotlar keltiriladi. Ayniqsa, iqtisodiy ta’sirlar, mahalliy aholining jalb etilishi va BMT Jahon Turizm Tashkiloti (UNWTO)ning Best Tourism Villages dasturi kabi xalqaro tashabbuslarning o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Indoneziya, Yaponiya, Fransiya va Meksika misolida qishloq turizmini barqaror rivojlantirishning muvaffaqiyatli amaliyotlari ko‘rsatilgan. Ishda asosiy xatarlar — autentiklikni yo‘qotish, ekologik yuklama, narxlarning oshishi va ijtimoiy transformatsiyalar aniqlanib, ularni minimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Maqolada turistik qishloqlar madaniy merosni asrab-avaylash, ish o‘rinlarini yaratish va mintaqaviy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga xizmat qiluvchi barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim vositasi sifatida ta’kidlab o‘tilgan.
Maqolada telekommunikatsiya korxonalarida xizmat ko‘rsatish jarayonlariga innovatsion faoliyatni joriy etishning ilmiy-uslubiy asoslari ochib berilgan. Globallashuv, raqamli transformatsiya va “Sanoat 4.0” sharoitida mobil qurilmalar, sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari, internet-provayder infratuzilmalari hamda 5G texnologiyalariga xizmat ko‘rsatishda innovatsion yondashuvlarning raqobatni kuchaytirishi, xizmat sifati, moslashuvchanlik va energiya tejamkorligini oshirishi tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli infratuzilmaning kengayishi, 5G qamrov hududlarining ortishi va milliy operatorlar faoliyatida innovatsion platformalardan foydalanish tendensiyalari yoritilgan. Nazariy jihatdan Shumpeterning “ijodiy buzilish”, Rogersning “innovatsiyalar diffuziyasi”, Service-Dominant Logic hamda institutsional yondashuvlar asosida innovatsiyaning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi izohlangan.
Ushbu maqolada sanoat korxonalarida innovatsion rivojlanishning nazariy asoslari tahlil qilingan. Innovatsiyalar sanoatning rivojida va raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada innovatsion rivojlanishning turli nazariy modellari, ularning bosqichlari va sanoat korxonalaridagi qo‘llanilishi ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, innovatsiyalarni samarali boshqarish uchun zarur bo‘lgan ichki va tashqi omillar tahlil qilingan. Maqolada nazariy bilimlarni amaliy sohada qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar beriladi hamda kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq turizmini rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalarning o‘rni ko‘rib chiqiladi. Asosiy e’tibor infratuzilmani raqamlashtirish, onlayn xizmatlarni joriy etish, elektron vizalar, bron qilish tizimlari, raqamli marketing hamda ekologik barqaror texnologiyalarga qaratilgan. Mintaqaning besh davlati (Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) bo‘yicha taqqoslama tahlil o‘tkazildi, unda raqamli loyihalar soni, e-Visa va vizasiz rejim qamrovi hamda turizmga kiritilgan investitsiyalar miqdori ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari texnologiyalarni joriy etish infratuzilma, kadrlar va moliyalashtirishdagi to‘siqlarni yеngib o‘tishga yordam berishini, shuningdek qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ko‘rsatadi.
Maqolada raqamli iqtisodiyotda pul massasi va uning davlat tomonidan tartibga solinishi ahamiyati yoritilgan. Elektron pullarning kengayishi pul agregatlariga ta’sir qilishi, shuningdek, pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish zaruriyatiga olib kelishi ta’kidlangan. Davlatning pul massasini tartibga solishda inflyatsiyani nazorat qilish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va raqamli moliya instrumentlariga moslashuv ahamiyati ko‘rsatilgan. Shuningdek, pul agregatlari MO, M1, M2 va M3 tarzida toifalanishi va ularning iqtisodiyotdagi roli tahlil qilingan.