O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va mamlakatning xalqaro imijini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini hisobga olgan holda, moddiy madaniy meros obyektlaridan turizm sohasida samarali foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi. Biroq hozirgi kunda bunday obyektlar, xususan, arxeologik yodgorliklarning turistik oborotga jalb etilganlik darajasi juda pastligicha qolmoqda. Bu tizimli muammolar, jumladan, infratuzilmaning yo‘qligi, reestrlarning buzilgan yoki eskirgan ma’lumotlari, obyektlarning past darajadagi mashhurligi va ularning turistik salohiyatini baholashning kompleks metodologiyasi yo‘qligidan dalolat beradi. Ushbu tadqiqot Farg‘ona va Andijon viloyatlari kabi yuqori madaniy salohiyatga ega, ammo turizm infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan hududlar kontekstida alohida dolzarblik kasb etadi. Moddiy madaniy meros obyektlarining turistik jozibadorligini baholashning kompleks metodologiyasini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish mintaqaviy turistik marshrutlarni shakllantirishga ilmiy asoslangan yondashuvni, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlash va targ‘ib qilishning samarali strategiyalarini taklif qilish imkonini beradi.
Ushbu maqolada Janubiy Koreyaning turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi ilg‘or tajribasi o‘rganilib, uning O‘zbekiston sharoitiga mos barqaror yondashuvlari tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida Koreya Respublikasida davlat va xususiy sektor hamkorligi, raqamli texnologiyalarni joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda sayyohlik hududlarini tizimli rivojlantirish kabi omillar asosiy e’tiborga olingan. Mazkur tajribani O‘zbekistonga tatbiq etish orqali mamlakatimizda turizm sohasining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishiga erishish mumkinligi asoslab beriladi. Maqola yakunida O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar hamda zamonaviy infratuzilmaviy yondashuvlar ilgari suriladi.
Maqolada ko‘p o‘lchamli kambag‘allik (MPI), uni aniqlash metodikasi, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi mavjud holati tahlil etilgan. Kelgusida mamlakatda statistik ma’lumotlar, iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar, MPIni joriy etish imkoniyatlari bo‘yicha xulosalar berilgan.
Ushbu maqolada davlat qarzining mazmun-mohiyati, uning turlari, moliyaviy manbalari, xorijiy investitsiya va davlat tashqi qarzi o‘rtasidagi farqlar yoritilgan. Shuningdek, maqolada davlat qanday holatda, nima maqsadlarda qarz majburiyatlariga murojaat qilishi ham bayon qilingan. Maqolada O‘zbekiston tomonidan olingan qarzlarning iqtisodiy-moliyaviy holati tahlili amalga oshirilgan bo‘lib, qaysi davlatlardan, xorijiy moliya institutlaridan qancha miqdorda qarz olinganligi keltirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan olingan qarz majburiyatlari qaysi tarmoq va sohalarga yo‘naltirilayotganligining statistik tahlili ham keltirilgan.
Mazkur maqolada soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish sharoitida soliq xavflarini oldindan aniqlash va baholash tizimi ustuvor vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, «yashirin iqtisodiyot»ga qarshi kurashishda soliq to‘lovchilarni xavf darajasiga ko‘ra segmentatsiya qilish va soliq uzilishi (tax gap) koeffitsientini minimallashtirish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Maqola doirasida soliq risklarini aniqlash mezonlari va ularni miqdoriy baholash modellari ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekiston soliq tizimida risklarni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Ushbu maqolada iqtisodiy masalalarni chiziqli dasturlash usullari yordamida yechish texnologiyasi 2026-yil holatiga asoslangan holda ko‘rib chiqiladi. Grafik va simpleks usullari ikki muhim amaliy misol asosida batafsil tahlil qilinadi: O‘zbekiston milliy ipak sanoati (atlas va shoyi ishlab chiqarish). Har bir masala uchun matematik model tuziladi, 2026-yil narx va resurs ko‘rsatkichlari asosida optimal yechimlar topiladi. Atlas va shoyi ishlab chiqarish misoli milliy iqtisodiyot va eksport yo‘nalishini matematik optimal yechimi haqida. Maqola iqtisodiy qarorlar qabul qilishda chiziqli dasturlashning amaliy qo‘llanishi va uning cheklovlarini ochib beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020–2025 yillar davomida qo‘llagan an’anaviy va noan’anaviy pul-kredit siyosati instrumentlari tahlil qilinadi. Tadqiqot asosiy foiz stavkasi, majburiy zaxira normativlari, obligatsiya emissiyasi, depozit auktsionlari, foiz koridori va balans kengaytirish siyosatini qamrab oladi. Statistik-empirik tahlil asosida Markaziy bankning monetar siyosat instrumentlari inflyatsiyani jilovlash, milliy valyutani barqarorlashtirish va bank tizimi likvidligini tartibga solishdagi samaradorligi baholanadi.
Qonunchilik, farmonlar va Respublikaning 2030-yilgacha bo'lgan strategiyasida mustahkamlangan gender tengligini oshirish O'zbekiston Respublikasi hukumati oldida turgan dolzarb va muhim vazifalardan biridir. Ushbu maqolada O'zbekistondagi tijorat banklarining yuqori boshqaruv darajalarida gender xilma-xilligi holati kuzatiladi va tahlil qilinadi hamda uni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar beriladi.
Ushbu maqola O‘zbekistonda xalqaro turistlar soniga ta’sir etuvchi asosiy omillarni va turizmning iqtisodiy o‘sishga hissasini empirik jihatdan tadqiq etadi. 2012–2023 yillarga oid yillik ma’lumotlar asosida Pesaran, Shin va Smit (2001) tomonidan ishlab chiqilgan autoregression taqsimlanmagan kechikish (ARDL) modeli qo‘llanilgan. Kointegratsiya uchun F-statistika (7,701) 5% ahamiyat darajasida yuqori kritik chegaradan (3,79) oshib ketgani uzoq muddatli munosabatning mavjudligini tasdiqlamoqda. Xato-korreksiya koeffitsienti (−0,6424) muvozanatdan og‘ishning har yili taxminan 64% tuzatilishini ko‘rsatadi. Uzoq muddatda turistlar sonining YaIMga ta’sir elastikligi 0,0075 bo’lib, bu turizm-o‘sish gipotezasini qo‘llab-quvvatlaydi. Savdo ochiqligi va valyuta kursi iqtisodiy o‘sishning eng muhim omillari hisoblanadi. Maqola O‘zbekiston uchun empirik adabiyotlarga hissa qo‘shib, meros turizmi, infratuzilma va valyuta kursi barqarorligi bo‘yicha siyosiy tavsiyalar taqdim etadi.
Mazkur ishda zamonaviy sport tashkilotlari boshqaruv tuzilmasiga sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish masalalari tadqiq etiladi. Maqolada intuitiv menejmentdan ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish tizimiga o‘tish jarayoni tahlil qilinadi. Optimallashtirishning asosiy jihatlari, ya’ni kundalik ma’muriy jarayonlarni avtomatlashtirishdan tortib, mashg‘ulot siklini strategik rejalashtirish va muxlislar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlar ko‘rib chiqiladi. Asosiy e’tibor tashkilot raqobatbardoshligini oshirishda inson kapitali va algoritmik hisob-kitoblar sinergiyasiga qaratilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining shakllanishi, uning evolyutsion rivojlanish bosqichlari va zamonaviy iqtisodiy islohotlar sharoitidagi istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank tizimining mustaqillik yillaridagi transformatsiyasi, xususan, 2017-yildan keyingi davrda amalga oshirilgan tub islohotlar, banklarning xususiylashtirilishi va raqamli transformatsiyasi batafsil yoritilgan. Bank tizimi barqarorligini ta'minlovchi makroiqtisodiy omillar, kapital yetarliligi va aktivlar sifati statistik ma'lumotlar asosida tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada bank xizmatlari bozorini liberallashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik va sohaga zamonaviy fintex texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilinadi. Tadqiqot natijasida O‘zbekiston bank tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonning XXI-asrdagi iqtisodiy o‘sishi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’atlari, inflyatsiya darajasi, investitsiyalar hajmi va mehnat unumdorligi kabi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqilgan. Olingan natijalar iqtisodiy o‘sishnig ilmiy nazariyalari, xususan Solow iqtisodiy o‘sish modeli va boshqa zamonaviy iqtisodiy yondoshuvlar bilan taqqoslangan. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, mavjud muammolar va kelgusidagi rivojlanish yo‘llari yoritilishi bilan birga yaqin 3 – 4 yil uchun ayrim iqtisodiy ko‘rsatkichlar bashorat qilingan. Maqola natijalari mamlakat iqtisodiy siyosatini baholash va ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish uchun xizmat qiladi.
Ushbu tadqiqot Huazhu Group mehmonxonalar tarmog‘ining 2014–2024-yillardagi uzoq muddatli (longityudinal) amaliy misoli asosida Xitoy turizm korxonalarining tashqi investitsiya strategiyasi "og‘ir aktivli" modeldan "yengil aktivli" modelga o‘tishining evolyutsion mexanizmlari va samaradorligini o‘rganadi. Makroiqtisodiy bosim sharoitida yengil aktivli model "mahalliylashtirish ijtimoiy legitimlik" zanjiri orqali investitsiya samaradorligini oshirishi aniqlandi. Raqamli salohiyat aksiyadorlik nazoratiga asoslanmagan boshqaruv mantiqini shakllantirib, jarayonda asosiy moderator bo‘lib xizmat qiladi. ESG tamoyillari va mahalliy kadrlar salohiyatining oshirilishi mezbon mamlakatlarda inklyuziv o‘sishni ta’minlaydi. Tadqiqot OLI paradigmasini ijtimoiy-dinamik yondashuv bilan boyitib, O‘zbekiston kabi "Bir makon, bir yo‘l" davlatlari uchun texnologik investitsiyalarni jalb qilish va "yashil" bandlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan davlatlarda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS)ni transmilliy miqyosda qabul qilish va transformatsiya qilish jarayonida yuzaga keladigan dastlabki muammolar tahlil qilinadi. IFRSga o‘tish jarayoni global iqtisodiy integratsiya va moliyaviy shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda bu jarayon bir qator institutsional, iqtisodiy va professional to‘siqlarga duch keladi. Jumladan, milliy buxgalteriya standartlari bilan IFRS o‘rtasidagi tafovutlar, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yuqori implementatsiya xarajatlari hamda qonunchilik va metodologik bazaning yetarli darajada moslashmaganligi asosiy muammolar sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, transformatsiya jarayonida axborot tizimlarining moslashuvi va amaliy tajriba yetishmasligi ham muhim omil sifatida tahlil qilinadi. Maqolada ushbu muammolarni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ham qisqacha yoritiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasi tovar bozorida tovar-moddiy resurslar harakatining 2015–2024 yillar davomidagi holati, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va tashqi savdo tarkibi qiyosiy hamda statistik tahlil usullari orqali yoritildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi tovar bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni baholash, logistika va import qaramligi bilan bog'liq mavjud muammolarni aniqlash hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘rganilayotgan davrda mamlakat YaIM hajmi 72.6% ga, tashqi savdo aylanmasi esa 177% ga oshgan. Shuningdek, raqamli savdo hajmi yillik o‘rtacha 40.2% ga o‘sib, tovar bozorining eng istiqbolli segmentiga aylandi. Shu bilan birga, eksport tarkibida xom ashyo ulushining yuqoriligi, logistika xarajatlarining kattaligi va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy disparitet (Toshkent shahri va Qoraqalpog'iston o‘rtasida 6.3 baravarlik farq) kabi tizimli muammolar saqlanib qoldi. Tadqiqot xulosasida import o‘rnini bosish siyosatini takomillashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqaviy tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Tadqiqot raqamli bank xizmatlarining jadal rivojlanishi sharoitida O‘zbekiston bank tizimining kiberxavfsizligi va barqaror faoliyatini taʼminlash muammolarini oʻrganishga bagʻishlangan. Bank sektorining raqamlashtirilishi raqamli banklar va ekotizimlar kabi yangi mahsulot va servislarning paydo boʻlishiga olib kelib, milliy moliyaviy hamda kiberxavfsizlik masalalarining dolzarbligini oshirmoqda. Tadqiqotning maqsadi bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasining asosiy yoʻnalishlarini kiberxavfsizlik kontekstida tavsiflashdan iborat. Maqolada bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasi tushunchasiga doir yondashuvlar tizimlashtirilgan, jahon tajribasi asosida komparativ tahlil oʻtkazilgan, O‘zbekiston bank tizimidagi kiberxatarlar dinamikasi va ularning obyektlari tahlil qilingan hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari bank sektorini davlat tomonidan tartibga solish va barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada Jahon banki ma’lumotlari va Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksining qiyosiy tahlili yordamida Markaziy Osiyodagi monetar va ko‘p o‘lchovli kambag‘allik dinamikasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi mavjud kambag‘allikni pasaytirish modellari tahlil qilingan, bu sohadagi yutuqlar va tarkibiy to‘siqlar ko‘rsatilgan. Iqtisodiy o‘sish, mehnat daromadlari, pul o‘tkazmalari va ijtimoiy transfertlar tufayli monetar kambag‘alligining sezilarli darajada kamayishiga qaramay, ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indekslari turmush darajasi va asosiy xizmatlardan foydalanishdagi doimiy kamchiliklarni ko‘rsatadi. Natijalar mamlakatlararo sezilarli o‘zgaruvchanlikni ko‘rsatadi va daromadlarning oshishini inson kapitali va ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalar bilan birlashtirgan muvofiqlashtirilgan kambag‘allikka qarshi siyosat zarurligini ta’kidlaydi.
Maqolada nomarkazlashtirish va strategik rejalashtirish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tahlil qilinadi. Nazariy yondashuvlar hamda Jahon banki, IHTT va BMTTD tavsiyalari asosida nomarkazlashtirishning hududiy rivojlanish va qarorlar samaradorligiga ta’siri yoritiladi. O‘zbekiston tajribasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi kontekstida baholanib, mahalliy budjetlar va hududiy tashabbuslarning iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasi ko‘rsatiladi. Hududlar o‘rtasidagi institutsional tafovutlar mavjud muammo sifatida qayd etilib, strategik rejalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha xulosalar beriladi.
Ushbu maqolada Janubiy Koreya tajribasida ko‘rsatilgan turizm sohasida barqaror boshqaruv tizimini yaratish va takomillashtirishdagi qiyinchiliklar ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda barqaror rivojlanish g‘oyalarini turizm siyosati, davlat-xususiy sheriklik, raqamli boshqaruv strategiyalari va ekologik javobgarlikni oshirishga mo‘ljallangan usullarga kiritish tizimli ravishda o‘rganiladi. Janubiy Koreyada yangi texnologiyalar, “aqlli turizm” tushunchasi va turizmni boshqarishda mahalliy jamoalarning manfaatlarini hisobga oladigan tizimli boshqaruv yondashuvi ishlab chiqilganligi ta’kidlanadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston turizm sohasida barqaror boshqaruv tizimini joriy etishda xalqaro eng yaxshi amaliyotlarni qo‘llash imkoniyatlarini ochib beradi.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Mazkur maqolada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarida amal qilayotgan GOST standartlashtirish tizimining shakllanish bosqichlari, huquqiy asoslari hamda zamonaviy iqtisodiy va sanoat jarayonlaridagi ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida GOST standartlarining sanoat ishlab chiqarishidagi roli, texnik xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati, milliy va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuvi hamda raqamlashtirish sharoitidagi rivojlanish istiqbollari yoritib beriladi. O‘rganish natijalari GOST tizimining MDH mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani mustahkamlovchi muhim normativ mexanizm ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur maqolada energetika sohasida raqamli iqtisodiyotni shakllantirishning zamonaviy tendensiyalari, xususan, Smart Grid va Digital Twin texnologiyalarining imkoniyatlari, ularning ishlab chiqarish, taqsimot, iste’mol va boshqaruv tizimlariga ta’siri ilmiy asosda tahlil qilinadi. Raqamli transformatsiyaning bosqichlari, funksional yo‘nalishlari, shuningdek, Germaniya, AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi davlatlarning ilg‘or raqamli energetika modellari solishtiriladi. O‘zbekiston energetika tizimida SCADA, AMR, ERP kabi tizimlarning joriy etilishi bo‘yicha amaliy tajribalar o‘rganilib, milliy energetikani raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari va strategik takliflar ishlab chiqiladi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston sharoitida raqamli energetika ekotizimini shakllantirishning nazariy va amaliy asoslarini yoritadi.
Ushbu maqolada distribyusiya korxonalarida marketing strategiyalarini amalga oshirish samaradorligini oshirishda raqamli transformatsiyaning o‘rni va uning asosiy mexanizmlari tahlil qilinadi. Erkin bozor sharoitida an’anaviy marketing usullarining samaradorligi tobora pasayib bormoqda. Shu sababli CRM tizimlari, marketingni avtomatlashtirish, katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili, omnikanal kommunikatsiyalar va raqamli logistika kabi zamonaviy texnologiyalar bozorni yaxshiroq anglash, savdo aksiyalarini optimallashtirish hamda chakana savdo hamkorlari bilan shaxsiylashtirilgan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Raqamli ma’lumotlardan samarali foydalanayotgan distribyutorlar raqamli yechimlarni joriy etmagan raqobatchilarga nisbatan daromad o‘sishi, marketing kampaniyalarining rentabelligi va mijozlar qoniqish darajasi bo‘yicha yuqori natijalarni namoyon etmoqda. Raqamli vositalarga, kadrlar salohiyatini rivojlantirishga va hamkorlik platformalariga sarmoya kiritish distribyusiya amaliyotlarini zamonaviylashtirish, marketing faoliyati samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlarda korxonalarning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish marketing strategiyalarini yanada tizimli va natijador qilish imkonini yaratadi.
Ushbu maqola sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish, turli metodologiyalar, me’yoriy-huquqiy bazalar va global miqyosda qo‘llaniladigan ilg‘or tajribalarni tahlil qilgan holda sanoat korxonalari rivojlanishining atrof-muhitga ta’sirini baholashning innovatsion usullarini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Shuningdek Jahon bo‘yicha sanoat va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha muhim ko‘rsatkichlar hamda O‘zbekistonda sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalarning yillar kesimida statistik ma’lumotlari tahlil qilingan. O‘zbekistondagi sanoat korxonalarining ekologik ta’sirini kamaytirish jarayonida bir qator tizimli muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan.