Ushbu tadqiqot O‘zbekiston eksportini rivojlantirish strategiyalarini baholash va ustuvorligini aniqlash uchun Analitik ierarxiya jarayonini (AHP) qo‘llaydi. Metodologiyada Prezident tomonidan belgilab berilgan milliy strategik ustuvorliklar, davlat dasturlari, shuningdek, iqtisodchi ekspertlar va yuqori mansabdor shaxslarning fikrlari inobatga olingan. Shu asosda mezonlar va vaznlar shakllantiriladi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish yetakchi strategiya bo‘lib, bu davlat siyosati uchun muhim ahamiyatga ega.
Mazkur maqolada ishchilar qoʻnimsizligining mazmuni, yuzaga kelish sabablari, iqtisodiy ahamiyati oʻrganib chiqilgan. Ishchilar qoʻnimsizligining ortib borishi sabablari jahon mintaqalari kesimida oʻrganilgan va mamlakatimizdagi holat boʻyicha taqqoslama tahlil oʻtkazilgan. Ishchilar qoʻnimsizligining umumiy korxona samaradorligiga taʼsirini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar umumlashtirilgan, qoʻnimsizlik tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xarajatlarni sohalar kesimida aniqlash mexanizmi ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonda ishchilar qoʻnimsizligi boʻyicha rasmiy statistikaning yoʻqligi sabablari keltirilgan va uni bartaraf etish boʻyicha nazariy yechimlar berilgan. Qoʻnimsizlikning ortishi yoki kamayishiga taʼsir etuvchi omillar tasniflangan va moderatsiya tadqiqoti asosida ularning ishchilar qoʻnimsizligiga taʼsiri oʻrganilgan.
Maqolada ishlab chiqaruvchi kuchlarni hududiy tashkil etishning iqtisodiy shart-sharoitlari va mintaqaviy iqtisodiyotlarning notekis rivojlanishi ko‘rib chiqildi va mavzu bo‘yicha adabiyotlar ko‘rib chiqildi. Turli nazariyalar tahlili o‘tkazilib, hududiy iqtisodiyotlarning notekis rivojlanishini bartaraf etishning tamoyil va yondashuvlari belgilab olindi.
Ushbu maqola O’zbekistonda turizm sohasiga jalb qilingan investitsiyalarning hozirgi holati va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qiladi. Turizmda investitsiyalarning hajmi, manbalari va ularning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirishdagi o‘rni ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, sohadagi ichki va tashqi investitsiyalar, davlat siyosati va iqtisodiy omillarning turizm sektoriga ta’siri kabi jihatlar tadqiq etilgan.
Maqola O‘zbekiston bank tizimining xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonlari va muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jahon iqtisodiy integratsiyasi sharoitida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu standartlarning joriy etilishi moliyaviy hisobotning shaffofligi, taqqoslanuvchanligi va ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi. O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish iqtisodiy islohotlarning muhim qismi sifatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvi va investorlar ishonchini oshirishga yordam beradi. Biroq, bu jarayon normativ-huquqiy bazani moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Maqolada ushbu jarayonning asosiy masalalari, muammolari va istiqbolli yechimlari tahlil qilinadi.
Maqolada hududlarda aholi ish bilan bandligini ta’minlashning iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil qilingan va o‘rganib chiqilgan. Asosiy e’tibor tumanlar kesimida aholining o‘sish darajasi va bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaatlar o‘rganib chiqilgan.
Ushbu maqola kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omillari va istiqbollari bo‘yicha ilmiy tahlilni taqdim etadi. Maqolada kichik biznes sub’ektlarining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlar, jumladan moliyaviy barqarorlik, raqobatbardoshlik, texnologik innovatsiyalar, moliyaviy boshqaruv tizimi, raqamli xavfsizlik va bozor diversifikatsiyasi kabi faktorlar tahlil qilinadi. Tadqiqot ishida kichik biznes subyektlari uchun iqtisodiy xavfsizlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar bayon etilgan.
Янги Ўзбекистонда қабул қилинган “Ўзбекистон – 2030”ва “Рақамли Ўзбекистон – 2030” стратегиялари доирасида ҳамда иқтисодий ислоҳотларнинг янги босқичида баҳоловчи ташкилотлар фаолиятини такомиллаштириш, уларнинг хизмат кўрсатиш сифати ва самарадорлигини ошириш муҳим аҳамият касб этмоқда. Ушбу мақолада баҳоловчилар рейтингини баҳолаш ва уларнинг рэнкингини аниқлаш орқали баҳолаш хизматлари бозори (БХБ)да ҳалол ва соғлом рақобат муҳитини шакллантириш масалалари таҳлил қилинган. Рейтинг тизими орқали шаффофликни таъминлаш, мижозлар ишончини мустаҳкамлаш, хизмат кўрсатишда сифатни ошириш ҳамда умумий рақобатбардошликни юксалтириш имкониятлари очиб берилган. Мақолада халқаро тажрибалар таҳлили асосида миллий амалиётда жорий этилиши мумкин бўлган самарали ёндашувлар, баҳоловчиларни рейтинглаш мезонлари, баҳолаш услублари ва уларнинг натижалари муҳокама қилинган. Шунингдек, тизимни амалиётга жорий этишда учраши мумкин бўлган муаммолар ҳамда уларни бартараф этиш юзасидан таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqoladaO‘zbekiston telekommunikatsiya korxonalarida innovatsion faoliyat samaradorligini baholash metodologiyasi ko‘rib chiqilgan. Metodologiyada hisobga olingan asosiy ko‘rsatkichlar innovatsion faollik darajasi, innovatsiyalarni joriy etishdan olingan iqtisodiy va ijtimoiy natijalardir. Metodologiya innovatsion faoliyat samaradorligini baholash va yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash imkonini beradi
Ushbu tadqiqotda "Industriya 4.0" konsepsiyasi doirasida toʻrtinchi sanoat inqilobining G7 mamlakatlari, Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy tizimlariga oʻzgartiruvchi taʼsiri zamonaviy ilmiy dalillarga asoslanib oʻrganiladi. Tadqiqotda katta maʼlumotlar (Big Data), narsalar interneti (IoT) va kiber-fizik tizimlar kabi raqamli texnologiyalarning integratsiyasi sanoat ishlab chiqarishni qayta shakllantirishi, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishi va barqaror rivojlanishga yordam berishi, shu bilan birga ijtimoiy va institutsional muammolarni keltirib chiqarishi koʻrib chiqiladi. Tadqiqotda tizimli tahlil va qiyosiy yondashuv qoʻllaniladi, bu esa Rossiyada Smart Grid kabi aqlli texnologiyalarning va Oʻzbekistonda IoT asosidagi qishloq xoʻjaligi yutuqlarining turlicha qoʻllanilishi hamda G7 mamlakatlarining avtomatlashtirish sohasidagi yetakchiligini taʼkidlaydi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, Industriya 4.0 iqtisodiy oʻsish va ekologik foyda keltirsa-da, u mehnat bozoridagi buzilishlarni kuchaytiradi va resurslarga boʻlgan talabni oshiradi, bu esa mustahkam institutsional islohotlar va "Adolatli oʻtish" tizimini joriy etishni talab qiladi. Ushbu qiyosiy tahlil turli iqtisodiy kontekstlarda texnologik taraqqiyot va ijtimoiy adolatni muvozanatlash uchun maxsus strategiyalarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidlaydi.
Ushbu maqolamizda global va mahalliy iqtisodiy oʻsish, inflyatsiya, ish bilan taʼminlanish, investitsiyalar va boshqa makroiqtisodiy oʻzgarishlar tahlil qilinib, maqola iqtisodchilar tomonidan amalga oshirilgan prognozlar va tahlillarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, iqtisodiy siyosat, jahon savdosi va texnologik yangiliklarning iqtisodiy rivojlanishga qanday taʼsir koʻrsatishi kutilayotganligi ham koʻrib chiqildi. Maqolada iqtisodiy tahlil va global inqirozlar, barqaror oʻsish strategiyalari, ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash yoʻllari haqida fikrlar keltirilib oʻtildi. 2025-yil uchun makroiqtisodiy prognozlar davlatlararo hamkorlik, global iqtisodiyotning yangilanishi va yangi texnologiyalarning iqtisodiy taʼsiri haqida soʻz boradi. Bazis yildagi koʻrsatkichlarga nisbatan joriy yilgi koʻrsatkichlar tahlili koʻrilib chiqildi.
Maqolada Respublikamizda turli yoʻnalishlarda joriy etilgan reyting tizimlari tahlil qilingan. Shuningdek, reyting tizimlarining oʻziga xos xususiyatlari aniqlanib, tadbirkorlik subyektlarining tashqi savdo faoliyati bojxona reytingini aniqlashda xususiyatlarni aks ettirish keltirilgan. Reyting tizimini joriy etishda inobatga olinishi lozim boʻlgan tamoyillarga ham toʻxtalib oʻtilgan boʻlib, muhim tamoyillar sanab oʻtilgan. Bundan tashqari, reyting ballarini hisoblashda raqamli texnologiyalarni qoʻllash va boshqa tegishli tashkilotlar bilan integratsiya qilish muhimligiga eʼtibor qaratilgan hamda tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ушбу мақолада жисмоний шахслардан олинадиган даромад солиғининг прогрессив тизимини жорий қилиш бўйича жаҳон тажрибаси атрофлича таҳлил қилинади. Хусусан, АҚШ, Германия, Скандинавия мамлакатлари (Швеция, Дания), Россия Федерацияси ва бир неча Осиё мамлакатларида (Япония, Жанубий Корея, Сингапур) амал қилаётган тизимлар, уларнинг тарихий ривожланиши, сиёсий ва иқтисодий мотивациялари, солиқ ставкаси даражалари, ижтимоий муҳофаза сиёсати ва умумий иқтисодий ҳолатга таъсири муҳокама қилинади. Шунингдек, ушбу мамлакатлардан олинган сабоқлар асосида Ўзбекистон шароити учун энг мақбул прогрессив тизимни шакллантириш имкониятлари баҳоланади.
Agroklasterlarning samarali rivojlanishini ta’minlash va ularning iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini baholashda econometrik modellashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada agroklasterlar faoliyatini tahlil qilish va optimallashtirishda panel ma’lumotlardan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Panel ma’lumotlar vaqt va hududiy omillarni hisobga olgani sababli, agroklasterlarning qisqa va uzoq muddatli dinamikasini o‘rganish imkonini beradi. Maqolada bir vaqtli tizimlashgan modellardan foydalanish, mazkur modellashtirish usuli yordamida endogenlik muammosini hal qilish hamda kointegratsiya usullarini qo‘llash kabi ekonometrik yondashuvlar tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari agroklaster tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish va klasterlararo integratsiya jarayonlarini optimallashtirish uchun ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Мақолада савдо соҳасида кичик бизнесни давлат томонидан қўллаб-қувватлаш ва ривожлантиришнинг ташкилий-иқтисодий асослари тадқиқ этилади. Ушбу жараёнда маркетинг тадқиқотларининг роли ва аҳамияти, кичик бизнесни ривожлантириш шарт-шароитлари, унга таъсир кўрсатувчи омиллар ўрганилади. Савдо соҳасида кичик бизнесни ривожлантириш, мижозларни сақлаб қолишда франчайзинг ва мерчандайзинг тизимидан фойдаланиш юзасидан таклифлар ишлаб чиқилади. Бу борада мижозга йўналтирилган стратегияга ўтиш бўйича тавсиялар киритилади.
Ushbu maqolada sunʼiy intellekt va avtomatlashtirishning iqtisodiyotdagi oʻrni va taʼsiri tahlil qilinadi. Avtomatlashtirish jarayoni va sunʼiy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi ishchi kuchining oʻzgarishi va iqtisodiy inqiloblarga olib kelishi mumkin. Biroq bu jarayonlar yangi ish oʻrinlarini yaratish bilan birga ayrim sohalarda ishchilarni yoʻqotishga ham sabab boʻlishi mumkin. Maqolada avtomatlashtirishning iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari, ish oʻrinlarining yoʻqolishi va yangi imkoniyatlarning yaratilishi masalalari koʻrib chiqiladi.
Turar-joy binolarida yong‘in xavfini boshqarish xavfsizlikni ta’minlash va hayot va mulk yo‘qotilishini minimallashtirishning muhim jihati hisoblanadi. Ushbu tadqiqot yong‘in xavfi nazariyalari, ilg‘or metodologiyalar, inson xatti-harakatlari, binolar dizayni va me’yoriy-huquqiy bazalarni o‘z ichiga olgan asosiy komponentlarni o‘rganish orqali yong‘in xavfini boshqarishning nazariy va uslubiy asoslarini o‘rganadi. IoT-ni qo‘llab-quvvatlaydigan yong‘inni aniqlash tizimlari va sun’iy intellektga asoslangan bashoratli modellashtirish kabi texnologik innovatsiyalar xavfni proaktiv kamaytirish uchun o‘zgartiruvchi vositalar sifatida aniqlanadi. Shuningdek, yong‘in hodisalari va o‘lim holatlarini kamaytirishda aholining faolligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ta’limning o‘rni ta’kidlangan.
Мақолада бугунги кундаги долзарб иқтисодий тушунчалардан бири бўлган иқтисодий барқарорлик атамасининг иқтисодчи олимлар томонидан шакллантирилган таърифлари тадқиқ этилган бўлиб, миллий иқтисодиётни барқарор ривожланганлигини ифодаловчи кўрсаткичлар тизими ёритилган.
Maqolada barqaror tabiiy kapitalni makro darajada jamg‘arish yoki makroiqtisodiy usullar, avvalo, davlat tomonidan tartibga solish yo‘nalishlarida namoyon bo‘ladi. Davlat tomonidan tartibga solish tizimida qonunlar, me’yoriy-huquqiy va tashkiliy-iqtisodiy asoslar ishlab chiqish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Maqolada “Pensiya tizimini moliyalashtirishning amaliy tahlili” tushunchasining mazmuni va ahamiyati, pensiya jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari, pensiya jamg’armasining moliyaviy manbalari, pensiya jamg’armasiga ta’sir etuvchi demografik, iqtisodiy, ijtimoiy omillar, davlat pensiya ta’minoti, jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti, xususiy pensiya ta’minoti, taqsimlanuvchi va aralash pensiya modellari tahlili amalga oshirilgan.
Respublikamizda xizmat ko‘rsatish sohasida shakllangan tashkiliy-iqtisodiy mexanizm xizmatlar bozorida faoliyatini to‘laqonli nazorat qilish va boshqarishni tashkil etish. Xizmat ko‘rsatish sohasida iqtisodiy o‘sish tamoyillari, omillari va institutsional shart-sharoitlarini belgilovchi ko‘rsatkichlarni tasniflash hamda mehnat samaradorligini baholash uslubiyati tadqiq etish.
Iqtisodiy mutanosiblikning buzilish sabablarini o‘rganish dastlab uning makro, mikro darajadagi ko‘rsatkichlari va mezonlarini ilmiy tadqiq etishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan ko‘plab makro darajadagi hisob-kitoblarni tahlil qiluvchi milliy iqtisodiyot mustaqil va tashkiliy jihatdan o‘zaro bog‘liq xo‘jalik yurituvchi subyektlardan iborat bo‘lib, turli mulk shakllari ko‘rinishida jamiyatdagi ijtimoiy va individual mehnat taqsimotining rivojlanishi hamda iqtisodiy manfaatlar tizimining bir-biriga mos ravishda amalga oshirilishini aks ettiradi. Agar iqtisodiy manfaatlar bir-biriga zid kelsa, iqtisodiy faollik susayadi, yalpi ichki mahsulotni ishlab chiqarish sur'atlari pasayadi, aholi daromadlari kamayadi va bu holatni mutanosiblikning buzilish alomatlari deb qarash lozim bo‘ladi.
Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ madaniyatni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun uning afzalliklari va muammolariga e’tibor qaratish lozim. Samarali korporativ madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati va uzoq muddatli istiqbollariga bevosita ta’sir qiladi. Bunday madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari muvaffaqiyatining eng muhim omillaridan biri bo‘lib, raqobatdosh ustunlikni saqlab turishda muhim hisoblanadi. Shuningdek, u korxonadagi shaxslarning axloqiy fazilatlariga, fidoyiligiga, mehnat unumdorligiga, jismoniy sog‘lig‘iga va jamoada ishlaydigan odamlarning hissiy farovonligiga ta’sir qiladi. Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida uchrayotgan korporativ madaniyat muammolari tahlil qilingan va ularga samarali yechimlar topish yo‘llari belgilab berilgan. Hamda korporativ madaniyatning muhimligi va uning kompaniya faoliyatidagi o‘rni, shuningdek, madaniyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Muammolar sifatida korporativ madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani, xodimlar o‘rtasidagi muloqotning zaifligi, etika va qadriyatlarga rioya qilinmasligi kabi jihatlar tahlil qilingan. Yechimlar sifatida esa korporativ madaniyatni shakllantirishda strategik yondashuvlar, muntazam ta’lim va tarbiya dasturlari, ochiq muloqot va ishonch muhitini yaratish, shuningdek, etika kodekslarini ishlab chiqish va joriy etish taklif qilingan. Tadqiqot aksiyadorlik jamiyatlari uchun korporativ madaniyatni yaxshilash va samarali boshqarish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston neft-gaz sanoatida biznes qiymatini baholash uchun chiziqli regressiya modelini ishlab chiqish muhokama qilinadi. Model jahon neft va gaz narxlari, siyosiy barqarorlik, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, savdo hajmlari va boshqalar, shu jumladan, EBITDA va qarzdorlik darajasini o‘z ichiga olgan asosiy iqtisodiy va operatsion o‘zgaruvchilarni birlashtiradi. Tadqiqot o‘zgaruvchilarning statistik ahamiyatiga va ularning bozor qiymatiga ta’siriga e’tibor qaratadi, shu bilan sanoatda strategik boshqarish va rejalashtirish uchun asos yaratadi.