Maqola soliq organlari faoliyatining baholanish tartiblari, baholashning asosiy maqsadlari, bu borada ilmiy izlanishlar olib borgan olimlar, ularning qarashlari, soliq organlari faoliyati samaradorligini baholovchi ko‘rsatkichlar ularning mazmun-mohiyati, xorijiy mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasi soliq organlari faoliyatining samaradorligi va ularning bugungi kundagi holati haqida tushuncha beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistondagi mehmonxona sektorining rivojlanish ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilib, sohaning hozirgi tendensiyalari va istiqbollari tahlil etiladi. Tadqiqot doirasida so‘nggi yillardagi rasmiy statistik ma’lumotlar, joylashtirish vositalari mehmonlarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus tizimi ma’lumotlari to‘plandi va o‘rganildi. Shuningdek, mehmonxona xizmatlari bozorining rivojlanish dinamikasiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash maqsadida mehmonxona sohasi vakillari orasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Olingan natijalar turizm sanoatining milliy strategiyasi doirasida sohani yanada takomillashtirish va rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.
Агросаноат мажмуаси Ўзбекистон иқтисодиётининг алоҳида аҳмаиятга эга, муҳим тармоғи бўлиб, соҳада йирик инвестиция лойиҳаларини амалга ошириш маҳаллий қишлоқ хўжалиги ишлаб чиқариши, озиқ-овқат саноати ва тегишли хизматларни ривожлантириш учун катта имкониятлар яратади. Кўпгина ривожланаётган мамлакатларда, жумладан, Ўзбекистонда агросаноат мажмуасининг йирик лойиҳалари асосан импорт қилинадиган асбоб-ускуналар, технологиялар ва хомашёга таянган. Бу модернизацияни жадаллаштириш билан бирга, хорижий этказиб берувчиларга узоқ муддатли қарамликни ҳам келтириб чиқарди. Бинобарин, бундай лойиҳаларда маҳаллий контент улушини ошириш стратегик устувор вазифа бўлиб, миллий саноатни мустаҳкамлайди, иш ўринлари яратилишини рағбатлантиради ва иқтисодиётнинг барқарорлигини таъминлайди.
Maqolada islomiy bank tizimining real iqtisodiyot sektoriga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Shariat tamoyillariga asoslangan islomiy moliyaviy institutlar risklarni adolatli taqsimlash, bitimlarning shaffofligini ta’minlash hamda haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi bilan ajralib turadi. Nazariy asoslar va islomiy moliya tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi tahlili asosida islomiy bank tizimi nafaqat ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishga, balki moliyaviy sektor barqarorligini oshirishga ham xizmat qilishi aniqlangan. Alohida e’tibor O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish istiqbollariga qaratilib, bu kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash omili sifatida ko‘rib chiqiladi
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Maqola islomiy moliya vositalaridan foydalanish tajribasi va amaliy tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, muvaffaqiyatli loyihalar tahlili asosida yondashuvni yoritadi. Unda mudoraba, mushoraka, sukuk va ijara kabi vositalarning infratuzilma, energetika hamda biznes loyihalarida qo‘llanishi o‘rganiladi. Xalqaro tajribada, xususan Malayziya va Yaqin Sharq mamlakatlarida erishilgan natijalar tahlil qilinib, ushbu instrumentlar an’anaviy kreditlarga muqobil bo‘lib, risklarni bo‘lishishga asoslangan va barqaror moliyalashtirish imkonini berishi ko‘rsatib o‘tiladi. O‘zbekiston sharoitida ham ularni joriy etish istiqbollari muhokama qilinadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda rangli metallurgiya sanoatida loyiha boshqaruvi mexanizmlarining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda loyihalarni samarali boshqarishning asosiy instrumentlari, ularning sanoat rivojiga ta’siri, hamda amaliy misollar orqali ularning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Maqolada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati misolida loyiha boshqaruvining amaldagi jihatlari va natijalari ham tahlil etilgan. Taqdim etilgan taklif va tavsiyalar rangli metallurgiya sohasidagi loyiha faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududiy rivojlanish dasturlarida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) integratsiyasi masalalari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida 2017-2023 yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar kontent-tahlil usuli orqali tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda SDG tamoyillari yuqori darajada aks etgan bo‘lsa, boshqalarda faqat umumiy g‘oya darajasida tilga olingan. Maqolada hududlar bo‘yicha integratsiya darajasi farqlari aniqlanib, konseptual yondashuvni kuchaytirish, indikatorlarni moslashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Мақолада ҳудудий иқтисодий ривожланишда юқоридан пастга ва пастдан юқорига ёндашувларнинг назарий асослари ҳамда уларнинг афзаллик ва камчиликлари таҳлил этилган. Халқаро тажрибалар (Жаҳон банки, ОЭСР, Европа Иттифоқи) ва Ўзбекистондаги ислоҳотлар мисолида икки ёндашувнинг уйғунлашуви кўрсатилган. Муаллиф ҳудудий ривожланишда номарказлаштириш, маҳаллий ташаббусларни қўллаб-қувватлаш ва жамоатчилик иштирокини таъминлаш орқали самарадорликни ошириш бўйича таклиф ва тавсияларни илгари суради.
Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Сифатли ва қулай шаҳар муҳитини шакллантириш кўп жиҳатдан ҳудудлардан оқилона фойдаланиш билан боғлиқ бўлиб, бунинг учун нафақат фазовий, шаҳарсозлик ва меъморий, балки барқарор ижтимоий-иқтисодий ва шаҳарсозлик ривожланишининг муҳим иқтисодий воситасига айланиб бораётган эскирган шаҳар ҳудудларини янгилаш зарур. Ушбу мақолада реновация аҳоли турмуш сифати, фаровонлиги, ижтимоий инклюзия ва маданий ворисийликни оширишга қаратилган шаҳар муҳитини ўзгартириш жараёни сифатида таҳлил қилинади. Эскирган уй-жой фонди, шаҳар ҳудудларидан самарасиз фойдаланиш ва ҳаёт сифатига ортиб бораётган талаблар муаммолари шаҳар муҳитини бошқариш механизмларини қайта кўриб чиқишни талаб қилмоқда. Мақолада "реновация" тоифасини аниқлаш бўйича ёндашувлар кўриб чиқилган, реновацияга халқаро ёндашувлар кўриб чиқилган ва уларни Ўзбекистонда жорий этиш бўйича таклифлар шакллантирилган
Мазкур мақолада бугунги кунда меҳнат бозоридаги ёшларнинг касб танлашдаги муаммолари ҳамда касбга йўналтириш жараёнларини хорижий давлатлар тажрибаси асосида такомиллаштириш таснифланган. Шунингдек, ички ва ташқи меҳнат бозоридаги замонавий касблар ва уларга ёшларни йўналтириш, умумтаълим ташкилотларида касбга йўналтириш жараёнлари таҳлил қилинган. Шу билан бирга, ёшларни замонавий касбларга ва хорижий тилларга ўқитиш орқали меҳнат бозорида ишга жойлашиш имкониятлари юзасидан таклиф ва тавсиялар берилган.
Мазкур мақолада Ўзбекистонда ислом молияси тамойиллари асосида бизнесни молиялаштиришнинг жорий ҳолати, истиқболлари ва долзарб муаммолари таҳлил қилинган. Муробаҳа, ижара, мушорака, мудораба каби инструментларнинг амалиётда қўлланиши, уларнинг тарқалиши ва молия муассасалари томонидан жорий этилиши тўғрисида маълумотлар келтирилган. Шунингдек, исломий лизинг (TaibaLeasing), финтех (IMAN) ва исломий суғурта (ApexInsurance) ташкилотлари фаолияти мисолида ислом молияси хизматлари таҳлил қилинган. Мақолада ислом молиясининг ҳуқуқий базаси, инфратузилмаси, аҳолининг молиявий саводхонлиги ва кадрлар етишмаслиги каби тўсиқлар атрофлича ёритилган. Хорижий тажриба ва халқаро ташкилотлар билан ҳамкорликнинг аҳамияти ва истиқболли йўналишлари кўрсатилган. Шу боисдан, мақола илмий тадқиқотчилар, давлат органлари ва ислом молияси институтлари учун амалий аҳамиятга эга бўлиш мумкин.
Мақолада давлат молиявий сиёсатида даромадларни қайта тақсимлашни CEQ (Commitment to Equity) методологияси ёрдамида таҳлил қилишнинг назарий ва методологик асослари тадқиқ қилинади. Шу билан бирга методологияда акс этмайдиган норасмий сектор бўйича ҳам Ўзбекистондаги жорий ҳолат бўйича мухтасар таҳлил келтирилган. Якунида услубиётнинг дунё мамлакатлари кесимида бир қатор давлатларнинг молиявий сиёсатида апробациядан ўтказилганлиги ва соҳани ислоҳ қилиш учун қўлланиб келинганлиги ҳақида ҳам олинган таҳлил натижалари баён этилган. Бунда фискал сиёсат орқали ижтимоий адолат ва барқарор иқтисодий ривожланишни таъминлаш мумкинлиги кўрсатиб ўтилган.
МақоладаИқтисодий ҳамкорлик ва тараққиёт ташкилоти томонидан 2023 йилда қайта қабул қилинган корпоратив бошқарув тамойилларининг асосий мазмуни ва моҳияти ёритилган. Ишда ушбу тамойилларнинг мақсади ва ҳуқуқи мақоми очиб берилган, тамойилларга қисқача шарҳлар келтирилган. Олиб борилган тадқиқот натижалари бўйича Ўзбекистонда корпоратив бошқарувнинг замонавий тамойилларидан фойдаланиш бўйича хулосалар олинган.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi, uni boshqarish tizimi hamda ushbu tizimni takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida olib borish zarurati asoslab beriladi. Maqolada xorijiy tajriba va milliy rivojlanish strategiyalaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Ushbu maqolada Estoniya misolida raqamlashtirishning ta’lim xizmatlari bozoriga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Estoniya raqamli transformatsiya bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri sifatida tahlil qilinib, davlat tashabbuslari, raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish va ta’lim platformalarini joriy etish bo‘yicha solishtirma tahlil o‘tkazilgan. Shuningdek, Estoniyaning muvaffaqiyatli tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari yoritilgan. Raqamli ta’limning asosiy muammolari va ustunliklari asoslab berilgan, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini raqamli transformatsiyalashni jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbumaqolada xizmat ko‘rsatish sohasining asosiy ko‘rsatkichlari va rivojlanishistiqbollari o‘rganib chiqilgan. Shuningdek, xizmatlar sohasining milliy iqtisodiyotda tutgan o‘rni, ahamiyati, uning YaIM dagi ulushi va asosiy ko‘rsatkichlari statistik tahlil qilingan.
Maqolada banklarda moliyaviy barqarorlikning vujudga kelishi va uning oʻziga xos xususiyatlari aniqlangan va baholangan. Ushbu kategoriyaga oid mahalliy va xorijiy olimlarning ilmiy izlanishlari oʻrganilgan va tizimlashtirilgan. Moliyaviy barqarorlikni ta'minlashda kapital yetarliligi va likvidlikni ta’minlash koʻrsatkichlariga nisbatan olimlarning qarashlari oʻrganilgan. Tadqiqotlar asosida ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада банк тизими фаолиятини ривожлантириш ва такомиллаштириш масалалари кўрилган, банк хизматлари бозорини ривожлантиришнинг устувор йўналишлари аниқланган. Банк хизматлари бозорининг элементлари ва механизмларини такомиллаштириш йўналишлари асослаб берилган, банк фаолияти ривожланишининг ўзига хос хусусиятлари ва уларнинг Ўзбекистон Республикасининг ижтимоий-иқтисодий ривожланишига таъсири таъкидланган ва тавсифланган.
Мазкур мақолада Европа ва Осиё мамлакатларида солиқ имтиёзларининг турлари, уларнинг иқтисодий самарадорлиги ва стратегик таъсири қиёсий таҳлил қилинган. Илмий манбалар ва эмпирик маълумотлар асосида инвестиция, инновация ва экспорт сиёсатларида солиқ имтиёзларининг роли очиб берилган. Ўзбекистон учун аниқ таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ушбу мақолада рақамли банк платформаларининг халқаро савдога таъсири ўрганилган. Рақамли платформалар халқаро тўловларни тезлаштириш, харажатларни камайтириш, валюталарни автоматик конвертация қилиш, кредит бериш имкониятларини кенгайтириш ҳамда хавфсизликни таъминлаш йўналишларида муҳим рол ўйнайди. Шу билан бирга, рақамли технологиялар халқаро савдо операцияларини соддалаштириш ва ривожлантиришга хизмат қилади.
Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida 2020- 2024-yillar mobaynida kuzatilgan dinamik o‘zgarishlar, ulardagi ayrim qonuniyatlar va ularning kelgusi davrlar uchun prognoz ko‘rsatkichlarga ta’siri statistik ma’lumotlar asosida yoritib beriladi. Agrar tarmoqqa oid rasmiy statistik ma’lumotlar asosida qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan modernizatsiyalash jarayonlari natijasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ularning aholi farovonligiga ta’siri tahlil qilinadi.