Talablar

Muallif tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola mavzusi “Ilgʻor iqtisodiyot va pedagogik texnologiyalar” ilmiy elektron jurnalining yoʻnalishiga mos kelishi lozim.

  1. Maqolalar asosan empirik va fundamental tadqiqot, keys-stadi, adabiyotlar tahlili va sharh, meta-analiz, nazariya, amaliyot, uslubiyot, professional ilmiy taqriz va boshqa tavsifga ega boʻlishi koʻzda tutiladi.
  2. Maqola qoʻlyozmasi avval nashr qilinmagan va bir vaqtda boshqa jurnalga taqdim qilinmagan boʻlishi kerak.
  3. Maqola xalqaro andozalar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega boʻlishi tavsiya etiladi:

Maqola mavzusi. Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va loʻnda koʻrinishda shakllantirilgan boʻlib, maqolaning tadqiqot yoʻnalishini aniq ifoda etishi lozim (oʻzbek, rus va ingliz tillarida).

Tematik rubrikator. UOʻK – universal oʻnlik klassifikator (УДК). har bir maqola boshida UOʻK raqami qoʻyilishi lozim. UOʻK raqamini aniqlash va u haqida qoʻshimcha maʼlumotni olish uchun quyidagi havoladan foydalanish mumkin (https://perviy-vestnik.ru/udc/).

Maqola muallifi toʻgʻrisida maʼlumot. Ushbu qismda muallifning ismi va familiyasi, tegishliligi (yaʼni, ish joyi yoki tahsil olish joyi, bunda faqatgina tashkilot nomi qisqartmalarsiz toʻliq yoziladi), elektron pochta manzili, ORCID raqami va muloqot telefonlari kiritiladi (barchasi oʻzbek, rus va ingliz tillarida). ORCID raqami https://orcid.org/ saytida shakllantiriladi. Quyidagi oʻzbekcha va ruscha videoqoʻllanmalarda ORCID raqamni qayerdan olish va unda roʻyxatdan oʻtish masalalari yoritilgan.

Maqola annotatsiyasi. Maqola annotatsiyasi koʻpi bilan 100 soʻzdan iborat boʻlgan, maqolaning umumiy mazmunini qisqacha tarzda yoritib beruvchi qism hisoblanadi. Maqola annotatsiyasida tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qoʻllanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning toʻla mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi (oʻzbek, rus va ingliz tillarida).

Kalit soʻzlar. Tayanch soʻzlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit soʻzlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun tayanch soʻzlarning har biri asosiy matn tarkibida oʻrtacha 5-10 marta takrorlanishi tavsiya etiladi (oʻzbek, rus va ingliz tillarida).

Kirish. Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi. Bundan tashqari, kirish qismida tadqiqot obyektining qisqacha tavsifi keltiriladi. Keyingi tarkibiy qismlar mazmuni ham aynan kirish qismida qisqacha izohlanadi.

Adabiyotlar sharhi (uslubiy materiallar sharhi). Mavzuga oid adabiyotlar sharhi tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar sharhi mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda maʼlum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning sharhida tanqidiy tahlil amalga oshirilib, uning maqsadi mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytirish va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirish hisoblanadi. Oʻz mazmuniga koʻra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar boʻyicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi maʼlumot manbalari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit soʻzlar yordamida scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).

Tadqiqot metodologiyasi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri boʻlib u oʻtkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yoʻli va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yoʻnalishini belgilash, tadqiqot dizayni, yaʼni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yoʻllari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot obyektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi maʼlumot manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-stadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash boʻyicha ratsional qaror qabul qilish asosida qoʻyilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yoʻlni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yoʻlning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon boʻladi.

Tahlil va natijalar muhokamasi (maqola mazmunidan kelib chiqib adabiyotlar sharhiga qoʻshilishi ham mumkin). Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yigʻilgan maʼlumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar boʻyicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

Tahlil qismi natijalari mavzuga oid adabiyotlar tahlili natijalari va xulosalariga taqqoslash hamda shaxsiy fikrlar orqali muhokamasini nazarda tutadi. Ushbu qism tadqiqot natijalarini izohlash vazifasini bajaradi.

Xulosa va takliflar. Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining oʻz javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yoʻnalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati. Bu qism tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning roʻyxatini eʼlon qiladi. Maqolada foydalanilgan barcha havolalar bu qismda alifbo ketma-ketligida Garvard shakli talablarida qayd qilinadi. Batafsil quyidagi linkda tanishib chiqish mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar soni 10 tadan koʻp, shundan kamida 50 %i soʻnggi 5 yil davomida chop etilgan ilmiy adabiyotlar va kamida 30 %i xorijiy adabiyotlar boʻlishi maqsadga muvofiq. Shuningdek kamida 1 ta adabiyot mazkur jurnalda nashr qilingan boʻlishi tavsiya etiladi.

  1. Maqola matni kamida 70% muallifning shaxsiy izlanishlari natijasiga asoslanishi lozim. Topshirilgan maqolalar antiplagiat uchun tekshirilganda belgilangan meʼyordan past boʻlganlari nashr etilmaydi va toʻlov qaytarilmaydi.
  2. Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda boʻlib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda boʻlishi tavsiya etiladi. Maqola matni sahifasining barcha (oʻng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi cheklanmagani holda, eng minimal hajmi 6 betdan kam boʻlmasligi tavsiya etiladi.
  3. Maqolada jadval nomlari uning yuqori qismida, rasmlar nomlari ularning quyi qismida beriladi.
  4. Maqola ichida beriluvchi havolalar Garvard shakli (Harvard style) talablari asosida quyidagicha beriladi:

Yagona muallifli maqola uchun (Familiya, yili) – masalan (Ahmedov, 2014);

Ikki muallifli maqola uchun (Familiya va Familiya, yil) – masalan (Ahmedov va Sobirov, 2013);

Ikkitadan ortiq muallifli maqola uchun (Familiya va boshq., yil) – masalan (Ahmedov va boshq., 2013);

Bir nechta alohida maqolalar uchun (Familiya, yil; Familiya, yil… (alifbo tartibida)) – masalan (Ahmedov, 2014; Sobirov, 2013; …)

  1. Maqolalar oʻzbek, rus, yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.
  2. Belgilangan talablarga javob bermaydigan maqolalar taqrizchilarga taqdim etilmaydi va tahririyatning talablarga javob bermaslik haqidagi xulosasi bilan muallifga qayta ishlash uchun qaytarib yuboriladi.
  3. Barcha maqolalar tahririyat tomonidan taqrizdan oʻtkaziladi. Zarur hollarda ekspertlarga yuborib taqrizdan oʻtkazilishi mumkin. Tahririyat tomonidan taqrizdan oʻtgan va nashrga tavsiya etilgan maqolalarda keltirilgan dalillar va maʼlumotlar uchun muallif javobgar hisoblanadi.
  4. Maqola nashr etish bilan bogʻliq barcha jarayonlar har bir maqola uchun toʻlov evaziga amalga oshiriladi.