Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Mazkur ilmiy maqolada atom elektr stansiyalaridan foydalanishning iqtisodiy afzalliklari va ularni nazorat qilish holati kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda atom energetikasining uzoq muddatli investitsiya xususiyati, kapital xarajatlar tuzilmasi, ekspluatatsiya samaradorligi va yuklama koeffitsientining iqtisodiy natijalarga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, atom elektr stansiyalarida xavfsizlik va nazorat tizimlarining iqtisodiy barqarorlikka ta’siri, xalqaro standartlar va milliy tartibga solish mexanizmlarining ahamiyati yoritilgan. Atom energetikasining iqtisodiy samaradorligi faqat tannarx ko‘rsatkichi bilan emas, balki hayotiy sikl xarajatlari, xavfsizlik omillari va energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada tijorat banklarida islom moliyasi xizmatlarini taqdim etishning uch asosiy modeli - islom darchasi, islom sho‘ba banki va to‘liq islom banki - nazariy jihatdan qiyosiy tahlil qilinadi. Tahlil kirish xarajatlari nazariyasi, tranzaksion xarajatlar nazariyasi, resursga asoslangan yondashuv va institutsional nazariya kabi to‘rtta fundamental iqtisodiy konsepsiya orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, maqolada islom darchalari tomonidan ko‘rsatiladigan asosiy moliyaviy xizmat turlari - murobaha, mudoraba, mushoraka, ijara, istisna va salam - shartnomaviy mexanizmlari bilan batafsil yoritiladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston kabi islom moliyasi bozori hali shakllanish bosqichida bo‘lgan mamlakatlarda islom darchasi modeli kirish xarajatlari minimalligi, mavjud infratuzilmadan foydalanish samaradorligi va dinamik moslashuvchanlik jihatidan strategik ustunlikka va ahamiyatga ega
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Maqola soliq tekshiruvi tadbirlarining byudjet tizimiga taʼsirini oʻrganish, ularning samaradorligi va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilishga bagʻishlangan. Maqolada soliq tekshiruvlarining asosiy maqsad va vazifalari, ularning byudjet uchun ijobiy va salbiy oqibatlari muhokama qilinadi. Soliq tekshiruvlarining soliq tushumlarini koʻpaytirish, soliq intizomini yaxshilash va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi taʼsiriga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqolada, shuningdek, yuqori maʼmuriy xarajatlar bilan bogʻliq muammolar, biznes muhitiga mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlar va samarasiz tekshirishlar natijasida yuzaga keladigan xavflar muhokama qilinadi. Soliq nazorati sohasidagi joriy tendensiyalar, jumladan, jarayonlarni avtomatlashtirish va katta maʼlumotlarni tahlil qilish texnologiyalaridan foydalanish tahlil qilinadi. Xulosa oʻrnida, soliq tekshiruvi tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari, xususan, raqamlashtirish, soliq inspektorlari malakasini oshirish va soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorlikning yanada shaffof tizimini yaratish kabilar alohida taʼkidlandi. Maqolada soliq tekshiruvlari samaradorligini va byudjet tizimining barqarorligini oshirish maqsadida ularni optimallashtirish boʻyicha tavsiyalar berilgan.