Ushbu tadqiqot beshta Markaziy Osiyo o‘tish davri iqtisodiyoti, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, iqtisodiy o‘sishining determinantlarini 1990–2024-yillar kesimida tahlil qiladi hamda energiya iste’molining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratadi. Jahon banki ko‘rsatkichlaridan olingan 170 ta kuzatuvdan iborat panel ma’lumotlar asosida tadqiqot energiya iste’moli, moliyaviy rivojlanish, sanoatlashtirish va savdo ochiqligini yagona panel ma’lumotlar tizimida integratsiya qiladi. Hausman testi natijalariga ko‘ra, afzal spetsifikatsiya sifatida Fixed Effect modeli tanlangan bo‘lib, qiyosiy shaffoflik uchun Random Effect modeli natijalari ham keltirilgan. Fixed Effect modeli moliyaviy rivojlanish mamlakatlararo YaIM jon boshiga o‘sishning eng kuchli va barqaror omili ekanligini ko‘rsatdi, undan keyin ishlab chiqarishning qo‘shilgan qiymati orqali o‘lchangan sanoatlashtirish turadi. Energiya iste’moli iqtisodiy o‘sishga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va mintaqada o‘sish–energiya bog‘liqligining mavjudligini tasdiqlaydi, biroq natijalar vaqt o‘tishi bilan energiya intensivligining kamayishini ham ko‘rsatadi. Savdo ochiqligi esa cheklangan institutsional salohiyat va eksport diversifikatsiyasi sharoitida bosqichma-bosqich liberallashtirishning salbiy oqibatlarini aks ettirib, YaIM jon boshiga nisbatan manfiy bog‘liqlikni namoyon etdi. Ushbu natijalar postsovet Markaziy Osiyo sharoitida energiya–o‘sish bog‘liqligi bo‘yicha mavjud empirik dalillarga hissa qo‘shadi hamda moliyaviy sektorni chuqurlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligiga investitsiyalar va strategik savdo integratsiyasi bo‘yicha siyosiy tavsiyalarni taqdim etadi
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Tadqiqotda iqtisodiy kengayish va ekologik muvozanat bir-biriga zid jarayonlar emas, balki uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi o‘zaro bog‘liq rivojlanish omillari sifatida baholanadi. Maqolada qiyosiy tahlil, statistik kuzatuv va kichik tanlanmaga asoslangan OLS regressiya modeli qo‘llanilib, O‘zbekistonda YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va qayta tiklanuvchi energiya ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat o‘rganiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, institutsional, texnologik va moliyaviy yashillashtirish mexanizmlari yetarlicha rivojlanmaganda iqtisodiy o‘sish ekologik bosim bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining kengayishi va ESG tamoyillarining kuchayishi ushbu bog‘liqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi
Ushbu tadqiqot PISA 2022 ma’lumotlaridan (N = 56,477 o‘quvchi; 2,495 maktab) foydalangan holda, yetti post-sovet mamlakatida o‘quvchilarning o‘qitish sifati haqidagi tasavvurlari va ularning raqamli o‘qish bo‘yicha natijalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Klieme va boshqalarning o‘qitish sifati bo‘yicha konseptual yondashuviga tayangan holda — u o‘qitish usullari, sinf boshqaruvi va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni qamrab olgan holda — uch darajali ierarxik chiziqli modellar (HLM) yordamida baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, o’quvchilar tomonidan qayd etilgan o‘qitishning moslashuvi (β = 0.109), o‘qituvchi tomonidan yo‘naltirilgan o‘qitish (β = 0.076), raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatish amaliyotlari (β = 0.230) va o‘qishga jalb etishni rag‘batlantirish (β = 0.123) raqamli o‘qish natijalari bilan ijobiy va sezilarli bog‘liqdir. Shuningdek, ijobiy intizomiy muhit (β = 0.031), o‘qituvchi qiziqishi (β = 0.073) va o‘qituvchi qo‘llab-quvvatlashi (β = 0.054) ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, o‘qish ko‘nikmalarini mashq qilish (β = −0.051) va dars davomiyligini uzaytirish (β = −0.054) kichik salbiy bog‘liqlikni namoyon etadi. Maktab darajasidagi dispersiya natijalar o‘zgaruvchanligining katta qismini tushuntiradi (f² = 44.77%), bu esa raqamli savodxonlikni shakllantirishda institutsional omillarning muhim rolini ko‘rsatadi. Natijalar o‘qitish sifati bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tish davridagi ta’lim tizimlariga keng tadbiq qiladi hamda post-sovet kontekstida pedagogika va ta’lim siyosati uchun amaliy tavsiyalar beradi