Mazkur maqolada tijorat banklarida islom moliyasi xizmatlarini taqdim etishning uch asosiy modeli - islom darchasi, islom sho‘ba banki va to‘liq islom banki - nazariy jihatdan qiyosiy tahlil qilinadi. Tahlil kirish xarajatlari nazariyasi, tranzaksion xarajatlar nazariyasi, resursga asoslangan yondashuv va institutsional nazariya kabi to‘rtta fundamental iqtisodiy konsepsiya orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, maqolada islom darchalari tomonidan ko‘rsatiladigan asosiy moliyaviy xizmat turlari - murobaha, mudoraba, mushoraka, ijara, istisna va salam - shartnomaviy mexanizmlari bilan batafsil yoritiladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston kabi islom moliyasi bozori hali shakllanish bosqichida bo‘lgan mamlakatlarda islom darchasi modeli kirish xarajatlari minimalligi, mavjud infratuzilmadan foydalanish samaradorligi va dinamik moslashuvchanlik jihatidan strategik ustunlikka va ahamiyatga ega
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarida, xususan bank AJlarda raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati va nazariy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqot raqamli boshqaruvni IT joriy etish bilan cheklamasdan, axborot asimmetriyasi hamda agentlik va tranzaksion xarajatlarni qisqartirish, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash orqali izohlaydi. Solishtirma va kontent-tahlil asosida tushunchalar taqqoslandi, evolyutsion model va omillar tizimi ishlab chiqildi. Mualliflik ta’rifi taklif etilib, banklar uchun konseptual xulosalar berildi
Ushbu maqolada tijorat banklarida blokcheyn texnologiyalarini to‘lov tizimlariga joriy etish jarayonlari, ularning operatsion samaradorlikka, xavfsizlik darajasiga va tranzaksiyalar tezligiga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda blokcheynning texnologik tarkibi, to‘lov jarayonlari bilan integratsiyasi va uning iqtisodiy afzalliklari tizimli, solishtirma va empirik yondashuvlar asosida baholandi. Natijalar blokcheyn asosidagi mexanizmlar to‘lovlar narxini kamaytirishi, firibgarlik xavfini pasaytirishi va banklararo hisob-kitoblarni avtomatlashtirishga xizmat qilishini ko‘rsatdi.
Maqolada davlat investitsiya siyosatining institutsional mexanizmlari va strategik yondashuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni (TXI) jalb etishga qanday ta’sir ko‘rsatishi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot institutsional nazariyaga asoslangan bo‘lib, tizimlashtirish, qiyosiy tahlil hamda dinamik qatorlarni taqqoslash usullaridan foydalanilgan. O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanilayotgan institutsional mexanizmlar va strategik yondashuvlar, jumladan, huquqiy kafolatlar, tashkiliy tuzilmalar, rag‘batlantiruvchi rejimlar hamda xalqaro-huquqiy integratsiya vositalari tizimlashtirilgan.
Мазкур тадқиқотда хизмат кўрсатиш соҳасида рақамли ва инновацион технологияларни жорий этишнинг иқтисодий самарадорликка таъсири таҳлил қилинган. Тадқиқот иқтисодий-статистик ва таққослама таҳлил усуллари асосида миллий ва халқаро маълумотлардан фойдаланган ҳолда амалга оширилди. Таҳлил натижалари тарқамли технологиялар, хусусан сунъий интеллект, катта маълумотлар ва булутли технологияларни жорий этиш меҳнат унумдорлигини ошириш, транзакция харажатларини камайтириш ва хизматлар сифатини яхшилашга хизмат қилишини кўрсатди. Тадқиқот натижалари асосида хизматлар соҳасида рақамли иқтисодиётни ривожлантиришга қаратилган амалий таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилди.
Ушбу мақолада рақамли платформаларнинг халқаро савдога таъсири таҳлил қилинади. Рақамли технологиялар савдо жараёнларини оптималлаштириш, транзакцион харажатларни камайтириш ва янги бозорларга кириш имкониятларини кенгайтиришда муҳим роль ўйнайди. Шу билан бирга, рақамли платформаларнинг ривожланиши рақамли нотенглик, киберхавфсизлик ва ҳуқуқий тартибга солиш соҳаларидаги муаммоларни кўрсатади. Мақолада ушбу рискларни камайтириш ва рақамли савдони ривожлантириш бўйича чора-тадбирлар таклиф этилади.