Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Mazkur tadqiqotda davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalari keng qamrovda tahlil etilgan. Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash hamda investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirishda muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ularning boshqaruv mexanizmlarini xalqaro talab va standartlarga moslashtirish, faoliyatning ochiqligi va hisobdorlik darajasini oshirish, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlar huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Tadqiqot davomida mavjud tizimli muammolar chuqur tahlil qilinib, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Umuman olganda, korporativ boshqaruvni samarali rivojlantirish korxonalar faoliyatining natijadorligini oshirish bilan birga, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston tijorat banklarining 1999–2023 yillardagi sof foiz marjasi (SFM) dinamikasi tahlil qilinadi. Sof foiz marjasi bankning foizli aktivlardan daromad olish samaradorligini ifodalaydi va moliyaviy barqarorlik hamda rentabellikni baholashda muhim koʻrsatkich hisoblanadi. Tadqiqotda mulkchilik shakliga koʻra banklar oʻrtasidagi farqlar, vaqt boʻyicha tendensiyalar hamda ekstremal kuzatuvlarning taʼsiri o‘rganildi. Natijalar xorijiy banklarning sof foiz marjasi boshqa guruhlarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ekanini, davlat banklari esa eng past samaradorlikka ega boʻlganini koʻrsatdi. Shuningdek, 2017-yildan keyingi davrda davlat bevosita egalik qiluvchi banklarning samaradorligi sezilarli oshgani qayd etildi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida muammoli qarzdorlik (NPL) o‘sish omillari makroiqtisodiy va bankka xos determinantlar uyg‘unligida tahlil qilinadi hamda kredit riskini erta ogohlantirish mexanizmlari (EWS)ning aktivlar sifati yomonlashuvining protsiklik xususiyatini kamaytirishdagi roli baholanadi. Empirik asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining NPL va kredit portfeli bo‘yicha rasmiy ko‘rsatkichlari, shuningdek, bank sektori transformatsiyasi sharoitida NPL determinantlariga oid zamonaviy tadqiqotlar yondashuvlari qo‘llanadi. Davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi institutsional farqlar, NPLni regulyator o‘lchovi va IFRS 9 yondashuvi o‘rtasidagi taqqoslanish muammosi hamda restrukturizatsiya amaliyotlari alohida yoritiladi. Natijalar asosida aktivlar sifati bo‘yicha oshkoralikni kuchaytirish, IFRS 9 indikatorlarini nazorat monitoringiga integratsiya qilish va EWS triggerlarini standartlashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
Maqolada O‘zbekiston fond bozorida aksiyalar muomalasining muammolari va rivojlantirish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Emitentlar faolligini oshirish, davlat ulushini kamaytirish, investor huquqlarini himoya qilish va dividend siyosatini muvozanatlashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.