Ushbu tadqiqot 1997–2023-yillar davrida O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI), iqtisodiy o‘sish va savdo ochiqligi o‘rtasidagi sabab-oqibat munosabatlarini o‘rganadi. Kengaytirilgan Dikkey-Fuller (ADF) testiga ko‘ra barcha ko‘rsatkichlar birinchi tartibli integrallashgan, ya’ni I(1) ekanligi aniqlangan. Yohansen kointegratsiya testi esa ko‘rib chiqilayotgan o‘zgaruvchilar o‘rtasida kamida ikkita uzoq muddatli kointegratsiya vektorining mavjudligini tasdiqlaydi. Qisqa va uzoq muddatdagi sababiy aloqalarni tekshirish uchun Vektor xatolikni tuzatish modeli (VECM) qo‘llanilgan. Natijalar TXI, iqtisodiy o‘sish va savdo ochiqligi o‘rtasida har ikkala vaqt momentida ham ikki tomonlama (bi-yo‘nalishli) munosabat mavjudligini ko‘rsatadi. Ushbu natijalar savdo liberallashuvi va investitsiya muhiti bo‘yicha siyosatlarning iqtisodiy o‘sish, TXI oqimlari va savdo hajmining bir vaqtning o‘zida o‘sishini rag‘batlantirishi mumkinligini anglatadi. Tadqiqot O‘zbekistonning makroiqtisodiy barqarorligi va uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlash uchun savdo va investitsiya siyosatini uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ilgari suradi.
Ushbu tadqiqot beshta Markaziy Osiyo o‘tish davri iqtisodiyoti, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, iqtisodiy o‘sishining determinantlarini 1990–2024-yillar kesimida tahlil qiladi hamda energiya iste’molining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratadi. Jahon banki ko‘rsatkichlaridan olingan 170 ta kuzatuvdan iborat panel ma’lumotlar asosida tadqiqot energiya iste’moli, moliyaviy rivojlanish, sanoatlashtirish va savdo ochiqligini yagona panel ma’lumotlar tizimida integratsiya qiladi. Hausman testi natijalariga ko‘ra, afzal spetsifikatsiya sifatida Fixed Effect modeli tanlangan bo‘lib, qiyosiy shaffoflik uchun Random Effect modeli natijalari ham keltirilgan. Fixed Effect modeli moliyaviy rivojlanish mamlakatlararo YaIM jon boshiga o‘sishning eng kuchli va barqaror omili ekanligini ko‘rsatdi, undan keyin ishlab chiqarishning qo‘shilgan qiymati orqali o‘lchangan sanoatlashtirish turadi. Energiya iste’moli iqtisodiy o‘sishga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va mintaqada o‘sish–energiya bog‘liqligining mavjudligini tasdiqlaydi, biroq natijalar vaqt o‘tishi bilan energiya intensivligining kamayishini ham ko‘rsatadi. Savdo ochiqligi esa cheklangan institutsional salohiyat va eksport diversifikatsiyasi sharoitida bosqichma-bosqich liberallashtirishning salbiy oqibatlarini aks ettirib, YaIM jon boshiga nisbatan manfiy bog‘liqlikni namoyon etdi. Ushbu natijalar postsovet Markaziy Osiyo sharoitida energiya–o‘sish bog‘liqligi bo‘yicha mavjud empirik dalillarga hissa qo‘shadi hamda moliyaviy sektorni chuqurlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligiga investitsiyalar va strategik savdo integratsiyasi bo‘yicha siyosiy tavsiyalarni taqdim etadi