Mazkur maqolada iqtisodiyotda tabiiy resurslardan samarali foydalanish va ularni boshqarishning asosiy yoʻnalishlari tahlil qilingan. Ilmiy tahlillar asosida resurslardan oqilona foydalanishning iqtisodiy va ekologik ahamiyati, shuningdek, xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda samarali boshqaruv mexanizmlari oʻrganiladi. Amaliyotda resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirish, ekologik siyosatni kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy tavsiyalar berilgan. Iqtisodiyotda tabiiy resurslardan foydalanishni boshqarishda innovatsion yondashuvlar va davlat siyosatining ahamiyati ilmiy asosda yoritilgan.
Ushbu maqolada Samarqand viloyatidagi tabiiy turistik resurslardan foydalanish holati va ularni samarali rivojlantirish strategiyalari chuqur tahlil qilingan. Hududda mavjud ekologik, geologik, gidrologik hamda landshaft resurslar asosida ekoturizmni, sog‘lomlashtiruvchi turizmni va sarguzasht turizmini rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, raqamli texnologiyalar, ekologik muvozanat va barqaror turizm tamoyillari asosida ishlab chiqilgan strategik yondashuvlar asosida takliflar ilgari surilgan. Tahlil qilish natijasida mintaqaning turistik salohiyatini bashoratlash uchun zarur boʻlgan ekonometrik modelni yaratib, modeldan foydalangan holda mintaqaning turizm sohasidagi barcha koʻrsatkichlarini bashorat qilish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan.
Iqtisodiyotning jadallik bilan raqamlashtirilishi sharoitida mehnat unumdorligini oshirish masalasi kichik biznes subyektlari uchun alohida dolzarblik kasb etmoqda. Chunki mehnat resurslaridan samarali foydalanish darajasi tadbirkorlik subyektlarining raqobatbardoshligi va barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maqolada raqamli transformatsiya sharoitida kichik korxonalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda mehnat unumdorligini oshiruvchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Institutsional cheklovlar, tashkiliy-boshqaruv to‘siqlari va raqamli yechimlarning amaliy boshqaruvga joriy etilish darajasi chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, raqamli tahlil vositalari va biznes-jarayonlarni shaxsiylashtirish texnologiyalarining ichki resurslardan samarali foydalanishdagi roli tahlil etiladi. Empirik ma’lumotlar va xalqaro tajribalar asosida mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli muhitni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari kichik biznesning raqamli iqtisodiyot sharoitida barqaror rivojlanishini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin.
Mazkur tadqiqotda davlat sektorida ichki audit tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribalar o‘rganilgan. Xususan, audit faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish, texnologik integratsiyaning roli hamda auditorlarning mustaqilligini kafolatlovchi omillar tahlil qilingan. Malayziya, Janubiy Afrika, Germaniya va boshqa davlatlardagi amaliy tajribalar misolida ichki audit samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar va ularning natijalari ko‘rsatib berilgan. Shu asosda O‘zbekistonda ichki audit tizimini takomillashtirish uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ushbu ilmiy izlanish davlat boshqaruvida oshkoralik, moliyaviy intizom va resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida mahalliy byudjetlarning moliyaviy resurslarini boshqarish metodologiyalari tahlil qilinadi. Avvalo, fiskal markazlashtirish va desentralizatsiya tamoyillari doirasida mahalliy byudjetlarning mustaqil daromad manbalari, ulushli soliqlar va markazdan ajratiladigan transferlar mexanizmi ko‘rib chiqiladi. Keyin o‘rta muddatli byudjet rejalashtirish, byudjet muvozanatini ta’minlash va natijadorlikka yo‘naltirilgan byudjetlashtirish tamoyillari asosida resurslarni joyida samarali taqsimlash usullari keltiriladi. Shuningdek, tashabbusli (participatory) byudjet va jamoatchilik ishtirokini oshirish orqali mahalliy darajada moliyaviy resurslardan foydalanish shaffofligi va nazorat imkoniyatlari tahlil etiladi. Maqolada umumiy (erkin) transferlar, subventsiya-dotatsiya tizimi va gorizontal tenglashtirish instrumentlari yordamida hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovutni kamaytirish yondashuvlari ham yoritiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda soliq islohotlari, investitsion moliyalashtirish va risklarni boshqarish usullarining mahalliy byudjet barqarorligiga ta’siri o‘rganiladi. Tadqiqot yakunida mahalliy byudjetlarni boshqarish metodologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar – formulaviy transferlar mexanizmi joriy etish, interfaol byudjet portallarini kengaytirish va mahalliy obligatsiyalar chiqarish imkoniyatlarini yaratish taklif etiladi. Maqola amaliy tadqiqot va rasmiy statistika asosida yozilgan bo‘lib, hududiy rivojlanish strategiyalarini moliyalashtirishda samarali vositalarni belgilashga qaratilgan.
Mazkur maqolada innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning xorijiy tajribalari va ularning milliy iqtisodiyot sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Hozirgi globallashuv jarayonida innovatsiyalarni joriy etish va investitsiyalarni samarali boshqarish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylangan. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy mexanizmlar, huquqiy bazaning mukammalligi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi va ilmiy salohiyatning yuqoriligi muhim o‘rin tutadi. Milliy iqtisodiyotda bu tajribalarni tatbiq etish innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, venchur kapital bozorini shakllantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va startaplar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Shu bilan birga, xorijiy tajribani milliy sharoitga moslashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va milliy innovatsion tizimni takomillashtirish zarur. Mazkur maqolada xorijiy tajribalar tahlil qilinib, ularni o‘zbek iqtisodiyoti uchun tatbiq etish mexanizmlari yoritiladi hamda milliy innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning nazariy va amaliy yo‘nalishlari asoslab beriladi.
Mazkur maqola zamonaviy loyihalar boshqaruvi nazariyasining hozirgi davrda shakllanayotgan tamoyillari va ularning iqtisodiy jarayonlarda tutgan o‘rnini yoritadi. Globallashuv va raqobatning kuchayishi sharoitida loyihalarni samarali boshqarish davlat va xususiy sektor uchun muhim tizimli yondashuvga aylanmoqda. Maqolada loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda strategik rejalashtirish, aniq maqsad qo‘yish va risklarni oldindan baholashning ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqotda loyiha boshqaruvida tashkilot ichidagi pirovard natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv, manfaatchi tomonlar bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish va resurslardan oqilona foydalanish masalalari tahlil qilinadi. Jamoa a’zolari o‘rtasida hamkorlik va mas’uliyatni taqsimlash, rahbarning motivatsion rolini kuchaytirish ham loyihaning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiluvchi omillar sifatida e’tirof etilgan. Maqola O‘zbekiston sharoitida loyihalar boshqaruvi tizimining rivojlanishi va amaliy qo‘llanilishi borasida ham muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Mamlakatda iqtisodiy islohotlar, infratuzilma yangilanishi, innovatsion tizimlarning joriy etilishi va tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonlarida loyihaviy boshqaruvning o‘rni tobora ortib bormoqda. Davlat dasturlari va investitsion loyihalarda boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish strategik natijalarga erishishda asosiy vosita sifatida ko‘rsatib berilgan
Mazkur maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida ishlab chiqarish korxonasining innovatsion salohiyatini samarali rivojlantirish masalalari ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli texnologiyalar, inson kapitali, moliyaviy va tashkiliy resurslarning korxonaning innovatsion salohiyatiga ta’siri yoritilgan. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish darajasi, innovatsion faoliyat ko‘rsatkichlari va ularning samaradorlikka ta’siri o‘rganilgan. Maqolada raqamli transformatsiya, avtomatlashtirilgan tizimlar, “Big Data”, IoT va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, boshqaruv va innovatsion jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Mazkur maqolada infratuzilmani samarali rejalashtirish, boshqarish va rivojlantirishda geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyalarining o‘rni yoritilgan. GAT vositalari orqali hududiy resurslardan oqilona foydalanish, muhandislik kommunikatsiyalarini optimallashtirish, favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish va ekologik barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlari tahlil etilgan. Dunyodagi ilg‘or tajribalar, xususan, Singapurda “Smart Nation” tashabbusi doirasida GAT texnologiyalarining joriy etilishi, virtual shahar modellarining shakllantirilishi va ularning transport, suv va qurilish infratuzilmasiga ta’siri misol sifatida ko‘rib chiqilib, tahlillar asosida xulosa va takliflar keltirib o‘tilgan.
Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining aylanma iqtisodiyotga integratsiyasi global miqyosdagi chiqindilarni boshqarish muammosiga inqilobiy yechimlar taklif etadi. Ushbu maqolada chiqindilarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish va barqarorlikni ta’minlashda SI asosidagi innovatsiyalarning o‘rni tahlil qilinadi. AQShdagi AMP Robotics va Finlyandiyadagi ZenRobotics kabi amaliy misollar orqali SI texnologiyalari chiqindilarni saralash, qayta ishlash samaradorligini oshirish va mahsulotning hayotiy siklini boshqarishdagi ahamiyati ko‘rsatilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt atrof-muhit barqarorligiga hissa qo‘shish bilan birga iqtisodiy imkoniyatlarni ham yaratadi, resurs aylanishini optimallashtiradi va chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytiradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonning tabiiy resurslari asosida ekologik turizmni rivojlantirish imkoniyatlari va uning iqtisodiy faollikka ta’siri tahlil qilinadi. Ekoturizmning mahalliy aholi bandligiga, hudud infratuzilmasi va kichik tadbirkorlikka ta’siri yoritilgan. Misol tariqasida Jizzax viloyatidagi Zomin milliy bog'i tajribasi keltirilgan. Tadqiqotda statistik tahlil, SWOT tahlili va mintaqaviy solishtirma yondashuvlardan foydalanilgan. Natijalarga ko'ra, ekologik turizmni kompleks yondashuv asosida rivojlantirish iqtisodiy barqarorlikka xizmat qilishi mumkinligi isbotlandi.
Mazkur maqolada mintaqa iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda raqamli transformatsiyaning o‘rni va ahamiyati nazariy hamda metodologik jihatdan tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar sun’iy intellekt, big data, bulutli hisoblash, IoT va elektron platformalarning hududiy iqtisodiy tizimlarga ta’siri o‘rganilib, ularning resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, investitsion jozibadorlikni kuchaytirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi roli asoslab beriladi. Tadqiqotda mintaqaviy rivojlanishda raqamli transformatsiyaning institutsional, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari integratsiyalashgan yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi. Olingan natijalar mintaqaviy siyosatni raqamlashtirish orqali hududlararo tafovutlarni kamaytirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash metodologiyasi zamonaviy raqamli iqtisodiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy jarayonlarga ta’siri, ularni boshqaruv, ishlab chiqarish, moliyaviy va soliq tizimlarida samarali joriy etish metodologik asoslari tahlil qilingan. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkoniyatlari yoritilgan. Xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida SI tizimlarini tatbiq etishning afzalliklari va muammolari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv yondashuvlari barqaror iqtisodiy o‘sish va samaradorlikni oshirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi