Mazkur maqolada O‘zbekiston mintaqalarida oziq-ovqat sanoati korxonalarining innovatsion faolligi va ularning hududiy taqsimlanish xususiyatlari ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda oziq-ovqat sanoati milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida ko‘rib chiqilib, korxonalarning innovatsion faoliyati hududiy rivojlanish darajasi, ishlab chiqarish infratuzilmasi, institutsional muhit va inson kapitali bilan uzviy bog‘liqlikda baholanadi. Innovatsion faollikning mintaqalar bo‘yicha notekis taqsimlanganligi iqtisodiy samaradorlik, raqobatbardoshlik va qo‘shilgan qiymat yaratish jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi asoslab beriladi. Maqolada hududiy tafovutlarning sabablari ochib berilib, innovatsion faollikni oshirishda mintaqaviy yondashuvning ahamiyati ko‘rsatib o‘tiladi. Tadqiqot natijalari oziq-ovqat sanoatini innovatsion rivojlantirish va hududiy iqtisodiy siyosatni takomillashtirish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.