Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Mazkur maqolada yoqilg‘i-energetika korxonalarining mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi strategik ahamiyati, ularning makroiqtisodiy barqarorlikka qo‘shayotgan hissasi hamda energetik xavfsizlikni ta’minlashdagi roli keng ilmiy tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida energiya resurslarining (neft, gaz, ko‘mir va elektr energiyasi) sanoat tarmoqlarini barqaror ta’minlashdagi vazifalari, investitsion oqimlar dinamikasi va sohaga xos tizimli muammolar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston kontekstida yoqilg‘i-energetika korxonalarining iqtisodiy salohiyatini kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, modernizatsiya jarayonlari va xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari ilmiy-nazariy asosda yoritildi. Maqolada mualliflar kompleks metodologik yondashuv asosida statistik tahlil, komparativ taqqoslash va ekspert intervyularidan foydalanib, sohaning hozirgi holatini baholadilar hamda uni mintaqaviy va xalqaro tajribalar bilan solishtirdilar. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yoqilg‘i-energetika sektori mamlakat YAIMida yuqori ulushga ega bo‘lib, eksport salohiyati va ichki talabni qondirish orqali iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, energiya samaradorligining pastligi, ishlab chiqarish quvvatlarining eskirganligi va investitsion yetishmovchilik kabi muammolar sektorning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mazkur maqolada davlat ishtirokidagi korxonalar moliyaviy barqarorligiga ta’sir qiluvchi omillar nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqotda moliyaviy barqarorlikning iqtisodiy mohiyati hamda uning ichki va tashqi omillar bilan bog‘liqligi yoritildi. Moliyaviy barqarorlikka ta’sir etuvchi omillar moliyaviy va nomoliyaviy guruhlarga ajratilib, ularni tartibga solish mexanizmi ishlab chiqildi. Shuningdek, qarzlar va pul oqimlarini samarali boshqarish hamda investitsion siyosatni takomillashtirish korxonalarning to‘lovga qobiliyati va investitsion jozibadorligini oshirishini tasdiqladi. Olingan xulosalar davlat ishtirokidagi korxonalar uchun uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega
Ushbu tadqiqotda milliy iqtisodiyotda Logistika industriyasi taʼminot zanjirlarida ortib borayotgan murakkabligi va korporativ boshqaruvninig kapital talabchanligi moliyaviy optimallashtirishning samarali vositalarini ishlab chiqish taʼkidlangan. Bugungu kun logistika sohasida faoliyat yurituvchi korporativ tuzilmalarda moliyalashtirish jarayonlarini optimallashtirish uchun moʻljallangan algoritmik yondashuvni baholash taklif etilgan. Ushbu algoritm moliyaviy oqimlarning oqilona taqsimlanishini taʼminlash uchun moliyaviy samaradorlik koʻrsatkichlari, risklarni baholash modellari va resurslarni taqsimlash mexanizmlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot boʻyicha natijalar shuni koʻrsatadiki, taklif etilgan algoritm iqtisodiy samaradorlik, likvidlikni baholash va investitsion moslashuvchanlikni oʻlchashda dinamik logistika muhiti bilan bogʻliq moliyaviy risklarni kamaytiradi.