Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada investitsiyalar, investitsion muhit holatini yaxshilash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishda mahalliy va xorijiy investitsiyalarning o‘rni va holati tahlil qilingan. Hududlarda investitsion muhitni yaxshilash muhimlik holati ko‘rsatib berilgan
Mazkur maqola O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni, xususan, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, bandlik darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Unda “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi kabi strategik hujjatlarning bank tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (aktivlar, kreditlar, kapital va depozitlar) bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi farqlar, ularning bozordagi ulushlari va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Tahlil natijasida davlat banklarining bozorda ustun mavqega ega ekanligini, biroq boshqa banklarning depozitlarni jalb qilishda deyarli teng raqobatlasha olishi aniqlandi. Shuningdek, tijorat banklarining kreditlash faoliyati va muammoli kreditlar (NPL) hajmi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilib, bu boradagi risklar va samaradorlik baholangan.
Ushbu maqolada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida mahalliy byudjetlarning moliyaviy resurslarini boshqarish metodologiyalari tahlil qilinadi. Avvalo, fiskal markazlashtirish va desentralizatsiya tamoyillari doirasida mahalliy byudjetlarning mustaqil daromad manbalari, ulushli soliqlar va markazdan ajratiladigan transferlar mexanizmi ko‘rib chiqiladi. Keyin o‘rta muddatli byudjet rejalashtirish, byudjet muvozanatini ta’minlash va natijadorlikka yo‘naltirilgan byudjetlashtirish tamoyillari asosida resurslarni joyida samarali taqsimlash usullari keltiriladi. Shuningdek, tashabbusli (participatory) byudjet va jamoatchilik ishtirokini oshirish orqali mahalliy darajada moliyaviy resurslardan foydalanish shaffofligi va nazorat imkoniyatlari tahlil etiladi. Maqolada umumiy (erkin) transferlar, subventsiya-dotatsiya tizimi va gorizontal tenglashtirish instrumentlari yordamida hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovutni kamaytirish yondashuvlari ham yoritiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda soliq islohotlari, investitsion moliyalashtirish va risklarni boshqarish usullarining mahalliy byudjet barqarorligiga ta’siri o‘rganiladi. Tadqiqot yakunida mahalliy byudjetlarni boshqarish metodologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar – formulaviy transferlar mexanizmi joriy etish, interfaol byudjet portallarini kengaytirish va mahalliy obligatsiyalar chiqarish imkoniyatlarini yaratish taklif etiladi. Maqola amaliy tadqiqot va rasmiy statistika asosida yozilgan bo‘lib, hududiy rivojlanish strategiyalarini moliyalashtirishda samarali vositalarni belgilashga qaratilgan.
Ushbu maqolada innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda uchraydigan risklar va ularni boshqarish usullari, shuningdek, investitsion oqimlarni samarali boshqarish mexanizmlari tahlil qilinadi. Global va mahalliy tajribalar asosida venchur kapital, startap fondlari, davlat grantlari va boshqa moliyaviy manbalar orqali innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash modellari o‘rganiladi. Tadqiqotda risk-menejmentning asosiy komponentlari tavakkal ehtimolini baholash, sug‘urta, diversifikatsiya va monitoring tizimlari yoritiladi. O‘zbekiston sharoitida mavjud muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar asosida amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada korxonalarning investitsiya faoliyatida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning nazariy asoslari, rivojlanish bosqichlari va amaliy mexanizmlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajribalar hamda O‘zbekiston korxonalari misolida moliyaviy barqarorlikka ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, kapital tuzilmasi, likvidlik, risk boshqaruvi va moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasi bo‘yicha strategik takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu tadqiqotda milliy iqtisodiyotda Logistika industriyasi taʼminot zanjirlarida ortib borayotgan murakkabligi va korporativ boshqaruvninig kapital talabchanligi moliyaviy optimallashtirishning samarali vositalarini ishlab chiqish taʼkidlangan. Bugungu kun logistika sohasida faoliyat yurituvchi korporativ tuzilmalarda moliyalashtirish jarayonlarini optimallashtirish uchun moʻljallangan algoritmik yondashuvni baholash taklif etilgan. Ushbu algoritm moliyaviy oqimlarning oqilona taqsimlanishini taʼminlash uchun moliyaviy samaradorlik koʻrsatkichlari, risklarni baholash modellari va resurslarni taqsimlash mexanizmlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot boʻyicha natijalar shuni koʻrsatadiki, taklif etilgan algoritm iqtisodiy samaradorlik, likvidlikni baholash va investitsion moslashuvchanlikni oʻlchashda dinamik logistika muhiti bilan bogʻliq moliyaviy risklarni kamaytiradi.