Ushbu maqolada kapital bozori nazariyasining tarixiy shakllanish jarayoni, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, bozor mexanizmlarining asosiy qonuniyatlari va ularning global moliya tizimidagi ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda diversifikatsiya, risk-rentabellik nisbatlari, narx shakllanish mexanizmlari, axborot shaffofligi, likvidlik va investor xulqi kabi omillar nazariy va amaliy jihatdan o‘rganildi. Shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan bozorlar o‘rtasidagi farqlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning kapital bozori modeliga ta’siri, O‘zbekiston kapital bozorining zamonaviy rivojlanish xususiyatlari tahlil etildi. Tadqiqot natijalari kapital bozori nazariyasining universalligi bilan birga, har bir mamlakatning institutsional muhitiga moslashtirilishi zarurligini ko‘rsatadi
Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.