Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozorini isloh qilish sharoitida kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishda strategik instrument sifatida professional standartlarning ahamiyati koʻrib chiqiladi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Rossiya va Albaniya tajribasi asosida professional malakalarni shakllantirish va joriy etishga doir yondashuvlarning taqqoslama tahlili keltirilgan. Oʻzbekistonda turizm sohasidagi me’yoriy baza va amaliy faoliyat tahlil qilingan holda asosiy muammo va to‘siqlar aniqlangan. Empirik tadqiqot natijalariga koʻra, professional standartlarga nisbatan ish beruvchilar va ta’lim muassasalarining munosabati baholandi hamda milliy malakalar tizimini rivojlantirish boʻyicha yoʻnalishlar belgilandi. Xalqaro tajribalarni milliy shart-sharoitlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. SWOT-tahlil natijalari asosida standartlarni joriy etish va yangilash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu tadqiqotda milliy oliy ta’lim makonida raqobatbardosh, global mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali korporativ boshqaruv kadrlarini tayyorlash jarayonida o‘quv rejalarini xalqaro andozalarga moslashtirish mantiqi empirik tahlil qilinadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, milliy o‘quv dasturini xalqaro standartlarga chuqur moslashtirish bo‘yicha konseptual transformatsiya modelini o‘z ichiga olgan ilmiy-metodik tavsiyalar paketi ilgari surilgan
Ushbu maqolada O‘zbekistonda ta’lim turizmi infratuzilmasining hozirgi holati tahlil qilinadi va mazkur sohadagi rivojlanish imkoniyatlari hamda mavjud qiyinchiliklar yoritiladi. Xorijiy talabalar statistikasi, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglari va infratuzilma quvvatlari tahlil qilinib, O‘zbekistonni ta’lim turizmi markazi sifatida jozibadorligini oshirish uchun zarur bo‘lgan rivojlanish yo‘nalishlari aniqlanadi. Maqolada xalqaro ta’lim standartlariga moslashish, sifatni oshirish, infratuzilmani kengaytirish, jumladan, yotoqxonalar va raqamli ta’lim platformalari kabi sohalar bo‘yicha takliflar beriladi. Shuningdek, maqolada strategik sarmoyalar, hududiy infratuzilma qo‘llab-quvvatlovi va marketing faoliyati orqali O‘zbekistonni global ta’lim turizmi bozorida raqobatbardosh qilish bo‘yicha tavsiyalar ham keltirilgan.
Mazkur maqolada milliy malaka tizimida kasbiy standartlar va malakani baholash markazlarining institutsional ahamiyati, ularning mehnat bozori va ta’lim tizimidagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqot davomida tarmoq kengashlari faoliyati, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va malakani mustaqil baholash mexanizmlarining amaldagi holati o‘rganilgan. Shuningdek, malakani baholash markazlari va tarmoq kengashlari faoliyatining miqdoriy ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, tizimning kuchli va zaif tomonlari SWOT tahlili asosida baholangan. Tadqiqot natijasida milliy malaka tizimida kasbiy standartlarni muntazam yangilash, baholash markazlari faoliyatini takomillashtirish, ish beruvchilar va ta’lim muassasalari hamkorligini kuchaytirish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni joriy etish hamda raqamli baholash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ madaniyatni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun uning afzalliklari va muammolariga e’tibor qaratish lozim. Samarali korporativ madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati va uzoq muddatli istiqbollariga bevosita ta’sir qiladi. Bunday madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari muvaffaqiyatining eng muhim omillaridan biri bo‘lib, raqobatdosh ustunlikni saqlab turishda muhim hisoblanadi. Shuningdek, u korxonadagi shaxslarning axloqiy fazilatlariga, fidoyiligiga, mehnat unumdorligiga, jismoniy sog‘lig‘iga va jamoada ishlaydigan odamlarning hissiy farovonligiga ta’sir qiladi. Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida uchrayotgan korporativ madaniyat muammolari tahlil qilingan va ularga samarali yechimlar topish yo‘llarini belgilab berilgan. Hamda korporativ madaniyatning muhimligi va uning kompaniya faoliyatidagi o‘rni, shuningdek, madaniyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Muammolar sifatida korporativ madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani, xodimlar o‘rtasidagi muloqotning zaifligi, etika va qadriyatlarga rioya qilinmasligi kabi jihatlar tahlil qilingan. Yechimlar sifatida esa korporativ madaniyatni shakllantirishda strategik yondashuvlar, muntazam ta’lim va tarbiya dasturlari, ochiq muloqot va ishonch muhitini yaratish, shuningdek, etika kodekslarini ishlab chiqish va joriy etish taklif qilingan. Tadqiqot aksiyadorlik jamiyatlari uchun korporativ madaniyatni yaxshilash va samarali boshqarish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni beradi.