Maqolada “O‘zbekiston pochtasi” AJ va uning hududiy filiallarida 2020–2025-yillar davomida xizmatlar tarkibi, hududiy ko‘rsatkichlar va raqamlashtirish samaradorligi dinamikasi tahlil qilindi. Tadqiqotda statistik jadvallar, hududiy taqqoslashlar va integral samaradorlik ko‘rsatkichlari asos qilib olindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, davriy nashrlar va yozma xat-xabarlar hali ham xizmatlar portfelida muhim o‘rin egallaydi, biroq ularning uzoq muddatli o‘sish salohiyati cheklangan. Elektron pul o‘tkazmalari ulushining keskin pasayishi pochta tizimining fintech va mobil bank xizmatlari bilan raqobatda qiymat taklifini qayta ko‘rib chiqishi zarurligini ko‘rsatadi. Aksincha, posilka jo‘natmalari, yetkazib berish tezligi, mijozlar qoniqishi va raqamli buyurtmalar ulushidagi ijobiy siljishlar pochta tizimini elektron tijorat logistikasi va raqamli platforma modeliga bosqichma-bosqich o‘tkazish imkoniyatini tasdiqlaydi. Maqolada hududiy klasterlash, minimal raqamli standartlar, KPI/SLA monitoringi va logistika-moliyaviy xizmatlar integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi
Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ madaniyatni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun uning afzalliklari va muammolariga e’tibor qaratish lozim. Samarali korporativ madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati va uzoq muddatli istiqbollariga bevosita ta’sir qiladi. Bunday madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari muvaffaqiyatining eng muhim omillaridan biri bo‘lib, raqobatdosh ustunlikni saqlab turishda muhim hisoblanadi. Shuningdek, u korxonadagi shaxslarning axloqiy fazilatlariga, fidoyiligiga, mehnat unumdorligiga, jismoniy sog‘lig‘iga va jamoada ishlaydigan odamlarning hissiy farovonligiga ta’sir qiladi. Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida uchrayotgan korporativ madaniyat muammolari tahlil qilingan va ularga samarali yechimlar topish yo‘llarini belgilab berilgan. Hamda korporativ madaniyatning muhimligi va uning kompaniya faoliyatidagi o‘rni, shuningdek, madaniyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Muammolar sifatida korporativ madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani, xodimlar o‘rtasidagi muloqotning zaifligi, etika va qadriyatlarga rioya qilinmasligi kabi jihatlar tahlil qilingan. Yechimlar sifatida esa korporativ madaniyatni shakllantirishda strategik yondashuvlar, muntazam ta’lim va tarbiya dasturlari, ochiq muloqot va ishonch muhitini yaratish, shuningdek, etika kodekslarini ishlab chiqish va joriy etish taklif qilingan. Tadqiqot aksiyadorlik jamiyatlari uchun korporativ madaniyatni yaxshilash va samarali boshqarish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni beradi.