Mintaqa iqtisodiyotining barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash zamonaviy makro va mikrosiyosatning markaziy masalalaridan biridir. Ushbu maqolada mintaqaviy rivojlanishni iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional omillar nuqtai nazaridan tushunish hamda ularni ekonometrik modellashtirishning nazariy asoslari sistematik tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy vazifasi hududiy darajadagi rivojlanish jarayonlarini izohlovchi hamda prognozlovchi matematik-iqtisodiy modellarni tanlash va ularni nazariy jihatdan asoslashdan iborat. Ilmiy-tadqiqot ishida iqtisodiy o‘sishni belgilovchi endogen va ekzogen ko‘rsatkichlar (YAIM/GRDP, sanoat va xizmatlar hajmi, investitsiyalar, bandlik, daromadlar, infratuzilma va institutsional indikatorlar) tavsiflanadi va ularning o‘zaro bog‘liqligi nazariy platformada (neoklassik, institutsional va evolyutsion iqtisodiyot yondashuvlari) joylashtiriladi.
Ushbu tadqiqot 1997–2023-yillar davrida O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI), iqtisodiy o‘sish va savdo ochiqligi o‘rtasidagi sabab-oqibat munosabatlarini o‘rganadi. Kengaytirilgan Dikkey-Fuller (ADF) testiga ko‘ra barcha ko‘rsatkichlar birinchi tartibli integrallashgan, ya’ni I(1) ekanligi aniqlangan. Yohansen kointegratsiya testi esa ko‘rib chiqilayotgan o‘zgaruvchilar o‘rtasida kamida ikkita uzoq muddatli kointegratsiya vektorining mavjudligini tasdiqlaydi. Qisqa va uzoq muddatdagi sababiy aloqalarni tekshirish uchun Vektor xatolikni tuzatish modeli (VECM) qo‘llanilgan. Natijalar TXI, iqtisodiy o‘sish va savdo ochiqligi o‘rtasida har ikkala vaqt momentida ham ikki tomonlama (bi-yo‘nalishli) munosabat mavjudligini ko‘rsatadi. Ushbu natijalar savdo liberallashuvi va investitsiya muhiti bo‘yicha siyosatlarning iqtisodiy o‘sish, TXI oqimlari va savdo hajmining bir vaqtning o‘zida o‘sishini rag‘batlantirishi mumkinligini anglatadi. Tadqiqot O‘zbekistonning makroiqtisodiy barqarorligi va uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlash uchun savdo va investitsiya siyosatini uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ilgari suradi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston Respublikasida import, eksport va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘liqligini vaqt qatori ma’lumotlari va zamonaviy ekonometrik uslublar asosida o‘rganadi. Empirik tahlil Augmented Dickey-Fuller (ADF) testi orqali o‘zgaruvchilarning birlik ildizga ega ekanligi yoki yo‘qligini aniqlashdan boshlandi, so‘ngra o‘zgaruvchilar o‘rtasidagi uzoq muddatli muvozanat aloqalarini aniqlash uchun Johansen kointegratsiya testi qo‘llanildi. Qisqa va uzoq muddatli sababiy bog‘liqliklarni aniqlash uchun Vektor Xatolik Tuzatish Modeli (VECM) ishlatildi. Natijalar importdan eksportga qarab bir yo‘nalishli sababiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi, ya’ni import faoliyatidagi o‘zgarishlar eksport natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot shuningdek, import va iqtisodiy o‘sish hamda eksport va iqtisodiy o‘sish o‘rtasida ikki yo‘nalishli (o‘zaro) bog‘liqlik mavjudligini aniqlaydi. Ushbu natijalarning ahamiyati shundaki, savdoning har ikkala tarkibiy qismi-import va eksport-O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Natijalar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun import o‘sishini ham, eksportni rag‘batlantirishni ham qamrab oluvchi muvozanatli savdo siyosatining muhimligini ta’kidlaydi.