Ushbu tadqiqot Pokistondagi islom banklarida moliyaviy ko‘rsatkichlar, xususan, aktivlar rentabelligi (ROA) va kapital rentabelligi (ROE) ning aksiyalar qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. Pokistonda islomiy banklar faoliyatida ROA va ROE kabi moliyaviy ko‘rsatkichlarning aksiyalar qiymatiga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha empirik tadqiqotlar yetishmaydi, bu esa investorlar uchun muhim bo‘lgan samaradorlik mezonlarini tushunishda bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Tadqiqotda miqdoriy yondashuv qo‘llanilgan bo‘lib, 2016–2022 yillar davridagi ikkilamchi statistik ma’lumotlar Pokiston Fond birjasi va Meezan Bank veb-saytlaridan olingan. ROA, ROE va bank aksiyalari narxi o‘rtasidagi bog‘liqlikni baholash uchun EViews dasturida chiziqli regressiya tahlili amalga oshirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, aksiyalar narxiga rentabellik va kapital ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq ROA ko‘rsatkichining ta’siri 10 foizlik ishonch oralig‘ida statistik jihatdan ahamiyatli hisoblanadi. Tadqiqot faqat Pokiston Islom Banki (PSB) va Meezan Bank (IMBS) ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, natijalarni boshqa banklar yoki bozorlarga umumlashtirish imkoniyati cheklangan. Tadqiqot xulosasiga ko‘ra, investorlar islomiy banklar aksiyalarini baholashda ROA va ROE ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratishlari lozim, chunki bu ko‘rsatkichlar bankning moliyaviy samaradorligini tushunish va asosli investitsiya qarorlari qabul qilishda muhim ahamiyatga ega.
Ушбу мақолада исломий молиялаштириш тизимининг Марказий Осиё давлатларидаги бугунги ҳолати, шунингдек, унинг афзалликлари таҳлили ва истиқболлари ҳақида cўз боради. Мақолада исломий молиялаштириш тизимини Ўзбекистон Республикасида жорий қилиш истиқболлари ҳам таҳлил қилинади.
Ushbu maqolada jahon islomiy moliyalari rivojlanishi, ularning global moliya tizimidagi o‘rni, shuningdek, yaqin yillarda rivojlanishning asosiy tendensiyalari va istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Maxsus e’tibor islomiy moliyaviy aktivlar strukturasining turli mamlakatlarda, jumladan, Fors ko‘rfazi, Janubi-Sharqiy Osiyo, Turkiya va Buyuk Britaniyada tahlil qilinishiga qaratilgan. 2021-2024 yillar uchun islomiy moliyaviy aktivlar hajmi haqida ma’lumotlar taqdim etilgan va 2025 yil uchun prognozlar keltirilgan. Tadqiqot shuningdek, aktivlar strukturasining turli toifalar bo‘yicha, masalan, bank mahsulotlari, sukuklar, ko‘chmas mulk va loyihalarga sarmoyalar tahlilini o‘z ichiga oladi. Xulosa sifatida, islomiy moliyaviy instrumentlarning o‘sishi va rivojlanishi, shuningdek, ularning jahon moliya tizimining barqarorligiga ta’siri haqida xulosalar chiqarilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan
Мақолада Ўзбекистонда барқарор ривожланишни молиялаштириш учун «яшил сукук» воситасининг имкониятлари таҳлил қилинган. Мамлакатнинг иқтисодий ва молиявий ҳолати, исломий молиялаштириш ва сукук бозорининг жорий ҳолати, «яшил» сукукнинг назарий асослари ўрганилган, шунингдек, ушбу воситани жорий этишдаги муаммолар ва унинг истиқболлари аниқланган. Тадқиқотда «яшил» сукукни татбиқ этиш, жумладан меъёрий-ҳуқуқий асосни шакллантириш бўйича илмий хулосалар ва амалий тавсиялар берилган.
Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.