Ushbu tadqiqot Global innovatsion indeks (GII) ma’lumotlariga asoslanib, O‘zbekistonning 2020-2025-yillardagi innovatsion samaradorligini baholaydi hamda uni jahon yetakchilari (Shveysariya, Shvetsiya, AQSH), rivojlanayotgan mamlakatlar (Hindiston, Vetnam, Marokash) va mintaqaviy hamkorlar (Qozog‘iston, Ozarbayjon) bilan taqqoslaydi. O‘zbekistonning umumiy GII reytingi 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning innovatsion natijalari kiritilgan resurslardan ancha past bo‘lib qolmoqda, natijada o‘rtacha samaradorlik farqi 23-pog‘onani tashkil etmoqda. Hindiston, Vetnam va Marokash o‘zlarining resurs darajasiga nisbatan kutilganidan yaxshiroq natijalarga erishayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘z salohiyatidan past natijalarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston uchun asosiy muammo investitsiyalar darajasi emas, balki ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini tijoratlashtirishning cheklanganligi, sanoat va ilmiy-tadqiqot sohalari o‘rtasidagi aloqalarning zaifligi hamda yuqori texnologiyali eksportning pastligi tufayli resurslarni natijalarga aylantirishning sekinligidir. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston innovatsion iqtisodiyotni barpo etish uchun tanlangan tarmoqlarga maqsadli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va venchur moliyalashtirish orqali milliy innovatsion tizimni muvofiqlashtirishni takomillashtirishi lozim
Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Ushbu tadqiqotda mintaqalar barqaror rivojlanishida iqtisodiy, moddiy hamda tabiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik bosimni kamaytiradigan innovatsion echimlarni joriy etishga bogʻliq takliflar tadqiq qilingan. Iqtisodiy resurs samaradorligini oshirish chiqindilarni kamaytirishga, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishga va xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi hamda shu bilan birga atrof-muhit va ekologik degradatsiyani kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada ilgʻor texnologik va tashkiliy innovatsiyalar qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish, aylanma iqtisodiy jarayonlar va ekologik toza ishlab chiqarish usullari uchun imkoniyatlar boʻyicha yondashuvlar taklif etilgan. Ushbu yondashuvlar mintaqada iqtisodiy oʻsishni va tabiiy ekotizimlarni saqlashni qoʻllab-quvvatlovchi muvozanatli strategiyaning asosini tashkil etishda ustuvorlikni taqdim etadi. Ushbu oʻzaro bogʻliqlikni oʻrganish innovatsiyalar va resurslar samaradorligini oshirish, uzoq muddatli ekologik va iqtisodiy barqarorlikka erishishning asosiy omillari sifatida talqin etilgan
Мазкур мақолада ҳудудий ривожланиш жараёнида институционал механизмларнинг ўрни ва аҳамияти кўриб чиқилади. Ҳукумат, маҳаллий идоралар, хусусий сектор ва фуқаролик жамияти ўртасидаги ўзаро муносабатларни шакллантирувчи механизмлар ҳудудий иқтисодий ўсишни таъминловчи асосий восита сифатида баҳоланади. Хорижий мамлакатлар (ЕИ, Украина, Россия) тажрибаси таҳлил қилинади, шунингдек, институционал ёндашувнинг назарий ва амалий асослари очиб берилади. Илмий манбалар таҳлили орқали ушбу механизмларнинг инновация, сармоя жалб қилиш ва ҳудудлараро тафовутларни камайтиришдаги самарадорлиги асослаб берилади.
Ushbu maqola infratuzilmaning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini tahlil qiladi va standartlashtirish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi. Infratuzilma, davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni oshirishga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada, infratuzilmaning turli sohalariga – transport, energetika, kommunikatsiya va sanoat infratuzilmasiga oid davlat siyosatlari va joriy etilgan standartlarning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Standartlashtirish jarayoni, resurslarni samarali boshqarish, texnologik yangiliklarni joriy etish, hamda sifatni oshirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda infratuzilmaning modernizatsiyasi va shu orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning amaliy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada davlatning infratuzilma loyihalariga bo‘lgan investitsiyaviy yondashuvlarining iqtisodiy foydalari, shu jumladan, ish o‘rinlari yaratish va turli sohalarda raqobatni kuchaytirishdagi roli tahlil qilinadi. Maqola infratuzilma va standartlashtirishning iqtisodiyotga ijobiy ta’sirini ko‘rsatish bilan birga, bunday siyosatlarning kelajakdagi istiqbollarini ham baholaydi.
Ushbu maqola davlatning strategik yo‘nalishlari orqali yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini o‘rganadi, bunda xalqaro tajribalar hamda O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlariga alohida e’tibor qaratiladi. Jahon miqyosida SDX barqaror innovatsiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan. Maqolada Yevropa Ittifoqi, OECD va BMT doirasidagi ilg‘or tajribalar tahlil qilinadi va ular O‘zbekistonning amaldagi xarid tizimi bilan solishtiriladi. Yashil siyosat yo‘nalishida qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, SDXdan foydalangan holda barqaror rivojlanishga erishish hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Maqola mavjud tizimdagi asosiy bo‘shliqlarni aniqlab, davlat xaridlarini yashil rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun aniq va amalga oshiriladigan islohotlarni taklif etadi. SDXni samarali joriy etish orqali O‘zbekiston ekologik innovatsiyalarni jadallashtirishi, yashil yo‘nalishdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashi, hamda Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) doirasidagi majburiyatlarini mustahkamlashi mumkin. Maqola ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy islohotlar, salohiyatni oshirish choralarini va moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada innovatsion rivojlanishning savdo korxonalaridagi o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalar savdo sohasida raqobatbardoshlikni oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini yaratadi. Shuningdek, innovatsiyalar yordamida savdo korxonalari o‘z faoliyatini optimallashtirish, yangi bozorlarni zabt etish va barqaror rivojlanish uchun muhim strategiyalarni ishlab chiqishadi. Ushbu maqolada, innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar savdo sohasidagi o‘sish va modernizatsiya jarayonlarida qanday rol o‘ynashi ko‘rib chiqiladi.
Bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va analitik dasturlari kichik biznes boshqaruvida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular kichik biznes subyektlarining faoliyatini rivojalantirishda, samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirishda yordam bermoqda. Maqolada kichik biznes subyektlari uchun moliyaviy boshqaruvni soddalashtirish va faoliyat samaradorligini oshirishda innovatsion raqamli texnologiyalarning ahamiyati, mohiyati, tadbiq etish mexanizmlari bayon qilingan. Innovatsion texnologiyalarni kichik biznes jarayonlariga joriy etish orqali tizimli boshqaruvga ega bo’lish shartlarining sintezi amalga oshirilgan. Kichik biznes subyektlarining innovatsion rivojlanishi, innovatsion muxiti, innovatsiyalarni qabul qilish salohiyati muxim omil sifatida ko’rib chiqilgan va asoslangan. Biznes jarayonlarini tezlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va moliyaviy munosabatlarda aniqlik va shaffoflik darajalarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan.
Ushbu maqola O'zbekistonda hunarmandchilik faoliyatining iqtisodiy ko'rsatkichlari hamda sohaga raqamli texnologiyalarning joriy etilishiga bag'ishlangan bo`lib, hunarmandchilikning mamlakat iqtisodiyotidagi o'rni va ahamiyati tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar orqali hunarmandlarning mahsulot ishlab chiqarish va savdoda samaradorligini oshirish imkoniyatlari ko'rib chiqiladi. Sohada innovatsiyalar va IT yechimlarning joriy etilishi orqali hunarmandchilik rivojlanishining istiqbollari o'rganiladi. Shuningdek, Xulosa sifatida, raqamli texnologiyalarning hunarmandchilik sohasidagi rolini kuchaytirish bo'yicha tavsiyalar beriladi.