Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ madaniyatni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun uning afzalliklari va muammolariga e’tibor qaratish lozim. Samarali korporativ madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati va uzoq muddatli istiqbollariga bevosita ta’sir qiladi. Bunday madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari muvaffaqiyatining eng muhim omillaridan biri bo‘lib, raqobatdosh ustunlikni saqlab turishda muhim hisoblanadi. Shuningdek, u korxonadagi shaxslarning axloqiy fazilatlariga, fidoyiligiga, mehnat unumdorligiga, jismoniy sog‘lig‘iga va jamoada ishlaydigan odamlarning hissiy farovonligiga ta’sir qiladi. Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida uchrayotgan korporativ madaniyat muammolari tahlil qilingan va ularga samarali yechimlar topish yo‘llarini belgilab berilgan. Hamda korporativ madaniyatning muhimligi va uning kompaniya faoliyatidagi o‘rni, shuningdek, madaniyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Muammolar sifatida korporativ madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani, xodimlar o‘rtasidagi muloqotning zaifligi, etika va qadriyatlarga rioya qilinmasligi kabi jihatlar tahlil qilingan. Yechimlar sifatida esa korporativ madaniyatni shakllantirishda strategik yondashuvlar, muntazam ta’lim va tarbiya dasturlari, ochiq muloqot va ishonch muhitini yaratish, shuningdek, etika kodekslarini ishlab chiqish va joriy etish taklif qilingan. Tadqiqot aksiyadorlik jamiyatlari uchun korporativ madaniyatni yaxshilash va samarali boshqarish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni beradi.
Mazkur maqolada jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Raqamli banklash jarayonlari, omnikanal xizmat ko‘rsatish modeli va mijoz tajribasining ustuvor ahamiyat kasb etishi sharoitida sifatni an’anaviy mezonlar asosida baholash yetarli emasligi asoslab berilgan. Tadqiqotda xizmat sifati ko‘p o‘lchamli iqtisodiy kategoriya sifatida talqin qilinib, funksional samaradorlik, raqamli interfeys qulayligi, kommunikativ aniqlik, xavfsizlik darajasi hamda mijoz sodiqligi indikatorlarini o‘z ichiga oluvchi integrallashgan baholash tizimi taklif etilgan. Shuningdek, subyektiv qoniqish ko‘rsatkichlari bilan obyektiv operatsion parametrlarni uyg‘unlashtirish zarurligi asoslangan. Natijada jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish sifatini monitoring qilish va strategik boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy metodologik model ishlab chiqilgan
Мақолада меҳмонхона индустриясида “яшил стандартлар”ни жорий этишнинг назарий асослари, халқаро тажриба ва уларни Ўзбекистон шароитида амалга ошириш истиқболлари таҳлил қилинган. Тадқиқот жараёнида экологик барқарорлик, ресурслардан тежамкор фойдаланиш ва энергия самарадорлиги каби йўналишлар меҳмонхона фаолиятидаги асосий тамойиллар сифатида баҳоланади. Жаҳон амалиёти мисолида (Япония, Швеция, ЖАР, Дания ва Сингапур) “яшил меҳмонхона” моделларининг самарадорлиги ўрганилиб, уларни миллий тизимга интеграция қилиш учун илмий асосланган таклифлар ишлаб чиқилган. Шунингдек, мақолада Ўзбекистонда экологик стандартлар тизимини такомиллаштириш, миллий “Меҳмондўстлик индустрияси мезонлари” стандартини халқаро талаблар билан уйғунлаштириш ва миллий дизайн асосида “яшил меҳмонхона модели”ни жорий этиш бўйича амалий тавсиялар берилган