Ushbu tadqiqotda maxsus iqtisodiy zonalarning (MIZ) iqtisodiy o‘sish, hududiy rivojlanish, investitsiyalar, bandlik va eksportga ta'siri bo‘yicha mavjud empirik tadqiqotlar tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqot PRISMA tamoyillari asosida Systematic Literature Review metodologiyasi yordamida amalga oshirildi. Tahlilga 2000–2026-yillarda chop etilgan 29 ta ilmiy maqola kiritildi. Natijalar MIZlar ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy faollikni oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilganligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ularning samaradorligi institutsional sifat, boshqaruv tizimi, infratuzilma va mahalliy iqtisodiyot bilan integratsiya darajasiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari MIZlarning iqtisodiy rivojlanishdagi rolini baholash hamda kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlash uchun muhim ilmiy asos yaratadi
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatida aholiga aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining rivojlanish tendensiyalari tahlil qilinib, ularni prognozlashning ko‘p omilli empirik modellari ishlab chiqilgan. Tadqiqot jarayonida hududiy statistik ma’lumotlar asosida asosiy ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, ularning xizmatlar hajmiga ta’siri ekonometrik usullar yordamida baholangan. Model qurishda regressiya tahlili, vaqt qatorlari va zamonaviy ekonometrik yondashuvlardan foydalanilgan. Olingan natijalar asosida kelgusida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmining o‘sish dinamikasi prognoz qilinib, sohani rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini takomillashtirish hamda xizmatlar bozorini samarali boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi
Мақолада Ўзбекистон Республикасининг ҳудудий ривожланиш концепциясини ишлаб чиқишнинг илмий асосланган методологияси тақдим этилган. Фазовий режалаштириш бўйича назарий ёндашувлар, жумладан, ўсиш қутблари концепцияси, марказий жойлар назарияси ва кўп марказли ривожланиш моделлари ўрганилган. Муаллиф Ўзбекистон ҳудудларининг олти турини ўз ичига олган илмий асосланган типологияни таклиф этган: марказий пойтахт ҳудуди, миллий аҳамиятга эга ўсиш қутблари, жадал ривожланаётган ҳудудлар, таркибий модернизация ҳудудлари, устувор давлат қўллаб-қувватлови ҳудудлари ва экологик тикланиш ҳудудлари. Ҳар бир тур учун ўзига хос ривожланиш устуворликлари, қўллаб-қувватлаш воситалари ва мақсадли кўрсаткичлар белгиланган. Ҳудудий ривожланиш концепциясининг иқтисодий, ижтимоий, инфратузилмавий ва экологик кўрсаткичларни ўз ичига олган мақсадли индикаторлар тизими ишлаб чиқилган. Давлат дастурлари, инвестиция лойиҳалари ва институтсионал ислоҳотлар тизими орқали концепцияни амалга ошириш механизмлари асослантирилган. Концепцияни ишлаб чиқишнинг қуйидаги тамойиллари белгиланган: мувозанатлилик, кўп марказлилик, ҳудудларнинг ўзаро боғлиқлиги, барқарорлик, минтақавий хусусиятларни инобатга олиш ва инклюзивлик. Тадқиқот натижалари Ўзбекистоннинг ҳудудий ривожланишини стратегик режалаштириш тизимини такомиллаштириш учун амалий аҳамиятга эга.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Maqolada O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishda turistik marshrutlarni shakllantirish jarayonida mintaqalarning qamrab olinish darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari keltirilgan. Muallif tomonidan mintaqaviy turistik imkoniyatlarni chuqur o‘rganish, noan’anaviy va alternativ turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish orqali hududiy qamrovni kengaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar berilgan.
Maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotining holati va uni innovatsion mahsulotlarni yaratish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yanada rivojlantirishning dolzarbligi qisqacha tavsiflangan. Startap tashabbuslarining eng yuqori konsentratsiyasi IT, FinTech, Elektron tijorat, EdTech, AgriTech, MedTech kabi sohalarda kuzatilgan. Startaplar va resurslarning aksariyati Toshkent shahri va yirik shaharlarda Samarqand, Buxoro va Farg‘onada joylashgan. Mamlakat va uning mintaqalarida to‘laqonli startap ekotizimini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ko‘rsatilgan. Startaplarni moliyalashtirish muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. Startapni rivojlantirishning dastlabki bosqichida investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning sustligi, venchur infratuzilmasi va venchur kapital uchun huquqiy asosning pastligi ta’kidlangan. O‘zbekistonda startap ekotizimining evolyutsiyasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan boshlab, venchur fondlarining davlat tizimini yaratish bilan yakunlangan holda taqdim etilgan. O‘zbekistonda startap ekotizimining rivojlanishi huquqiy asosni takomillashtirish, qulay biznes infratuzilmasini yaratish va moliyaviy va huquqiy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish zarurati bilan bog‘liq. O‘zbekistonda innovatsiya va startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar tizimlashtirilgan.
O‘zbekiston boy qishloq xo‘jaligi merosi, turli iqlim zonalari va rivojlanayotgan turizm sohasi bilan agroturizmni rivojlantirish uchun katta, hali to‘liq foydalanilmagan salohiyatga ega. Ushbu maqola agroturizmning hozirgi holatini, muammolarini va kelajak istiqbollarini o‘rganadi. Agroturizm qishloq aholisi daromadini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy madaniy-agrar an’analarni saqlab qolish uchun juda muhim vosita sifatida ko‘riladi. Maqolada agroturizmning hozirgi holatini tahlil qilish uchun statistik tahlil, qiyosiy (xalqaro) tahlil, SWOT va kontent tahlilidan foydalaniladi. Tadqiqotning xulosasi shundan iboratki, O‘zbekistonda agroturizmning to‘liq salohiyatidan foydalanish muvofiqlashtirilgan milliy strategiyani talab qiladi. Bu strategiya maqsadli infratuzilma investitsiyalari, aniq huquqiy bazalarni yaratish va fermerlar hamda xizmat ko‘rsatuvchilar uchun ixtisoslashgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga qaratilishi kerak. Topilmalar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi hududlarini jonli, iqtisodiy jihatdan barqaror turizm maskanlariga aylantirishni maqsad qilgan siyosatchilar uchun muhim, ma’lumotlarga asoslangan tavsiyalarni taklif etadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston iqtisodiyotida taʼminot zanjirining taʼsiri va ahamiyati tahlil qilingan. Xususan, logistika tizimining milliy iqtisodiyotdagi oʻrni, uning rivojlanish tendensiyalari hamda mavjud muammolar va ularning yechimlari koʻrib chiqilgan. Taʼminot zanjiri infrastrukturasining zamonaviy holati, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari va xalqaro logistika tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berilgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda taʼminot zanjiri samaradorligini oshirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish, transport infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish zarur.
Mazkur maqolada turistik-rekreatsion zonalar samaradorligining nazariy va metodologik asoslari tahlil qilingan. Samaradorlik tushunchasining iqtisodiy mazmuni mahalliy va xorijiy ilmiy manbalar asosida yoritib berilgan. Resurslardan oqilona foydalanish va natijadorlik o‘rtasidagi nisbat asosiy mezon sifatida asoslangan. Turistik-rekreatsion zonalar faoliyatini baholashda iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy ko‘rsatkichlarning ahamiyati ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, samaradorlikni aniqlashda turistlar oqimi, investitsiya qaytimi va bandlik darajasi muhim indikatorlar sifatida talqin qilingan. Ilmiy yondashuvlar asosida samaradorlikni kompleks baholash zarurati asoslangan. Turistik zonalarning hududiy rivojlanishdagi o‘rni ochib berilgan. Tadqiqot natijalari samaradorlikni oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Mazkur yondashuv barqaror turizm rivojlanishini ta’minlashga ilmiy asos yaratadi.
Maqolada qurilish xizmatlarini mustaqil xizmatlar segmenti sifatida rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmini shakllantirishga doir nazariy-metodologik yondashuvlar asoslab beriladi. Tizimli va institutsional yondashuvlar asosida mexanizmning mohiyati hamda tuzilmasi aniqlashtirilib, uning asosiy bloklari va instrumentlari ajratib ko‘rsatiladi, shuningdek qurilish xizmatlarining hududiy rivojlanishdagi multiplikativ ta’siri yoritiladi. O‘zbekistonda real sektorni jadallashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy baza mexanizmning institutsional ta’minoti sifatida talqin qilinadi. Keyingi empirik tadqiqotlar uchun samaradorlikni baholashning metodologik qoidalari taklif etiladi.
Maqolada 2020–2024-yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasining aholi turmush darajasiga ta’siri nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. Statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar sektori hajmi, o‘sish sur’atlari, bandlikdagi ulushi va jon boshiga xizmatlar ko‘rsatkichlari baholanadi, aloqa-axborot, moliyaviy hamda yashash-ovqatlanish xizmatlarining yuqori dinamika ko‘rsatgani aniqlanadi. Natijalar xizmatlar sohasining YaIMdagi ulushi va bandlikka qo‘shgan hissasi ortib, farovonlik, iste’mol imkoniyatlari va ijtimoiy infratuzilma sifatini oshirishda barqaror drayverga aylanganini ko‘rsatadi. Siyosiy xulosalar raqamli transformatsiya, hududiy muvozanat va kadrlar siyosatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan takliflar bilan boyitiladi
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikning rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar tizimli tahlil qilindi. Tadqiqotning maqsadi hududda kichik biznes sektorining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rni, uning sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmatlar sohasi va tashqi savdo ko‘rsatkichlariga qo‘shayotgan hissasini aniqlashdan iboratdir. Tadqiqot metodologiyasi sifatida statistik tahlil, qiyosiy va trend tahlili, shuningdek, ilmiy adabiyotlar sharhi va amaliy ma’lumotlarni kompleks qayta ishlash usullaridan foydalanildi. Natijalar kichik biznesning hududiy iqtisodiyot barqarorligida muhim o‘rin tutishini, biroq investitsion muhit, infratuzilma va innovatsion rivojlanish omillarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi. Maqola yakunida Qashqadaryo viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar va amaliy takliflar ishlab chiqildi
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi va rivojlanishining zamonaviy holati tahlil qilingan. Mamlakat iqtisodiyotida maxsus iqtisodiy zonalarning tutgan oʻrni, ularning investitsiyalarni jalb etish, sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishdagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatining huquqiy-institutsional asoslari, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishning ustuvor yoʻnalishlari oʻrganilgan. Tadqiqot davomida maxsus iqtisodiy zonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi omillar va xorijiy tajriba asosida istiqboldagi rivojlanish imkoniyatlari tahlil etilgan
Mazkur tadqiqotda O‘zbekiston aholisining 2050-yilgacha demografik rivojlanishini prognozlashda geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyalaridan foydalanish metodologiyasi ishlab chiqildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi aholi soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi, urbanizatsiya jarayonlari hamda ichki va tashqi migratsiya oqimlarini hududlar kesimida kompleks tahlil qilish va prognozlash mexanizmini takomillashtirishdan iborat. Tadqiqot natijalari davlat rejalashtiruvi, hududiy rivojlanish strategiyalari, mehnat bozori prognozlari va ijtimoiy infratuzilmani optimallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. GAT texnologiyalaridan foydalanish demografik prognozlarning aniqligi va vizual tahlil imkoniyatlarini oshirib, qaror qabul qilish jarayonini ilmiy asoslashga xizmat qiladi
Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida mahallalarda tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ilmiy-iqtisodiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda mahalla institutining hududiy iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, aholi bandligini ta’minlash va mahalliy resurslardan samarali foydalanishdagi ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, hunarmandchilik faoliyatini bozor infratuzilmasi bilan integratsiya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Maqolada keltirilgan xulosa va takliflar mahalliy darajada kichik biznes va hunarmandchilikni barqaror rivojlantirishga xizmat qilib, davlat va mahalla boshqaruvi organlari faoliyatida amaliy ahamiyat kasb etadi
Ushbu maqolada chorvachilik tarmog‘i samaradorligini baholashda statistik tahlilning o‘rni va ahamiyati iqtisodiy yondashuvlar asosida tadqiq etiladi. Tahlilda dinamik qatorlar, variatsion ko‘rsatkichlar, korrelyatsion-regression modellari va hududiy taqqoslash usullari qo‘llanib, ishlab chiqarish hajmi, mahsuldorlik darajasi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini aniqlovchi omillar o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari statistik yondashuv chorvachilikda real holatni aniq baholash, ichki zaxiralarni aniqlash va boshqaruv qarorlarining iqtisodiy asoslanganligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi
Mazkur maqolada turizm xizmatlari samaradorligini oshirishda klasterlash yondashuvining roli, uning iqtisodiy mexanizmlari hamda amaliy qo‘llanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqotning amaliy qismi sifatida Samarqand shahrining turizm hududlari geografik-klasterlik nuqtayi nazaridan o‘rganilib, shahar hududida shakllangan tarixiy, transport, ilmiy-madaniy, zamonaviy dam olish va aeroport klasterlarining fazoviy tuzilishi aniqlangan. Xaritaga asoslangan tahlil turizm oqimining asosiy markazlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmaning o‘zaro integratsiyalashganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizm klasterlari tizimining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri, tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar orqali tarmoq ishtirokchilarining o‘zaro manfaatli hamkorligini kuchaytirish yo‘llari haqida takliflar berilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatining samaradorligi tahlil qilinib, uning iqtisodiy o‘sish va daromadlar tengsizligiga ta’siri empirik asosda baholangan. 2017–2023-yillar uchun rasmiy statistik ma’lumotlar asosida regressiya tahlili va Kuznets gipotezasi modeli qo‘llanilgan. Tadqiqot natijalari TQJ faoliyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy tenglikni ta’minlash va bandlikni oshirishdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Xalqaro tajriba asosida jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.