Mazkur maqolada infratuzilmani samarali rejalashtirish, boshqarish va rivojlantirishda geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyalarining o‘rni yoritilgan. GAT vositalari orqali hududiy resurslardan oqilona foydalanish, muhandislik kommunikatsiyalarini optimallashtirish, favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish va ekologik barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlari tahlil etilgan. Dunyodagi ilg‘or tajribalar, xususan, Singapurda “Smart Nation” tashabbusi doirasida GAT texnologiyalarining joriy etilishi, virtual shahar modellarining shakllantirilishi va ularning transport, suv va qurilish infratuzilmasiga ta’siri misol sifatida ko‘rib chiqilib, tahlillar asosida xulosa va takliflar keltirib o‘tilgan.
Mazkur ishda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatish sohasining hozirgi holati, uning iqtisodiyotdagi oʻrni va rivojlanish tendensiyalari tahlil qilinadi. Unda sohaning tarkibiy tuzilmasi, hududlar boʻyicha rivojlanish darajasi, raqamli texnologiyalar ta’siri hamda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, xizmat koʻrsatish sohasiga xos boʻlgan mahalliy xususiyatlar, muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari yoritiladi. Tadqiqot natijalari asosida sohani yanada rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Maqolada O‘zbekistonda uy-joy qurilishini rivojlantirishning nazariy-metodologik asoslari tadqiq etilgan. Aholini arzon, xavfsiz va zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish, innovatsion va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda hududiy qurilish klasterlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqotda uy-joy qurilishini rivojlantirishda iqtisodiy, ijtimoiy, institutsional, ekologik va raqamli modellarni o‘z ichiga oluvchi kompleks yondashuv zarurligi asoslab berilgan. Shuningdek, uy-joy fondini boshqarish samaradorligini oshirish, qurilish sanoati korxonalarini diversifikatsiyalash va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish yo‘nalishlari tahlil qilingan.
Ushbu maqolada 2010–2024 yillarda Qashqadaryo viloyatida aholi turmush darajasi va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi chiziqli bo‘lmagan bog‘liqliklar ANFIS (Adaptive Neuro-Fuzzy Inference System) modeli asosida baholangan. Daromad, infratuzilma va raqamli infratuzilma ko‘rsatkichlari asosiy omil sifatida tanlab olingan. ANFIS modeli R² = 0.977 aniqlik bilan iqtisodiy o‘sishning murakkab tabiatini ifodalagan. Grafik tahlillar daromad va raqamli infratuzilma o‘rtasida sinergik bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi. Natijalar hududiy siyosatni optimallashtirishda amaliy ahamiyatga ega
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishda turistik marshrutlarni shakllantirish jarayonida mintaqalarning qamrab olinish darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari keltirilgan. Muallif tomonidan mintaqaviy turistik imkoniyatlarni chuqur o‘rganish, noan’anaviy va alternativ turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish orqali hududiy qamrovni kengaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar berilgan.
Mazkur maqolada tijorat banklarining kambag‘allikni qisqartirish jarayonidagi ishtirokini oshirish masalalari tahlil qilinadi. Banklarning kredit siyosati, moliyaviy inklyuziya, mikroqarzlar va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish orqali kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro tajribalar asosida tijorat banklarining ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish yo‘llari taklif etiladi.
Ushbu maqolada globallashuv jarayonining jadallashuvi fonida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar va ularning demografik jarayonlarga ko‘rsatayotgan ta’siri kompleks tahlil qilinadi. XXI asrda iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi, sanoatlashuvning tezlashuvi, resurslardan cheksiz foydalanish amaliyoti hamda transmilliy ishlab chiqarish zanjirlarining kengayishi ekologik bosimning keskin kuchayishiga olib kelmoqda. Atmosfera ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, biologik xilma-xillikning kamayishi kabi omillar nafaqat tabiiy ekotizimlarni, balki inson hayoti bilan bog‘liq demografik ko‘rsatkichlarni ham jiddiy o‘zgartirmoqda. Tadqiqotda ekologik muammolarning tug‘ilish ko‘rsatkichi, o‘lim darajasi, migratsiya oqimlari, aholi salomatligi, mehnat resurslarining sifati va hududiy demografik nomutanosiblik kabi jarayonlarga ko‘rsatadigan bevosita va bilvosita ta’siri yoritilgan. Xususan, ekologik xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda tug‘ilishning qisqarishi, kasallanishning oshishi, muddatidan oldin vafot etish holatlarining ko‘payishi, ekologik migratsiyaning kuchayishi, aholi salohiyatining pasayishi kabi demografik o‘zgarishlar qayd etilgan. Shuningdek, global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan suv tanqisligi yoki qurg‘oqchilik kabi omillar aholining migratsiya strategiyasini shakllantiruvchi asosiy determinantlardan biriga aylangani ilmiy manbalar asosida ko‘rsatib beriladi
Maqolada mintaqaviy innovatsiyalar samaradorligini oshirishda uchlik spiral modelining o‘rni ko‘rib chiqiladi. Innovatsion jarayonning uchta asosiy ishtirokchisi: universitetlar, biznes va davlatning o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratiladi. Ilmiy nashrlarni tahlil qilish asosida mintaqaviy rivojlanish, texnologik tadbirkorlik va innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishda uch karra spiral modelini qo‘llashning asosiy yondashuvlari ochib berilgan. Muallifning xulosasiga ko‘ra, mintaqaviy innovatsion tizimning samaradorligi nafaqat ilmiy tashkilotlar, korxonalar va davlat institutlarining mavjudligiga, balki ularning o‘zaro hamkorligi sifatiga, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasiga, innovatsion infratuzilmani rivojlantirishga va mintaqaning bilimlarni iqtisodiy natijaga aylantirish qobiliyatiga ham bog‘liq