Iqtisodiy jarayonlarning faol raqamli transformatsiyasi sharoitida elektron tijorat subyektlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida e-commerce sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar boshqaruv ko‘rsatkichlarini optimallashtirishga doir konseptual yondashuvlar va amaliy mexanizmlar tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida elektron biznesning institutsional muhiti, raqamli yetuklik darajasi va texnologik infratuzilmasi o‘rganilib, rivojlanishni cheklayotgan asosiy to‘siqlar aniqlangan. E’tibor integratsiyalashgan boshqaruv modelini joriy etish zarurati, jumladan, raqamli analitika, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlar bilan aloqani shaxsiylashtirish va zamonaviy platformaviy yechimlardan foydalanishga qaratiladi. Xalqaro tajriba bilan solishtirma tahlil asosida, O‘zbekiston sharoitiga mos holda e-commerce subyektlari faoliyat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish va elektron savdoning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.
Iqtisodiyotning jadallik bilan raqamlashtirilishi sharoitida mehnat unumdorligini oshirish masalasi kichik biznes subyektlari uchun alohida dolzarblik kasb etmoqda. Chunki mehnat resurslaridan samarali foydalanish darajasi tadbirkorlik subyektlarining raqobatbardoshligi va barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maqolada raqamli transformatsiya sharoitida kichik korxonalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda mehnat unumdorligini oshiruvchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Institutsional cheklovlar, tashkiliy-boshqaruv to‘siqlari va raqamli yechimlarning amaliy boshqaruvga joriy etilish darajasi chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, raqamli tahlil vositalari va biznes-jarayonlarni shaxsiylashtirish texnologiyalarining ichki resurslardan samarali foydalanishdagi roli tahlil etiladi. Empirik ma’lumotlar va xalqaro tajribalar asosida mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli muhitni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari kichik biznesning raqamli iqtisodiyot sharoitida barqaror rivojlanishini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi kimyo sanoatining rivojlanish tendensiyalari, ishlab chiqarish hajmi dinamikasi va ushbu jarayonni modellashtirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda Cobb–Douglas ishlab chiqarish funksiyasi asosida ishlab chiqarish hajmining investitsiyalar va bandlik darajasiga nisbatan elastikligi empirik jihatdan baholandi. 2010–2023 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar asosida klassik chiziqli regressiya modeli tuzilib, Stata dasturida tahlillar o‘tkazildi. Regressiya natijalari asosida ishlab chiqarish hajmining o‘sishi ko‘proq mehnat resurslarining oshishiga bog‘liqligi aniqlandi. Bundan tashqari, AR modeli yordamida 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan prognoz qiymatlari hisoblandi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining barqaror o‘sishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari kimyo sanoatini strategik boshqarishda hamda investitsiya siyosatini shakllantirishda muhim amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada tijorat banklari faoliyatida innovatsion jarayonlarning samaradorligini oshirish va raqobatbardoshlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalar va blockchain tizimlarini joriy etishning ahamiyati yoritilgan. Bank kreditlash tizimini raqamlashtirish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalarining, xususan, blokcheyn platformalarining roli, ularning funksional imkoniyatlari, xavfsizlik darajasi va foydalanish samaradorligi tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada iqtisodiyotni raqamlashtirish tendensiyalari, mobil va internet xizmatlarining kengayishi, AKT sektorining YaIMdagi ulushi va elektron savdo rivojlanishi batafsil yoritilgan. Iqtisodiy jarayonlarni baholash va prognoz qilishda iqtisodiy-matematik (ekonometrik) modellardan foydalanish zarurligi asoslab berilgan.
Мазкур мақола иқтисодиётнинг рақамли трансформациясини таъминловчи стратегик механизмлардан бири сифатида “Оpen banking” бизнес моделини Ўзбекистон молиявий секторига жорий этишни ўрганишга қаратилган. Ушбу модел инновацияларни ривожлантириш, банк хизматлари бозорида рақобатни ошириш ҳамда аҳолига тақдим этилаётган молиявий хизматлар сифатини яхшилаш имконини беради. “Open Banking” концепцияси жаҳон амалиёти ва Буюк Британия тажрибасига урғу берган ҳолда ўрганилди, бунда очиқ тизимда ишлайдиган банкларнинг фаолияти таҳлил қилинди. Шунингдек, унинг ишончли норматив асосни яратиш, хавфсизлик ва махфийлик чораларини кучайтириш, банклар, финтех компаниялари ва регуляторлар ўртасида ҳамкорликни ривожлантириш қаби масалалар ўрганилди. Мақолани мақсади “Open banking” бизнес-моделини босқичма-босқич жорий қилиш жараёнида уни иқтисодий имкониятларини кўрсатиш билан бир қаторда кутилаётган хавфларга ҳам эътиборни каратиш ҳисобланади.
Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мақолада қишлоқ хўжалигининг янги шароитда самарали фаолият юритишига, иқтисодиётни ривожлантиришни асосан экстенсив усуллардан фойдаланишдан, эндиликда соҳа самарадорлигини оширишнинг асосий воситаси ва йўналиши сифатида интенсивлаштириш жараёнини фаоллаштиришга ўтиш йўли билан эришиш лозимлигига эътибор қаратилади. Мақолада соҳада мева-сабзавот етиштиришнинг асосий жиҳатлари, қишлоқ хўжалиги муаммолари ва уларни бартараф этиш йўллари ёритилган.
Мазкур мақолада Ўзбекистонда кичик ва ўрта тадбиркорликни ривожлантириш жараёнида яшил логистика концепциясини жорий этишнинг назарий‑методологик асослари таҳлил қилинди. Муаллифлар томонидан илгари сурилган «уч даражали» трансформация модели инфратузилма модернизацияси, операцион рақамлашув ва қиймат трансфери босқичларини қамраб олиб, яшил логистика амалиётини босқичма‑босқич татбиқ этишни таклиф этади.
Ushbu maqolada savdo xizmatlarining iqtisodiy tabiati va ularning tasniflanishi tahlil qilinadi. Savdo xizmatlari bozor iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ular iste’molchilarga mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Maqolada savdo xizmatlarining asosiy xususiyatlari, ularning iqtisodiy ahamiyati hamda turli tasniflash mezonlari asosida guruhlanishi yoritilgan. Shuningdek, zamonaviy savdo xizmatlari va raqamli texnologiyalarning ularning rivojlanishiga ta’siri tahlil qilinadi.
Мақолада инновацион лойиҳаларни венчур фондлари орқали молиялаштириш методологиясини такомиллаштириш масалалари таҳлил қилинади. АҚШ ва Ғарбий Европа мамлакатларининг тажрибаси асосида венчур молиялаштиришнинг асосий механизмлари, сармоядорларни жалб қилиш усуллари ва давлат томонидан қўллаб-қувватлаш чоралари ўрганилади. Шунингдек, Ўзбекистонда венчур молиялаштириш тизимини ривожлантириш учун зарур бўлган институционал ўзгаришлар, ҳуқуқий базани такомиллаштириш ва хусусий-давлат ҳамкорлигини кенгайтириш йўналишлари бўйича таклифлар ишлаб чиқилади. Тадқиқот натижалари Ўзбекистондаги инновацион тадбиркорликни қўллаб-қувватлаш ва венчур сармояларини жалб қилиш жараёнларини такомиллаштиришга қаратилган.
Мақолада корхоналарни ер қаъридан фойдаланганлик учун солиққа тортишнинг объектив зарурлиги, унинг иқтисодий аҳамияти ва услубий асослари таҳлил қилинади. Ер ости ресурсларидан фойдаланиш жараёнида солиқ сиёсати муҳим восита бўлиб, давлат бюджети даромадларини шакллантириш, табиий ресурслардан самарали фойдаланиш ва экологик барқарорликни таъминлашда катта аҳамиятга эга. Шунингдек, мақолада халқаро тажриба таҳлил қилиниб, Ўзбекистон учун самарали моделлар таклиф қилинади.
Maqola soliq tekshiruvi tadbirlarining byudjet tizimiga taʼsirini oʻrganish, ularning samaradorligi va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilishga bagʻishlangan. Maqolada soliq tekshiruvlarining asosiy maqsad va vazifalari, ularning byudjet uchun ijobiy va salbiy oqibatlari muhokama qilinadi. Soliq tekshiruvlarining soliq tushumlarini koʻpaytirish, soliq intizomini yaxshilash va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi taʼsiriga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqolada, shuningdek, yuqori maʼmuriy xarajatlar bilan bogʻliq muammolar, biznes muhitiga mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlar va samarasiz tekshirishlar natijasida yuzaga keladigan xavflar muhokama qilinadi. Soliq nazorati sohasidagi joriy tendensiyalar, jumladan, jarayonlarni avtomatlashtirish va katta maʼlumotlarni tahlil qilish texnologiyalaridan foydalanish tahlil qilinadi. Xulosa oʻrnida, soliq tekshiruvi tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari, xususan, raqamlashtirish, soliq inspektorlari malakasini oshirish va soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorlikning yanada shaffof tizimini yaratish kabilar alohida taʼkidlandi. Maqolada soliq tekshiruvlari samaradorligini va byudjet tizimining barqarorligini oshirish maqsadida ularni optimallashtirish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
Мақолада солиқ маъмуриятчилигининг рақамлаштирилган моделини жорий этиш эҳтиёжлари, бу жараёнда эришилиши кутилаётган натижалар, шунингдек, янги моделни жорий этишда пайдо бўлиши мумкин бўлган муаммолар ва уларни бартараф этиш йўллари ҳақида сўз юритилади.
Bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va analitik dasturlari kichik biznes boshqaruvida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular kichik biznes subyektlarining faoliyatini rivojalantirishda, samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirishda yordam bermoqda. Maqolada kichik biznes subyektlari uchun moliyaviy boshqaruvni soddalashtirish va faoliyat samaradorligini oshirishda innovatsion raqamli texnologiyalarning ahamiyati, mohiyati, tadbiq etish mexanizmlari bayon qilingan. Innovatsion texnologiyalarni kichik biznes jarayonlariga joriy etish orqali tizimli boshqaruvga ega bo’lish shartlarining sintezi amalga oshirilgan. Kichik biznes subyektlarining innovatsion rivojlanishi, innovatsion muxiti, innovatsiyalarni qabul qilish salohiyati muxim omil sifatida ko’rib chiqilgan va asoslangan. Biznes jarayonlarini tezlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va moliyaviy munosabatlarda aniqlik va shaffoflik darajalarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan.