Ushbu maqola “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan fiskal islohotlarning inklyuzivlik tamoyillariga muvofiqligini tahlil qiladi. Tadqiqotda soliq siyosatining iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdagi roli Jeyms Mirrleesning optimal soliqqa tortish nazariyasi va zamonaviy empirik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan. Maqolada 2025-yilgi soliq kodeksidagi oʻzgarishlar, xususan, ijtimoiy soliq stavkalarining tabaqalashuvi va yashirin iqtisodiyotni legallashtirish mexanizmlarining makroiqtisodiy taʼsiri baholangan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston soliq tizimi fiskal barqarorlikni saqlagan holda, inson kapitalini rivojlantirish va daromadlar tengsizligini yumshatishga qaratilgan inklyuziv modelga oʻtmoqda
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarida, xususan bank AJlarda raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati va nazariy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqot raqamli boshqaruvni IT joriy etish bilan cheklamasdan, axborot asimmetriyasi hamda agentlik va tranzaksion xarajatlarni qisqartirish, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash orqali izohlaydi. Solishtirma va kontent-tahlil asosida tushunchalar taqqoslandi, evolyutsion model va omillar tizimi ishlab chiqildi. Mualliflik ta’rifi taklif etilib, banklar uchun konseptual xulosalar berildi
Ushbu maqolada sut-go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar va uning samaradorligini oshirish yo‘llari tahlil qilingan. O‘zbekiston Respublikasida va shu jumladan, Qashqadaryo viloyati xo‘jalik yurituvchi dehqon va fermer xo‘jaliklarda sut-go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi va aholini chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘nalishlari ochib berilgan
Ushbu maqola Markaziy Osiyo mamlakatlarining logistika va transport salohiyatini tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning mintaqadagi savdo aloqalariga alohida e’tibor qaratadi. Logistika samaradorligining ikki tomonlama savdo oqimlariga ta’sirini baholash uchun 2010-2023 yillardagi panel ma’lumotlari yordamida LPI ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan kengaytirilgan tortishish modeli baholanadi. Empirik natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning logistika ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi mintaqaviy savdo oqimlariga statistik jihatdan ahamiyatli va ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, masofaga bog‘liq savdo xarajatlarini qisman qoplaydi.
Ushbu maqolada soliq siyosatining barqarorligini ta’minlashda soliq imtiyozlarining o‘rni va ahamiyati ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha mamlakatimizda amaldagi soliq imtiyozlarning turlari va tushumi tahlil qilingan, shuningdek ularning budjet daromadlariga ta’siri o‘rganilgan. Soliq imtiyozlarining sohalar bo‘yicha tahlillari va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar hamda tavsiyalar keltirilgan
Maqola “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlar yo‘nalishining asosiy ko‘rsatkichlarini ta’minlash nuqtai nazaridan sanoat korxonalarida budjetni boshqarish tizimini joriy etishning ahamiyatiga bag‘ishlangan. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda sanoat siyosati va texnologik modernizatsiya roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maqolada shuningdek, sanoat korxonalari samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va strategik maqsadlarni boshqariladigan va samarali jarayonga aylantirish vositasi sifatida budjetni boshqarish tizimini joriy etishni asoslangan dalillari keltirilgan
Ushbu maqolada mamlakatimizdagi kambag‘allikning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va uni qisqartirishning nazariy jihatlari va shu bilan bir qatorda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasi va uni kamaytirish afzalliklari keltirilgan. Kambag‘allikni qisqartish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yo‘nalishlari keltirib o‘tilgan
Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Maqolada qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashishning Oʻzbekistonning xomashyosiz eksportiga ta’siri empirik jihatdan tahlil qilinadi. Globallashuv va xalqaro raqobatning kuchayishi sharoitida institutsional muhit tashqi savdo raqobatbardoshligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. 2001–2022 yillarni qamrab olgan panel ma’lumotlar va kengaytirilgan gravitatsion savdo modeli asosida korrupsiyani nazorat qilish hamda qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlarining xomashyosiz eksport hajmlariga ta’siri baholanadi. Tadqiqot natijalari qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashish eksport hajmlariga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Olingan xulosalar eksportni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini rivojlantirish institutsional islohotlarsiz mumkin emasligini ko‘rsatadi
Ushbu maqolada mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarni joriy etishning ahamiyati, zarurligi hamda respublikamizda islom moliyaviy xizmatlaridan foydalanishni rivojlantirish, shuningdek, uning afzalliklari tahlili va rivojlantirish istiqbollarini takomillashtirish haqida soʻz boradi. Xususan, Oʻzbekistonda islom moliyaviy xizmatlaridan foydalanishni rivojlantirishdagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha muallifning tavsiyaviy yondashuvlari va takliflari keltirilgan
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada tijorat banklari resurs bazasining samaradorligini oshirish yo‘llari, uning bank faoliyati barqarorligini ta’minlashdagi iqtisodiy ahamiyati hamda moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini kuchaytirishdagi roli kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank resurs bazasining tarkibiy tuzilmasi, uning likvidlikni boshqarish, kreditlash salohiyatini kengaytirish va risklarni minimallashtirishdagi o‘rni nazariy va amaliy jihatdan yoritiladi. Shuningdek, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh pul mablag‘larini bank resurs bazasiga jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish, depozit va nodavlat moliyaviy manbalarni diversifikatsiyalash, resurslar qiymatini optimallashtirish hamda banklar o‘rtasida raqobatbardoshlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Tadqiqot natijalari tijorat banklari resurs bazasi samaradorligini oshirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi.
Maqolada savdo hududlarida tovarlarni samarali joylashtirish va namoyish qilishning nazariy va amaliy jihatlari o‘rganilgan. Tovarlarni to‘g’ri joylashtirish va vizual namoyish qilish savdo samaradorligini oshirish, xaridor e’tiborini jalb qilish va xarid qilish faoliyatini rag’batlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotda turli chakana savdo korxonalari tajribasi tahlil qilinib, hududni optimallashtirish, tovar kategoriyalarini segmentatsiyalash va ko‘rgazma dizayni, promo materiallar va vizual merchandising usullari orqali sotuvni oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan. Maqola chakana savdo menejerlari, sotuv bo‘yicha mutaxassislar va marketing bo‘yicha tadqiqotchilar uchun foydali bo‘lib, zamonaviy savdo hududlarida tovarlarni joylashtirish va namoyish qilish texnologiyalarini samarali qo‘llashga yo‘naltirilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston mintaqalarida oziq-ovqat sanoati korxonalarining innovatsion faolligi va ularning hududiy taqsimlanish xususiyatlari ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda oziq-ovqat sanoati milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida ko‘rib chiqilib, korxonalarning innovatsion faoliyati hududiy rivojlanish darajasi, ishlab chiqarish infratuzilmasi, institutsional muhit va inson kapitali bilan uzviy bog‘liqlikda baholanadi. Innovatsion faollikning mintaqalar bo‘yicha notekis taqsimlanganligi iqtisodiy samaradorlik, raqobatbardoshlik va qo‘shilgan qiymat yaratish jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi asoslab beriladi. Maqolada hududiy tafovutlarning sabablari ochib berilib, innovatsion faollikni oshirishda mintaqaviy yondashuvning ahamiyati ko‘rsatib o‘tiladi. Tadqiqot natijalari oziq-ovqat sanoatini innovatsion rivojlantirish va hududiy iqtisodiy siyosatni takomillashtirish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi
Ushbu maqola O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalarida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimini kompleks o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va uni takomillashtirish bo‘yicha munosib takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari kontekstida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimining holati kompleks tahlil qilingan, tajribalar o’tkazilgan, xalqaro va mahalliy tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda amaliy takliflar tizimi ishlab chiqilgan. Maqolada taklif etilgan yondashuvlarni tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, HR menejerlari, soha yuzasidan oliy ta’lim beruvchi o‘qituvchilar o‘qitish dasturlarini optimallashtirish, investitsion qarorlar qabul qilish va korxonalarning raqobatbardoshlik darajasini oshirishda material sifatida qo‘llashlari mumkin
Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, Orol dengizining qurishi, cho‘llanish, salbiy meteorologik jarayonlarning takrorlanishi, yer hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning ko‘payib borishi mintaqaviy ekologik muammolarning kundan-kunga chuqurlashib borayotganligidan dalolat bermoqda. Mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.
Ushbu maqolada chorvachilik tarmog‘i samaradorligini baholashda statistik tahlilning o‘rni va ahamiyati iqtisodiy yondashuvlar asosida tadqiq etiladi. Tahlilda dinamik qatorlar, variatsion ko‘rsatkichlar, korrelyatsion-regression modellari va hududiy taqqoslash usullari qo‘llanib, ishlab chiqarish hajmi, mahsuldorlik darajasi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini aniqlovchi omillar o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari statistik yondashuv chorvachilikda real holatni aniq baholash, ichki zaxiralarni aniqlash va boshqaruv qarorlarining iqtisodiy asoslanganligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi
Ushbu maqola o‘spirinlik davrida axborot texnologiyalarining shaxs rivojlanishidagi didaktik ahamiyati va pedagogik muammolarini keng qamrovda tahlil qiladi. Maqolada axborot texnologiyalarining o‘quv jarayoniga integratsiyasi orqali o‘spirinlarning kognitiv, ijtimoiy va emotsional rivojlanishiga qanday ta'sir ko‘rsatishi ko‘rib chiqiladi. Ushbu maqolaning kirish qismida o‘spirinlik davrining xususiyatlari va zamonaviy texnologiyalar kontekstida yuzaga kelayotgan yangi pedagogik talablar bayon etilgan. Adabiyotlar tahlilida nazariy va empirik tadqiqotlar asosida axborot texnologiyalari pedagogik samaradorligi va xavf-xatarlarini ko‘rib chiquvchi manbalar muhokama qilingan. Asosiy qismda axborot texnologiyalarining o‘quv-didaktik jarayonlarda qo‘llanilish usullari, o‘qituvchi hamda muhitning roli, o‘spirinlarning individual o‘ziga xosliklarini inobatga olgan differensiyalashgan yondashuvlar va baholash tizimlari taklif etiladi.
Ushbu maqolada sugʻurta tashkilotlarida shartnoma boʻyicha xizmat koʻrsatish marjasi va unda qayta sugʻurtaning ulushini hisobga olish masalalari bayon qilingan. Xususan, buxgalteriya hisobi maqsadlarida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq sugʻurta zaxiralari, oʻz navbatida sugʻurta shartnomasi boʻyicha xizmat koʻrsatish marjasi tasniflangan, tegishli ishchi schyotlarda hisobga olish tartibi yoritib berilgan va shu asosda algoritm ishlab chiqilgan holda xulosalar shakllantirilgan
Ushbu maqolada energetika ta’minoti tizimining samaradorligi va barqarorligini ta’minlash masalalari, elektr energiyasini uzatish jarayonida yuzaga keladigan texnik yo‘qotishlar, shuningdek, energetika xavfsizligiga ta’sir etuvchi mahalliy va xalqaro risk omillari o‘rganilgan. Energetika xavfsizligi indeksining asosiy tarkibiy qismlari tahlil qilinib, energetika tizimidagi texnik, iqtisodiy va ekologik risklar tasniflangan. Tadqiqot natijalarida energetika ta’minoti tizimida risklarni kompleks boshqarish va uzatishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish energiya xavfsizligini ta’minlashning muhim sharti ekanligi ko‘rsatilgan
Ushbu maqolada sferik to‘siqni o‘z ichiga olgan g‘ovak-elastik muhitda statsionar bo‘lmagan ko‘ndalang to‘lqin jarayonlarini matematik va sonli modellashtirish metodologiyasi taqdim etilgan. Sodda va ikki tomonlama bog‘langan domenlar ko‘rib chiqiladi, bu domenning ichki tuzilishining to‘lqin tarqalishi va yoyilishiga ta’sirini hisobga oladi. Tadqiqot Biotning g‘ovak-elastiklikning chiziqli nazariyasiga asoslangan. Harakat tenglamalari uchun chegara qiymati va boshlang‘ich chegara qiymati masalalari tuzilgan, sharsimon to‘siq chegarasida konjugatsiya shartlari shakllantirilgan va ularning sonli yechimi uchun samarali usullar taklif qilingan. Olingan natijalar geofizika, g‘ovak muhit akustikasi va muhandislik mexanikasidagi muammolar uchun amaliy ahamiyatga ega
O‘zbekistonda yirik miqyosdagi xorijiy kapitalni jalb qilish ustuvor vazifaga aylangan. Mamlakatda asosiy kapitalga investitsiyalar, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) sezilarli darajada oshdi. Muallif xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning taqsimlanish tendensiyalarini va ularning O‘zbekiston hududlarining eksport va import faoliyatiga qo‘shgan hissasini o‘rganadi. Mintaqaviy tafovutlar aniqlangan va xorijiy kapitalni jalb qilishni boshqarishni takomillashtirish choralari taklif qilingan
Maqolada pedagogika texnikumlarida o‘quv-bilish faoliyatini amaliyotga yaqinlashtirish maqsadida “Teaching Factory” elementlarini joriy etish tajribasi tahlil qilindi. Tadqiqot 5 texnikumda 12 hafta davomida olib borilib, 60 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Eksperimental guruhda mini-loyiha, demo-dars, real buyurtmaga asoslangan topshiriqlar va portfel baholash kabi komponentlar joriy qilindi. Natijalar kreativ fikrlash, muammoni hal qilish, jamoaviy hamkorlik, raqamli savodxonlik va refleksiya kompetensiyalarida 24–31 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. SPSS tahlilida p<0.001 va Cohen’s d yuqori qiymatlar modelning ta’sirchanligini tasdiqladi. Olinan xulosalar Teaching Factory modelini pedagogika texnikumlari uchun samarali o‘quv texnologiyasi sifatida joriy etish zarurligini ko‘rsatadi.
Mazkur maqolada investitsiya muhiti jozibadorligini ta’minlashda soliq siyosatining tutgan o‘rni va ahamiyati ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Soliq tizimining barqarorligi, shaffofligi, soliq yukining darajasi va soliq imtiyozlarining investitsiya faolligiga ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, investorlar qaror qabul qilish jarayonida soliq siyosatining rag‘batlantiruvchi mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari yoritib beriladi. O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining investitsiya muhitini yaxshilashdagi roli tahlil qilinib, soliq siyosatini takomillashtirish orqali investitsiyalarni jalb etish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqiladi.
Barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash metodologiyasi zamonaviy raqamli iqtisodiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy jarayonlarga ta’siri, ularni boshqaruv, ishlab chiqarish, moliyaviy va soliq tizimlarida samarali joriy etish metodologik asoslari tahlil qilingan. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkoniyatlari yoritilgan. Xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida SI tizimlarini tatbiq etishning afzalliklari va muammolari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv yondashuvlari barqaror iqtisodiy o‘sish va samaradorlikni oshirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi