Ushbu maqolada sugʻurta tashkilotlarida shartnoma boʻyicha xizmat koʻrsatish marjasi va unda qayta sugʻurtaning ulushini hisobga olish masalalari bayon qilingan. Xususan, buxgalteriya hisobi maqsadlarida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq sugʻurta zaxiralari, oʻz navbatida sugʻurta shartnomasi boʻyicha xizmat koʻrsatish marjasi tasniflangan, tegishli ishchi schyotlarda hisobga olish tartibi yoritib berilgan va shu asosda algoritm ishlab chiqilgan holda xulosalar shakllantirilgan
Мазкур мақолада олий таълим ташкилотларида қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобининг назарий жиҳатлари тадқиқ этилган. Қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобига оид адабиётлар шарҳи амалга оширилиб, унинг ўзига хос йўналишлари очиб берилган. Қурилиш-таъмирлаш харажатларини тан олиш ва баҳолаш ҳамда ҳисобини юритишга оид масалалар олий таълим ташкилоти мисолида ўрганилган. Қурилиш-таъмирлаш харажатлари назоратини таъминлашда ҳужжатлаштириш ҳамда ҳисоб ишларини юритишнинг мухим жиҳатлари келтирилган. Олий таълим ташкилотларида қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобига оид муаммоли ва мунозарали ҳолатлар ўрганилиб, уларнинг салбий оқибатлари келтирилган. Олий таълим ташкилотларида қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобини такомиллаштириш юзасидан таклиф ва тавсиялар шакллантирилган.
Ушбу мақола жорий активлар аудитида таҳлилий амалларни қўллашда фойдаланиладиган ахборот манбалари ва унинг таркибий тузилишини халқаро стандартларга мувофиқ амалий қўллаш масалаларини кўриб чиқилган. Илмий тадқиқотда захираларнинг моҳиятини ҳисобга олган ҳолда таҳлил қилиш ҳамда таҳлил маълумотларидан аудит жараёнида қўллаш масалалари кўриб чиқилган.
Maqolada O‘zbekiston sharoitida valyuta kursi farqlarini hisobga olishdagi mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni raqamlashtirish asosida hal etish bo‘yicha amaliy va metodologik takliflar ilgari surilgan. Xususan, kurslarni avtomatik yangilash, “Buxgalteriya hisobi xalqaro standarti (BHXS) 21" standartiga mos metodika ishlab chiqish va sun’iy intellekt orqali monitoring tizimi yaratish zaruriyati asoslab berilgan.
Lizing oluvchi korxonalarda ijara hisobining moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida takomillashtirilishi moliyaviy shaffoflikni oshirish, aktivlar va majburiyatlarni aniq aks ettirish hamda investitsion jozibadorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. MHXS 16 "Ijara" standarti asosida lizing majburiyatlarini balansda toʻgʻri aks ettirish va korxonalarning moliyaviy holatini real aks ettirish koʻrib chiqilgan.
Ushbu maqolada nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish, takomillashtirish masalalari va oʻziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida bozorda o‘zgarishlar tez sur’atlar bilan yuz bermoqda. Natijada biznes subyektlari tomonidan bozorga taklif etilayotgan mahsulotlarning yangilanish davrlari qisqarishi yuz berdi. Bozorlarda yangi mahsulotlarning ko‘payishi va ularning muttasil takomillashtirilishi bozor ishtirokchilari uchun mahsulotlarni yangilash bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Dunyo bo‘ylab texnologik taraqqiyotning yoyilishi turli mintaqalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini va texnik ko‘rsatkichlarini bir-biriga yaqinlashishiga olib keldi. Bunday sharoitda raqobatda ustunlik va barqaror rivojlanishda xarajatlarning o‘rni oshdi. Xarajatlardan tejamkorlik bilan foydalanish va ularni samarali boshqarish ehtiyojga aylandi. Xarajatlarni samarali tashkil etish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirishda xarajatlarni tashkil etishning zamonaviy usullaridan foydalanish ayniqsa dolzarb vazifadir. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar olimlari tomonidan xarajatlarni rejalashtirish va uni boshqarishning bir qator zamonaviy usullari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu usullarni har tomonlama o‘rganish va ularni biznes subyektlari faoliyatiga tadbiq etish muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. Ushbu ilmiy ishda hozirgi kunda amaliyotda bo‘lgan xarajatlarni boshqarishning zamonaviy usullari to‘g‘risida fikr yuritishga harakat qilindi.
Ushbu maqolada mikromoliya tashkilotlari buxgalteriya hisobida hisob siyosatini shakllantirishning nazariy va amaliy asoslari yoritilgan. Hisob siyosatining asosiy elementlari – buxgalteriya hisobini yuritish shakli, foiz tushumlarini tan olish usullari, kredit zaxiralari va yomon qarzlarni hisobga olish mezonlari tizimli ravishda tahlil qilingan. “IMKON FINANS”, “Vodiy Taraqqiyot” va “Biznes Finans” mikromoliya tashkilotlari misolida amaliy ko‘rsatkichlar asosida hisob siyosati farqlari tahlil qilinib, takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston bank tizimida faoliyat yurituvchi Asakabank ATB misolida nomoddiy aktivlar (NA) auditini takomillashtirish masalalari yoritilgan. Tadqiqotda MHXS 38 “Nomoddiy aktivlar” va IFRS 3 “Biznes birlashmalari” talablariga muvofiq ravishda bank balansida qayd etilgan dasturiy ta’minotlar, internet-banking platformalari, mobil ilovalar, brend qiymati va boshqa intellektual mulk obyektlari tahlil qilindi. Asakabankda NA auditi jarayonida uchraydigan asosiy muammolar – baholashdagi subyektivlik, huquqiy hujjatlar bazasining yetarlicha to‘liq emasligi, amortizatsiya siyosatidagi tafovutlar – aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, baholash metodologiyasini standartlashtirish, raqamli texnologiyalarni audit jarayoniga integratsiya qilish, auditorlar malakasini oshirish va intellektual mulk huquqlarini mustahkamlash kabi chora-tadbirlar taklif etildi. Tadqiqot natijalari Asakabank ATBda nomoddiy aktivlar auditining shaffofligini oshirish hamda moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda ta’limning raqamli ekotizimi shakllanib borayotgan sharoitda pedagoglarning kasbiy faoliyatini ishonchli va obyektiv baholashni ta’minlaydigan innovatsion diagnostika mexanizmlarini ishlab chiqish dolzarb ilmiy vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur maqolada pedagoglarning kasbiy faoliyatini baholashning multimodal diagnostik modeli nazariy va amaliy jihatdan asoslangan. Tadqiqot davomida kompetensiyaviy, tizimli, faoliyatli va raqamli pedagogika yondashuvlari integratsiyasi asosida baholash mezonlari hamda ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari, elektron portfolio, ta’limni boshqarish tizimlari (LMS), videodarslar tahlili va raqamli faoliyat izlari asosida pedagoglarning kasbiy rivojlanishini kompleks monitoring qilish imkoniyatlari yoritildi. Muallif tomonidan ishlab chiqilgan “MuhandislikWeb” axborot tizimi va “Muhandislar hisobi” moduli baholash jarayonini avtomatlashtirish, diagnostika natijalarining ishonchliligini oshirish hamda pedagoglarning individual kasbiy rivojlanish traektoriyasini shakllantirishga xizmat qilishi asoslab berildi. Tajriba-sinov natijalari taklif etilgan multimodal diagnostik modelning amaliy samaradorligini tasdiqlab, uning oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar faoliyatini baholash va boshqarish tizimini takomillashtirishda samarali vosita bo‘lishini ko‘rsatdi.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasining 2026 yilda qabul qilingan “Moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etishning konseptual asoslari” hamda IFRS Foundation tomonidan ishlab chiqilgan Conceptual Framework for Financial Reporting oʻrtasidagi oʻxshash va farqli jihatlar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida moliyaviy hisobotning maqsadi, foydali moliyaviy maʼlumotning sifat tavsiflari, aktivlar va majburiyatlarning taʼriflari, moliyaviy hisobot elementlarini tan olish, hisobdan chiqarish va baholash asoslari qiyosiy oʻrganildi. Shu bilan birga, milliy amaliyotda diskontlangan baholash usullarini qoʻllash, haqqoniy qiymatni aniqlash va professional mulohazalardan foydalanish boʻyicha qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari asosida milliy buxgalteriya hisobi tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqildi
Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligi faoliyati hisobini takomillashtirish masalasi tadqiq qilib o‘rganilgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi faoliyati hisobining metadologiyasini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida takomillashtirish bilan bog‘liq nazariy, normativ-huquqiy, uslubiy va amaliy muammolar o‘rganildi. Shuningdek, ularni bartaraf etish yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan nazariy, metodologik va amaliy ishlar ko‘rsatib berilgan holda xulosalar shakllantirilgan.
Maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida investitsion mulk hisobini tashkil etishning me’yoriy-huquqiy asoslari, investitsion mulkni tan olish, baholash va moliyaviy hisobotlarda aks ettirish masalalari o‘rganilgan. Shuningdek, investitsion mulk hisobini yuritishda uchraydigan asosiy muammolar, xususan, haqqoniy qiymatni aniqlashdagi murakkabliklar, normativ hujjatlarning turlicha talqin qilinishi, xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etishdagi qiyinchiliklar tahlil qilingan. Tadqiqot natijasida investitsion mulk hisobini takomillashtirish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlari talablarini keng joriy etish, nazorat tizimini kuchaytirish va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Бухгалтерия ҳисоби субъектлари амалиётида асосий воситаларга амортизация ҳисоблаш ва ҳисобга олиш, дастлабки тан олишда ва ундан кейинги қайта баҳолаш, ҳаққоний қийматини аниқлаш, қадрсизланишини текшириш ҳамда уларга доир ахборотларни молиявий ҳисоботда тўғри ва ишончли акс эттириш масалаларига оид муаммолар кўзга ташланмоқда. Ушбу мақолада, биз асосий воситаларнинг амортизацияси ҳисобининг амалдаги ҳолати ва уни такомиллаштириш масаласига батафсил тўхталиб, уларни такомиллаштириш бўйича таклиф ва тавсиялар бериб ўтдик
Mazkur maqolada korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida boshqaruv hisobi tizimini zamonaviy tahlil usullari asosida rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Boshqaruv hisobini an’anaviy hisob tizimidan boshqaruv qarorlarini qabul qilishni analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi vositaga aylantirish zarurati asoslab berilgan. Tadqiqotda umumilmiy va iqtisodiy-statistik usullar, jumladan, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil hamda ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalanilgan.Korxona faoliyati samaradorligining integral ko‘rsatkichiga boshqaruv hisobi tizimi rivojlanganlik darajasi, analitik usullardan foydalanish hamda hisob jarayonlarining raqamlashtirilganlik darajasining ta’sirini baholash uchun ko‘p omilli regressiya modeli taklif etilgan. Tadqiqot natijalari o‘rganilgan omillar bilan samaradorlik o‘rtasida barqaror ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi, bunda eng katta ta’sir zamonaviy analitik vositalar (KPI, omilli va marjinal tahlil) hissasiga to‘g‘ri keladi. Olingan natijalar asosida boshqaruv hisobi tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi, jumladan KPI tizimini joriy etish, analitik vositalarni rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish. Taklif etilgan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish hamda korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi
Мақолада хўжалик юритувчи субъектларда молиявий инструмент ҳисобланадиган дебиторлик қарздорликларига молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартларини асосида шубҳали дeбиторлик қарзлари бўйича резерв ҳисобини ташкил этишни такомиллаштириш тартиби очиб берилган. Бутун дунё бўйлаб сўнгги йилларда молиявий бозорларда молиявий инструментлар хилма-хиллиги ва мураккаблиги кескин ўсиб бормоқда. Молиявий инструментлар учун бухгалтерия ҳисоби амалиётида муаммо бўлиб ҳисобланади ва шунинг учун халқаро стандартлардан кенг фойдаланиш мақсадга мувофиқ.
Mazkur maqolada neft va gazni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish xarajatlari auditini metodik ta’minlashni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda muhim xatoliklar xavfini baholash, ichki nazorat tizimini tahlil qilish hamda auditning xalqaro standartlarini (AXS) qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq risklar tasnifi taklif etilgan hamda muhimlik darajasini aniqlashning bosqichma-bosqich yondashuvi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, audit jarayonlarini takomillashtirish va korxonalarda xarajatlarni boshqarish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan
Ushbu maqolada tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha hisoblashuvlar turli mamlakatlar hududida joylashgan davlatlar, fuqarolar o‘rtasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda vujudga keladigan moliya talabnomalari va majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlarni tashkil etish va nazorat qilish tizimidan foydalanish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilgan
Mazkur ilmiy tadqiqotda qishloq xo‘jaligida fermer va dehqon xo‘jaliklarining qaror qabul qilish jarayonida xulq-atvor omillarining ahamiyatini yoritadi. Tadqiqot adabiyotlar tahliliga asoslangan bo‘lib, unda ijtimoiy normalar, tavakkalchilikka munosabat va vaqt afzalliklari iqtisodiy qarorlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari ushbu omillarni hisobga olish qishloq xo‘jaligida samaradorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ekanligini ko‘rsatadi
Mazkur tadqiqotda 1980–2020 yillarni qamrab olgan yillik vaqt qatorlari ma’lumotlari asosida Turkiyada xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar (XTI)ning iqtisodiy o‘sishga sababiy ta’siri tahlil qilinadi. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi sifatida aholi jon boshiga real yalpi ichki mahsulot (YaIM)dan foydalanilgan. Ma’lumotlar Jahon banki va TurkStat kabi nufuzli xalqaro manbalardan olingan bo‘lib, barcha o‘zgaruvchilar statistik tahlilga moslashtirish maqsadida logarifmlashtirilgan. Integratsiya tartiblari turlicha bo‘lgan o‘zgaruvchilar mavjudligi sababli, aralash integratsiya tartiblariga nisbatan barqaror bo‘lgan Toda–Yamamoto sababiylik yondashuvi qo‘llanildi. Qatorlarning stasionarligi Kengaytirilgan Dikki–Faller va Phillips–Perron testlari yordamida tekshirildi, optimal lag uzunligi esa axborot mezonlari asosida aniqlangan. Modelning mosligini ta’minlash uchun avtokorrelyatsiya, geteroskedastiklik va strukturaviy barqarorlik bo‘yicha diagnostik testlar o‘tkazildi. Empirik natijalar 1% ahamiyatlilik darajasida XTIdan iqtisodiy o‘sishga yo‘nalgan statistik jihatdan ahamiyatli bir tomonlama sababiylik mavjudligini, aks yo‘nalishda esa sababiylik aniqlanmaganligini ko‘rsatdi. Ushbu natijalar XTI nafaqat tashqi kapital manbai, balki unumdorlikni oshirish, bilim va texnologiyalar transferini ta’minlash hamda tarkibiy transformatsiyani rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning strategik omili sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli ma’lumotlar bazasidan foydalanish va makroiqtisodiy tuzilmani hisobga olish orqali tadqiqot rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda XTI va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha adabiyotlarga metodologik jihatdan asoslangan va kontekstual ahamiyatga ega hissa qo‘shadi
Maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida dividend siyosatining nazariy asoslari, foydani taqsimlash mexanizmi va dividend to‘lovlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish masalalari tahlil qilingan. Dividend siyosatining moliyaviy barqarorlik, investitsion salohiyat va kapital tuzilmasiga ta’siri asoslab berilgan. Foydani taqsimlashda ishtirok etuvchi hisobvaraqlar korrespondensiyasi va amaliyotdagi muammolar ko‘rib chiqilgan. Talab qilib olinmagan dividendlarni hisobga olish bo‘yicha alohida ishchi hisobvarag‘ini joriy etish taklif etilgan. Natijalar dividend siyosatini korxona moliyaviy holati bilan muvofiqlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu maqolada barqarorlik hisobotining asosiy mezonlari hamda xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan standartlar — GRI (Global Reporting Initiative), IFRS S1 va IFRS S2, shuningdek TCFD (Task Force on Climate-related Financial Disclosures) tavsiyalari tahlil qilinadi. Barqarorlik hisobotining ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ko‘rsatkichlari orqali tashkilot faoliyatining uzoq muddatli barqarorligini baholashdagi o‘rni yoritib beriladi. GRI standartlarining manfaatdor tomonlar ehtiyojlariga yo‘naltirilganligi, IFRS S1 va S2 standartlarining moliyaviy ahamiyatga ega barqarorlik va iqlim bilan bog‘liq risk va imkoniyatlarni ochib berishga qaratilganligi hamda TCFD tavsiyalarining iqlimiy xavflarni boshqarishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijalari barqarorlik hisobotini shakllantirishda xalqaro standartlarning ahamiyatini aniqlashga xizmat qiladi.
Марказий Осиё мамлакатлари жумладан Ўзбекистон ва Қозоғистон ўртасидаги иқтисодий хамкорлигининг истиқболлари товар айрибошлаш, қўшма корхоналар, юк ташиш ҳажми, йирик кооперация лойихалари, туризм, саноат, энергетика ва қишлоқ хўжалиги соҳаларидаги ҳамкорликни кенгайтиришда мамлакатлар ўртасида бухгалтерия ҳисоби ва молиявий ҳисоботларни ҳам ўзаро интеграциясини таъминлашга қаратилган фикрлар келтириб ўтилган. Шунингдек, мамлакатимизда бухгалтерия ҳисоби ва молиявий ҳисоботни халқаро стандартларга мувофиқлаштиришда “Молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартларига ўтишнинг қўшимча чора-тадбирлари тўғрисида”ги ПҚ-4611-сонли қарорида белгиланган вазифалар ижросини таъминлаш бўйича амалий ишлар, Ўзбекистон ва Қозоғистон ўртасида бухгалтерия ҳисоби тизимининг ўзаро боғлиқ ва фарқли жиҳатлари бўйича илмий хулосалар шакллантирилган.