Maqolada O‘zbekistonda xalqaro moliyaviy resurslarni jalb qilishda mavjud tizimning muammoli jihatlarini aniqlash, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish hamda institutsional muvofiqlashtirishni takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Iqtisodiy jarayonlarning faol raqamli transformatsiyasi sharoitida elektron tijorat subyektlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida e-commerce sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar boshqaruv ko‘rsatkichlarini optimallashtirishga doir konseptual yondashuvlar va amaliy mexanizmlar tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida elektron biznesning institutsional muhiti, raqamli yetuklik darajasi va texnologik infratuzilmasi o‘rganilib, rivojlanishni cheklayotgan asosiy to‘siqlar aniqlangan. E’tibor integratsiyalashgan boshqaruv modelini joriy etish zarurati, jumladan, raqamli analitika, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlar bilan aloqani shaxsiylashtirish va zamonaviy platformaviy yechimlardan foydalanishga qaratiladi. Xalqaro tajriba bilan solishtirma tahlil asosida, O‘zbekiston sharoitiga mos holda e-commerce subyektlari faoliyat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish va elektron savdoning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.
Respublikamizda soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda yashirin aylanmani qisqartirish va Oʻzbekiston Respublikasi adolatli soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish maqsadida soliq maʼmurchiligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali soliq bazasini kengaytirish hamda soliq tizimida amalga oshirilayotgan ayrim muhim islohotlar oʻrganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qoʻllash boʻyicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада “Микрокредитбанк” АТБ мисолида банкнинг молиявий кўрсаткичлари амалий ҳолати, хусусан банкнинг кредит фаолияти билан боғлиқ кўрсаткичлар таҳлили ёритилган. Хусусан, тижорат банкининг активлар ва капитал рентабеллиги, муаммоли кредитлар ҳажми ва улар учун яратилган захиралар миқдори каби кўрсаткичларнинг 7 йилллик динамикаси таҳлил қилинган ҳолда илмий хулосалар шакллантирилган.
Xalqaro bank amaliyotida tijorat banklarining rentabelligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu nafaqat ularning moliyaviy barqarorligini saqlashga, balki bozor sharoitida raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi. Rentabellik darajasi yuqori bo‘lgan banklar o‘z moliyaviy vositachilik funksiyasini samaraliroq bajaradi, bu esa ularning iqtisodiyotdagi o‘rni va rolining mustahkamlanishiga olib keladi. Shu bois, dunyoning rivojlangan g‘arb davlatlari amaliyotida tijorat banklarining rentabelligini oshirish va barqarorligini ta’minlash masalalari moliya bozorida ularning raqobatbardoshligini kuchaytirishning eng ustuvor va dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Ular banklarning samarali faoliyat yuritishi, mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi hamda iqtisodiy rivojlanishga munosib hissa qo‘shishini ta’minlash uchun rentabellikni oshirishga katta e’tibor qaratadilar. Maqolada mamlakat tijorat banklari kreditlarining daromadliligini ta’minlashga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlaridan biri bo‘lgan kraudfanding tizimining xorijiy davlatlardagi qo‘llanilish tajribalari va ularning ishlash tamoyillari tahlil qilingan. Tadqiqotda AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Xitoy kabi mamlakatlar misolida kraudfanding platformalarining asosiy turlari – xayriya, mukofot asosida, qarz va aksiyadorlik shakllari o‘rganildi. Shuningdek, ushbu platformalarning moliyaviy vosita sifatida afzalliklari, xavf-xatar omillari hamda huquqiy-institutsional asoslari tahlil etildi. Tadqiqot natijalari kraudfandingning moliyaviy inklyuzivlikni oshirish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini asoslashga xizmat qiladi.
Maqola raqamlashtirish sharoitida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning investitsiya xatti-harakatlariga bagʻishlangan. Uy xoʻjaliklarining asosiy mulki shundaki, ularning barcha faoliyati yakuniy mahsulot va xizmatlarni isteʼmol qilish orqali oʻz xohish-istaklarini qondirishga qaratilgan. Ishlab chiqarish omillarining egalari sifatida ular tegishli kompensatsiya uchun ularni bozorda sotadilar va foyda oladilar ushbu jihatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar maqolada oʻz aksini topgan.
Ушбу мақолада Ўзбекистонда амалга оширилаётган солиқ ислоҳотлари ва тадбиркорлик субъектларига берилаётган солиқ имтиёзлари таҳлил қилинган. Солиқ имтиёзларининг моҳияти ва уларнинг мамлакат иқтисодиётига таъсири ўрганилган. Шу билан бир қаторда тадбиркорлик фаолиятини қўллаб-қуватлаш, инвестицияларни жалб қилиш, инновацион фаолиятни рағбатлантириш ҳамда экспорт салоҳиятини оширишда солиқ имтиёзларининг аҳамияти келтирилган. Солиқ имтиёзларни қўллашдаги мавжуд муаммолар ва уларни бартараф этиш йўналишлари тавсия этилган.
Бирлашган Миллатлар Ташкилотининг инсон ҳуқуқлари бўйича олий комиссияси томонидан таклиф қилинган кўрсатмаларда, аҳолининг турмуш даражасини баҳолаш учун кўрсаткичларни ишлаб чиқиш ва улардан фойдаланишда, биринчи навбатда, аҳолининг ўз тақдирини ўзи белгилаши ва иштирок этиш тамойилларига эътибор қаратган ҳолда, маълумотларга инсон ҳуқуқлари ёндашувига риоя қилиши кераклиги таъкидлаб ўтилган. Аҳолининг умумий даромадлари - доимий ёки такрорланувчи хусусиятга эга бўлган, йиллик ёки ундан кам вақт оралиғидаги даврда уй хўжалиги ёки унинг алоҳида аъзоларига тушадиган пул ва натура шаклидаги тушумлардан ташкил топади. Ушбу мақола халқаро ташкилотлар томонидан аҳоли даромадлари ва турмуш даражасини баҳолаш бўйича услубиётлар ҳамда улардан фойдаланиш йўналишларини ўрганишга қаратилган.
Mazkur maqolada AQShdagi Small Business Administration (SBA) tajribasi asosida kichik biznes subyektlarini tijorat banklari orqali moliyalashtirish mexanizmlarining samarador jihatlari o‘rganilgan. AQShdagi kredit kafolatlari, foiz stavkalarini tartibga solish, maslahat markazlari va raqamli infratuzilmalar asosida O‘zbekiston sharoitlariga mos strategik takliflar ishlab chiqilgan. Jumladan, kredit kafolatlarini kuchaytirish, “raqamli kafolat portali”ni joriy etish, maslahat markazlari tashkil etish, foiz stavkalarini tartibga solish va monitoring tizimini takomillashtirishga oid takliflar asoslab berilgan. Takliflar O‘zbekistonda kichik biznes kreditlash mexanizmlarining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan.
Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақолада тадбиркорлик фаолиятини баҳолаш методологиясини такомиллаштириш учун хориж тажрибасини таҳлилий ўрганиш, уни миллий шароитга татбиқ қилиш имкониятлари, ҳамда амалдаги статистик маълумотларга таянган ҳолда тавсиялар ишлаб чиқиш кўзда тутилган.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimida tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi tahlil qilinadi. Amaldagi me’yoriy-huquqiy baza, jumladan, “Sog‘liqni saqlash to‘g‘risida”gi Qonun (1996), “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun (2019), “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” (2022–2026) hamda Prezident farmonlari asosida tadbirkorlik sohasini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib beriladi. Xususiy tibbiyotning rivojlanishini cheklovchi muammolar ya’ni byurokratik jarayonlar, malakali kadrlar yetishmovchiligi va moliyaviy manbalar cheklanganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Maqolada tadbirkorlik subyektlarini majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga integratsiya qilish, hududlarda yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarurligi ta’kidlanadi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlat siyosati va xususiy tashabbus uyg‘unligi sog‘liqni saqlash tizimining barqaror va raqobatbardosh bo‘lishi uchun muhim ekanligi ilgari surilgan.
Мазкур мақолада Ўзбекистонда кичик ва ўрта тадбиркорликни ривожлантириш жараёнида яшил логистика концепциясини жорий этишнинг назарий‑методологик асослари таҳлил қилинди. Муаллифлар томонидан илгари сурилган «уч даражали» трансформация модели инфратузилма модернизацияси, операцион рақамлашув ва қиймат трансфери босқичларини қамраб олиб, яшил логистика амалиётини босқичма‑босқич татбиқ этишни таклиф этади.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ўзбекистонда баҳолаш хизматлари бозори (БХБ)нинг ривожланишида мустақил (холис) рейтинг баҳолаш институтлари (РБИ)нинг ролини ошириш иқтисодий шаффофлик, инвестицияларни жалб этиш ва корхоналарнинг глобал рақобатбардошлиги учун асосий омилдир. Мақолада Ўзбекистон Республикасининг баҳолаш соҳасидаги қонунчилик ишлари, РБИларининг мустақиллигини таъминлашнинг долзарб муаммолари, халқаро стандартларга (RICS, REV) мослаштириш зарурлиги, шунингдек, Давлат активларини бошқариш агентлигининг амалиётидаги баҳолаш тизимларининг натижадорлиги таҳлил қилинади. Янги баҳолаш мезонларининг жорий этилиши (KPI асосида) ва ҳудудларни ижтимоий-иқтисодий ривожлантиришда рейтинг тизимининг аҳамияти назарда тутилади. Тадқиқот натижаларига кўра, мустақил баҳолашнинг самарадорлигини ошириш учун кадрлар тайёрлаш, электрон ахборот платформаларини (БФЯАП) ривожлантириш ва халқаро тажрибалардан фойдаланиш таклиф этилади.
Maqolada O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etilishi hamda soliq tizimida amalga oshirilayotgan ayrim muhim islohotlar, barqarorlik reytingini xorij mamlakatlar tajribasi, reytingni aniqlash ko‘rsatkichlari va baholash metodikalari hamda uning mezonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan va sababchi omillar tahlil qilinib, ilmiy-amaliy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада инновацион лойиҳаларни венчур фондлари орқали молиялаштириш методологиясини такомиллаштириш масалалари таҳлил қилинади. АҚШ ва Ғарбий Европа мамлакатларининг тажрибаси асосида венчур молиялаштиришнинг асосий механизмлари, сармоядорларни жалб қилиш усуллари ва давлат томонидан қўллаб-қувватлаш чоралари ўрганилади. Шунингдек, Ўзбекистонда венчур молиялаштириш тизимини ривожлантириш учун зарур бўлган институционал ўзгаришлар, ҳуқуқий базани такомиллаштириш ва хусусий-давлат ҳамкорлигини кенгайтириш йўналишлари бўйича таклифлар ишлаб чиқилади. Тадқиқот натижалари Ўзбекистондаги инновацион тадбиркорликни қўллаб-қувватлаш ва венчур сармояларини жалб қилиш жараёнларини такомиллаштиришга қаратилган.
Maqola soliq tekshiruvi tadbirlarining byudjet tizimiga taʼsirini oʻrganish, ularning samaradorligi va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilishga bagʻishlangan. Maqolada soliq tekshiruvlarining asosiy maqsad va vazifalari, ularning byudjet uchun ijobiy va salbiy oqibatlari muhokama qilinadi. Soliq tekshiruvlarining soliq tushumlarini koʻpaytirish, soliq intizomini yaxshilash va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi taʼsiriga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqolada, shuningdek, yuqori maʼmuriy xarajatlar bilan bogʻliq muammolar, biznes muhitiga mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlar va samarasiz tekshirishlar natijasida yuzaga keladigan xavflar muhokama qilinadi. Soliq nazorati sohasidagi joriy tendensiyalar, jumladan, jarayonlarni avtomatlashtirish va katta maʼlumotlarni tahlil qilish texnologiyalaridan foydalanish tahlil qilinadi. Xulosa oʻrnida, soliq tekshiruvi tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari, xususan, raqamlashtirish, soliq inspektorlari malakasini oshirish va soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorlikning yanada shaffof tizimini yaratish kabilar alohida taʼkidlandi. Maqolada soliq tekshiruvlari samaradorligini va byudjet tizimining barqarorligini oshirish maqsadida ularni optimallashtirish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
Mazkur maqoladabankning kredit siyosati, uning bank resurslarini joylashtirishdagi o‘rni, tijorat banklari kredit siyosatining mezonlari va muammoli kreditlarni boshqarishning zamonaviy usullari haqida so‘z boradi. Shuningdek, maqola davomida tijorat banki kredit portfeli, uning mohiyati va shakllanishi masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Ushbu maqola ESG tamoyillarining korxonalarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashdagi o‘rnini o‘rganishga bag‘ishlanadi. ESG tamoyillari ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohalaridagi mas'uliyatlarni korxonalarning biznes faoliyatida amaliyotlarga tatbiq etish orqali nafaqat jamiyat va atrof-muhitga foyda keltirish, balki korxonaning uzoq muddatli rivojlanishini va barqarorligini ham ta'minlashga yordam beradi. Maqolada ESG tamoyillarining asosiy elementlari, ularning korxonalarning iqtisodiy samaradorligi va obro‘siga ta'siri hamda bu tamoyillarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan kompaniyalar misolida tahlil qilinadi.
Eng tez rivojlanayotgan iqtisodiy sanoat bo‘lgan turizm ko‘pchilik mamlakatlar uchun asosiy daromad ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi. Turizm nafaqat tadbirkorlik subyektlariga katta daromad manbai, balki aholi bandligi va iqtisodiy farovonligiga ham bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maqolada turizm eksportining jahon savdosida o‘ynaydigan muhim roli o‘rganilib, ularning YaIM, valyuta tushumlari va bandlikka qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, u global miqyosda sanoatdagi pandemiyadan oldingi va keyingi vaziyatni o‘rganadi va sektor duch keladigan muammolar va imkoniyatlarni ko‘rib chiqadi. Topilmalar turizmning iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi ahamiyatini va PEST tahlili orqali sanoatda barqaror amaliyotlar zarurligini ta’kidlaydi.
Maqolada biznesni raqamlashtirish jarayonida yosh tadbirkorlar duch keladigan asosiy muammolar muhokama qilinadi. Texnologik va moliyaviy to‘siqlar jumladan, yangi raqamli yechimlarni amalga oshirish uchun mablag‘ yetishmasligi va tadbirkorlarning raqamli savodxonligi pastligi tahlil qilingan. Shuningdek, u tashkiliy madaniyatning o'zgarishi bilan bog'liq ijtimoiy-madaniy to'siqlar va raqamli transformatsiyaning noaniqligi bilan bog'liq xavflarga e'tibor qaratadi. Maqolada, shuningdek, ushbu muammolarni bartaraf etish bo'yicha tavsiyalar, jumladan, institutsional yordam yaratish, ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va moliyaviy inklyuzivlikni yaxshilash zarurati muhokama qilinadi. Olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari, shuningdek, kichik va o'rta biznesni raqamlashtirishni qo'llab-quvvatlovchi tashkilotlarning ma'lumotlari taqdim etilgan.
Maqolada O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot sharoitida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish, qashshoqlikni kamaytirish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan asosiy qonuniy hujjatlar va strategiyalar tahlil qilingan. Shuningdek, oilaviy korxonalar sonining o‘sishi va ularning mamlakat sanoat ishlab chiqarishiga qo‘shgan hissasi haqidagi statistik ma'lumotlar keltirilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Ijtimoiy rivojlanish keng koʻlamli masalalar, xususan, qashshoqlikka barham berish, ish oʻrinlarini yaratish, kooperatsiya, insonning qarish jarayoni, yoshlar, oila, ijtimoiy integratsiya, nogironlik v a shu kabi samarali fuqarolik jamiyatini barpo etish bilan bogʻliq masalalarni oʻz ichiga qamrab oladi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada ijtimoiy sohalarni rivojlantirishni moliyalashtirish orqali jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash masalalari muhokama qilingan.