Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Ushbu maqolada tijorat banklarida yashil moliya mahsulotlarini rivojlantirish va innovatsion mahsulotlar yaratish istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar, ESG investitsiyalari va yashil obligatsiyalar banklar faoliyatida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Shuningdek, banklarda ekologik risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik, yosh xodimlar va innovatsion g‘oyalarni jalb qilish ham muhim strategik yo‘nalishlar sifatida aniqlangan.
Mazkur maqolada tijorat banklarida muammoli kreditlarning yuzaga kelish omillari hamda ularning bank aktivlari sifatiga ta’siri yoritilgan. Tadqiqot davomida muammoli kreditlarning shakllanishiga olib keluvchi mikro va makro omillar tizimli ravishda tahlil qilindi. Shuningdek, muammoli kreditlarni samarali boshqarish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan strategiyalar ko‘rib chiqildi. Maqolada ta’kidlanishicha, muammoli kreditlarning o‘sishi banklarning moliyaviy barqarorligi va rentabelligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ularni boshqarishda maxsus bo‘linmalar faoliyati, qarz oluvchilar moliyaviy holatini baholash va qayta restrukturizatsiya kabi usullar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqola turizm infratuzilmasini innovatsion rivojlantirishda asosiy manbalar tahliliga bag‘ishlangan. Turizm infratuzilmasi mamlakatlar iqtisodiyoti va xalqaro imidjini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Maqolada raqamli platformalar va mobil ilovalar, IoT (Internet of Things) texnologiyalari, moliyaviy manbalar, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimlari, hamda tashkiliy manbalar kabi turizm infratuzilmasining innovatsion rivojlantirishdagi asosiy omillar ko‘rib chiqiladi.
Mazkur maqolada Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun investitsiyalar, kredit va moliyaviy resurslarni jalb etish holati tahlil qilinadi. Xususan, moliyalashtirishdagi asosiy muammolar, garov taʼminoti, infratuzilma yetishmovchiligi va huquqiy toʻsiqlar koʻrib chiqiladi. Shuningdek, ekologik jihatlar, barqaror turizm, yashil texnologiyalar va ekoturizm imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Deskriptiv, komparativ, ekologik va SWOT tahlillar asosida asosiy muammolar, imkoniyatlar hamda barqaror turizm rivoji uchun strategik takliflar ishlab chiqilgan.