Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Ушбу мақола ислом молия институтларида бухгалтерия ҳисобини юритишнинг ўзига хос жиҳатлари ҳамда савдо шартномаларидан бири бўлган муробаҳа шартномаси ҳисобини юритиш тартибини ёритиб беради. Муробаҳани молиялаштириш бўйича асосий фикрлар берилади, хужжатларда у билан боғлиқ операцияларни баёнига алоҳида тўхталади. Жумладан, муробаҳани ёритишда молия муассасаси томонидан танлаб олинган усулнинг ўзига хос жиҳатлари, шунингдек, ислом молия институтларида бухгалтерия ҳисобини юритиш тартиби, анъанавий ва ислом банкларида бухгалтерия ҳисобини юритишдаги ўхшашлик ва фарқли жиҳатлари муҳокама қилинади. Хулосада муробаҳа савдо шартномасини амалга ошириш ҳисоби бўйича асосий фикрлар тақдим этилади.