IFRS S1 (International Financial Reporting Standards) barqarorlik bilan bog‘liq moliyaviy axborotlarni oshkor qilish bo‘yicha umumiy talablarni belgilaydi. Ushbu standartning asosiy maqsadi tashkilotlarga barqarorlikka oid risklar va imkoniyatlar haqida aniq va shaffof axborot taqdim etishga yordam berishdir. IFRS S1, moliyaviy hisobotlar orqali tashkilotlarning barqarorlik bilan bog‘liq risklari va imkoniyatlari haqida muhim axborotni oshkor qilishni ta’minlaydi, bu esa investitsiya qarorlarini qabul qilishda foydalanuvchilarga yordam beradi.IFRS S1 moliyaviy hisobotlarda barqarorlikka oid ma’lumotlarni oshkor qilishni yagona formatda talab qiladi, natijada global moliyaviy hisobotlarning taqqoslanishini va tushunarli bo‘lishini ta’minlaydi. Bu standart moliyaviy boshqaruvni optimallashtirish va tashkilotlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qiladi. Mazkur maqolada korxona barqarorligi bilan bog‘liq moliyaviy axborotlarning moliyaviy hisobotlarda aks ettirilish jarayonlari ko‘rib chiqilgan
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.