Ushbu tadqiqotda Oʻrta Osiyo davlatlari suv tanqisligining iqtisodiy oʻsishga taʼsiri ekonometrik panel modellari orqali tahlil qilindi. Uzoq muddatli panel maʼlumotlarini tahlil qilish uchun biz Pooled regression model, fixed effect model va random effect modellari orqali 1990-2023 yillar va 5 ta davlat yillik maʼlumotlarini modellashtirdik. Model qurib boʻlgach ularni turli statistik testlar orqali diagnostik testlar bilan tekshirdik. Yuqoridagi modellarni solishtirish natijasida panel maʼlumotlarimizga eng mos keladigan model bu Pooled regression model ekanligini aniqladik. Ushbu model koʻrsatkichlari asosida Oʻrta Osiyo mamlakatlarida suv tanqisligining oshib borishi iqtisodiy oʻsishga salbiy taʼsir etayotganligi aniqlandi. Suv tanqisligining har bir birlikka oshishi yalpi ichki mahsulotni 0.0166 birlikka kamayishiga olib keladi. Natijalar yuqori suv tanqisligiga uchrayotgan davlatlar suv resurslarini boshqarishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab, tanqislikni kamaytirish infratuzilmalarini yaratib, suvni tejash siyosatini amalga oshirishi kerakligini ko‘rsatdi.
Mazkur ishda tijorat banklarining barqarorligini ta’minlovchi aktivlar tarkibi va ularga ta’sir qiluvchi omillar ekonometriya usullari yordamida tahlil qilingan. Tadqiqotda banklarning aktiv sifati, likvidlik ko‘rsatkichlari, kredit portfeli tuzilishi hamda tashqi iqtisodiy omillar kabi omillarni o‘rganish asosiy maqsad qilib olingan. Ekonometriya usullari orqali olingan natijalar tijorat banklari barqarorligini oshirishda muhim qarorlarni qabul qilishda yordam beradi. Tadqiqotning amaliy ahamiyati shundaki, u bank faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan strategiyalarni shakllantirishda metodik asos vazifasini bajaradi.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekistonning mahalliy budjetlariga 2021-2024 yillarda tushgan soliq daromadlari va ularning tarkibi tahlil qilindi. Deskriptiv statistika usuli, vizualizatsiya hamda panel ma’lumotlar strukturasi asosida yondashuv qo‘llanildi. Tahlil natijalari soliq bazasining diversifikatsiyalanayotgani va budjet daromadlarining mustahkamlanayotgani ko‘rsatdi. Xulosalarda mahalliy budjetlar barqarorligini ta’minlash, soliq siyosatini takomillashtirish va daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha amaliy tavsiyalar keltirilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy barqarorlikni saqlash va mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.