Mazkur maqolada soliq hisobotlarini shakllantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini elektron hujjatlashtirish orqali soliq ma’murchiligini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqotda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vakolatini soliq organlariga o‘tkazish va mazkur majburiyatni soliq to‘lovchilar zimmasidan chiqarish zarurligi asoslab berilgan. Ushbu yondashuv soliq to‘lovchilarning ma’muriy yukini kamaytirish, hisobotlarni shakllantirishda inson omili ta’sirini cheklash, soliq organlari axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda soliq intizomini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga xarid qilishda kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibini umumiy ovqatlanish va eksport qiluvchi korxonalar doirasidan kengaytirib, barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etish taklifi ishlab chiqilgan. Mazkur taklif naqd pul aylanmalarining shaffofligini oshirish, xarid operatsiyalarini rasmiylashtirish, soliq bazasini aniqlashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston soliq tizimining raqamli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinishi jarayoni har tomonlama tahlil qilinadi. Raqamlashtirishning mohiyati, soliq ma’muriyati samaradorligini oshirishdagi o‘rni hamda davlat boshqaruvi tizimida tutgan o‘ziga xos strategik ahamiyati ochib beriladi. Shuningdek, raqamli islohotlarning amaliy natijalari sifatida elektron hujjat almashinuvi tizimi, onlayn soliq deklaratsiyalarini topshirish platformalari, soliq to‘lovchilar kabineti, axborot xavfsizligi infratuzilmasi, soliq organlari o‘rtasidagi integratsiyalashgan ma’lumotlar bazalari va avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari kiritilishi batafsil o‘rganiladi. Bundan tashqari, raqamlashtirish jarayonida uchrayotgan asosiy muammolar hududlar o‘rtasidagi infratuzilma tafovutlari, internet tezligi va texnik ta’minot yetishmovchiligi, aholining va tadbirkorlarning raqamli savodxonlik darajasining pastligi, qonunchilikdagi bo‘shliqlar hamda kiberxavfsizlik xavflari batafsil tahlil etiladi. Raqamli tizimlarni joriy etish jarayonida uchraydigan tashkiliy, iqtisodiy va texnik to‘siqlar bilan birga ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi. Maqola natijalarida soliq tizimini modernizatsiya qilish orqali shaffoflikni oshirish, soliq ma’muriyati xarajatlarini qisqartirish, inson omiliga bog‘liq xatoliklarni kamaytirish va soliq to‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratishning samarali mexanizmlari yoritiladi. Tadqiqot natijalari soliq organlari, iqtisodchi-mutaxassislar, tadbirkorlik subyektlari va raqamlashtirish siyosatini amalga oshirayotgan davlat institutlari uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqaror ta’minlashda soliq nazorati tadbirlarining o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. 2019-2024-yillar davrida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida undirilgan soliqlar hajmi dinamikasi o‘rganilib, soliq nazoratining davlat moliyasini boshqarishdagi fiskal samaradorligi ochib berilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari asosida soliq nazoratining raqamli transformatsiyasi, risk tahliliga asoslangan yondashuvlar hamda profilaktik nazorat mexanizmlarining amaliy afzalliklari yoritilgan. Shuningdek, soliq tekshiruvlarini takomillashtirish, nazorat natijalarini oshkoralik va iqtisodiy tahlil orqali baholashga oid takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari soliqqa oid siyosatni takomillashtirish va byudjet barqarorligini mustahkamlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Maqola soliq organlari faoliyatining baholanish tartiblari, baholashning asosiy maqsadlari, bu borada ilmiy izlanishlar olib borgan olimlar, ularning qarashlari, soliq organlari faoliyati samaradorligini baholovchi ko‘rsatkichlar ularning mazmun-mohiyati, xorijiy mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasi soliq organlari faoliyatining samaradorligi va ularning bugungi kundagi holati haqida tushuncha beradi.
Ushbu maqolada soliqlarni undirish mexanizmini takomillashtirish, soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish va taʼlimni yaxshilash, soliq tizimi va tartiblarini soddalashtirish, soliq toʻlovchilar va soliq organlari oʻrtasida samarali aloqa kanallarini rivojlantirish soliqlarni undirish mexanizmlarini takomillashtirish, bundan tashqari, adolatga boʻlgan ishonch va idrokni shakllantirish va samarali majburlov choralarini qoʻllash ham muvofiqlikni oshirish, munosabatlarni rivojlantirish tendensiyalarining nazariy va amaliy jihatlari yoritib berilgan.
O‘zbekistonda raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanishi tufayli soliq qarzini undirish manzarasi o‘zgarib bormoqda. Soliq qarzlarini undirish uchun soliq organlari tomonidan qo'llaniladigan rivojlanayotgan mexanizmni o'rganadi va raqamlashtirishning samaradorlik, shaffoflik va qonunlarga rioya qilishga ta'sirini ta'kidlaydi. Raqamli infratuzilmaning hozirgi holati va uning soliq undirish jarayonlariga integratsiyalashuvini tahlil qilish orqali dinamik muhitda yuzaga keladigan imkoniyatlar va muammolarni yoritib beradi.
Maqolada soliq organlari xodimlarining mahallada ish faoliyatini tashkil etilishi, uning huquqiy asoslari, rivojlanish tendensiyalari, bugungi kundagi holati, shuningdek, soliq organlari xodimlarining mahallada ish faoliyatini tashkil etilishi natijasida davlat va mahalliy budjetlar daromad manbalarining oshishiga ko‘rsatgan ta’siri bo‘yicha tegishli ma’lumot, taklif va tavsiyalar berilgan.
Maqolada yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar yoritib berilgan. Jismoniy shaxslar daromadlarini soliqqa tortish budjetlar daromadlarini shakllantirishdagi ahamiyatini oshirish yuzasidan tartib va amaliy tavsiyalar taklif etildi. Bundan tashqari, Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni soliqqa tortishning amaldagi holati bo‘yicha tadqiqot olib borilgan bo‘lib, mavzu doirasida iqtisodchi olimlarning tadqiqotlari o‘rganilib, xulosa va takliflar shakllantirildi.