O‘zbekistondagi soliq tizimi so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida o‘zgarib borayotgan bo‘lib, ushbu jarayonda soliq qonunchiligi murakkabligi, raqamlashtirish jarayonining to‘liq yakunlanmagani va soliq to‘lovchilar iqtisodiy barqarorligiga ta’sir etuvchi moliyaviy xatarlar yuzaga kelmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida soliq risklarini boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari o‘rganilgan. Maqolada soliq risklarini boshqarish uchun taklif qilingan usullar – qonunchilikni soddalashtirish, raqamlashtirish va soliq nazoratini kuchaytirish kabi chora-tadbirlar bayon etilgan. Shu bilan birga, soliq tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan konkret takliflar keltirilgan. Maqola soliq tizimi samaradorligini oshirish va mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shishga qaratilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston soliq tizimining raqamli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinishi jarayoni har tomonlama tahlil qilinadi. Raqamlashtirishning mohiyati, soliq ma’muriyati samaradorligini oshirishdagi o‘rni hamda davlat boshqaruvi tizimida tutgan o‘ziga xos strategik ahamiyati ochib beriladi. Shuningdek, raqamli islohotlarning amaliy natijalari sifatida elektron hujjat almashinuvi tizimi, onlayn soliq deklaratsiyalarini topshirish platformalari, soliq to‘lovchilar kabineti, axborot xavfsizligi infratuzilmasi, soliq organlari o‘rtasidagi integratsiyalashgan ma’lumotlar bazalari va avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari kiritilishi batafsil o‘rganiladi. Bundan tashqari, raqamlashtirish jarayonida uchrayotgan asosiy muammolar hududlar o‘rtasidagi infratuzilma tafovutlari, internet tezligi va texnik ta’minot yetishmovchiligi, aholining va tadbirkorlarning raqamli savodxonlik darajasining pastligi, qonunchilikdagi bo‘shliqlar hamda kiberxavfsizlik xavflari batafsil tahlil etiladi. Raqamli tizimlarni joriy etish jarayonida uchraydigan tashkiliy, iqtisodiy va texnik to‘siqlar bilan birga ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi. Maqola natijalarida soliq tizimini modernizatsiya qilish orqali shaffoflikni oshirish, soliq ma’muriyati xarajatlarini qisqartirish, inson omiliga bog‘liq xatoliklarni kamaytirish va soliq to‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratishning samarali mexanizmlari yoritiladi. Tadqiqot natijalari soliq organlari, iqtisodchi-mutaxassislar, tadbirkorlik subyektlari va raqamlashtirish siyosatini amalga oshirayotgan davlat institutlari uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.