Mazkur maqolada moliyaviy rejalashtirish iqtisodiy boshqaruv tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi yoritilgan. Uning asosiy mazmuni mavjud moliyaviy resurslarni aniq maqsadlarga yo‘naltirish, ulardan samarali foydalanish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdan iboratdir. Moliyaviy rejalashtirish orqali davlat budjeti, korxona moliyasi va aholi daromadlari o‘zaro uyg‘unlashtiriladi, resurslarni taqsimlashda mutanosiblik saqlanadi hamda ustuvor yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Moliyaviy rejalashtirishning ijtimoiy ahamiyati aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy sohalarni (ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqalar) qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni kamaytirish va bandlikni ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Iqtisodiy jihatdan esa, u makroiqtisodiy barqarorlikka, investitsiya muhitini yaxshilashga, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada oliy ta’lim muassasalari boshqaruv xodimlarining kasbiy tayyorgarligini rivojlantirish uchun davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘llari o‘rganilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasi, budjet mablag‘larini taqsimlashning xalqaro ilg‘or tajribasi tahlil qilingan hamda moliyaviy resurslarni optimallashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Natijaga yo‘naltirilgan budjetlashtirish mexanizmlari, shaffoflik tamoyillari va institutsional salohiyatni oshirish yondashuvlari ko‘rib chiqilgan. Budjet taqsimlash samaradorligi va rahbar kadrlarni rivojlantirish dasturlari sifati o‘rtasidagi bog‘liqlikga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, davlat budjeti resurslarini strategik taqsimlash, institutlar avtonomiyasi va hisobdorlik mexanizmlari bilan birgalikda oliy ta’limda boshqaruv kompetensiyalarining barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.