Ushbu maqolada budjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashda nodavlat moliyaviy nazoratning ahamiyati hamda uning o‘rnini kengaytirish masalalari tahlil qilingan. Davlat moliyaviy nazorati bilan bir qatorda nodavlat moliyaviy nazorat shakllari, xususan mustaqil audit, jamoatchilik nazorati va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki budjet jarayonlarida shaffoflik hamda hisobdorlikni oshirishda muhim omil ekanligi asoslab berilgan. Shuningdek, xorijiy tajriba o‘rganilib, milliy amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақолада давлат харидлари соҳасида рақамли технологияларни жорий этишнинг халқаро амалиёти таҳлил қилинади. АҚШ, Европа Иттифоқи, Жанубий Корея ва Сингапур каби давлатлар тажрибаси асосида электрон харид платформалари, автоматлаштирилган баҳолаш тизимлари, блокчейн ва сунъий интеллект технологияларини жорий этишнинг самарадорлиги ўрганилади. Шунингдек, очиқ маълумотлар, ижтимоий назорат, кичик бизнесни жалб этиш ва қонунчилик базасини такомиллаштириш орқали соҳада шаффофликни оширишга оид таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилади.
Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi jarayonida generativ sun’iy intellektning o‘rni, xususan, uni joriy etish samaradorligini baholash hamda texnologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda generativ sun’iy intellekt ishlab chiqarish, moliya, logistika, davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, operatsion tezlikni jadallashtirish, qaror qabul qilish sifatini yaxshilash hamda innovatsion salohiyatni kuchaytirishda strategik vosita sifatida namoyon bo‘layotgani asoslab berilgan. Shu bilan birga, uning afzalliklari bilan bir qatorda ma’lumotlar sizib chiqishi, modeldan noto‘g‘ri foydalanish, shaxsiy daxlsizlik buzilishi, ishonchsiz natijalar va kiberxavfsizlikka oid zaifliklar kabi jiddiy texnologik xatarlar ham mavjudligi ta’kidlangan. Tadqiqot OECD, Jahon banki, NIST hamda tarmoqqa oid ochiq manbali ilmiy va institutsional adabiyotlarning sifatli qiyosiy tahliliga asoslangan. Natijalar generativ sun’iy intellekt samaradorligini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va texnologik xavfsizlik mezonlarini birlashtirgan ikki tomonlama yondashuv asosida baholash zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa sifatida, ushbu texnologiyani barqaror joriy etish uchun nafaqat raqamli infratuzilma va tashkiliy moslashuv, balki kuchli boshqaruv mexanizmlari, inson nazorati hamda uzluksiz risk monitoringi talab etilishi qayd etilgan.